Qadimgi masjid binosi novvoyxona uchun tadbirkorlarga sotib yuborilganmi? — vaziyat oʻrganildi

18:26 25 May 2020 Madaniyat
966 0

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Buxoro viloyat kengashi va partiyadan xalq deputatlari Buxoro tuman Kengashiga saylangan deputatlar partiyaning 2020-2024-yillarga moʻljallangan Saylovoldi dasturiga muvofiq, ijtimoiy tarmoqlar va telegram kanallarda keng tarqalgan Buxoro tumanidagi “Fayzixon” masjidi oʻrnida novvoyxona qurilar ekan“, degan xabar asosida asl holatni joyida oʻrganmoqda.

Darhaqiqat, soʻnggi kunlarda Buxoro tumani Xonobod mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan Fayzixon masjidi binosining novvoyxona sifatida tadbirkorlarga sotilgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab boʻlmoqda.

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan saylangan xalq deputatlari Buxoro tuman Kengashi deputati Sunnat Shukurov, bir guruh partiya faollari hamda Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻrganishlar jarayonida ushbu obyektda novvoyxona mavjudligi aniqlanmadi.

Qolaversa, bu yerdan ilgari ham nonvoyxona sifatida foydalanilganligi xususidagi belgi yoki alomatlar kuzatilmadi. “Nonvoyxona” yozuviga kelsak, shunchaki mahallada boʻsh turgan obyektdan samarali foydalanish uchun mahalla aholisi tomonidan, binoga tutash qarovsiz yerda mahalla nonvoyxonasi barpo etish taklifi ilgari surilgan, yozuv oʻrnatilgan, ammo qurilish ishlari hali boshlanmaganligi maʼlum boʻldi. Bu yerda yer yoki binoni sotish haqida gap-soʻz boʻlmagan.

Tarixiy inshoot sifatida qayd etilayotgan mazkur binodagi holat boʻyicha tegishli tartibda oʻrganish olib borildi. Oʻrganish jarayonida mahalla fuqarolar yigʻini raisi Dilmurod Fayzullayev ham ishtirok etdi.

— “Fayzixon” masjidi “Xonobod” aholi punkti orasida joylashgan boʻlib, taxminan 6 sotixdan iborat. Masjid peshtoqida masjid hijriy 1138, melodiy 1717-yilda qurilganligi va melodiy 1924-yilda qayta taʼmirlanganligi qayd etilgan. Bino peshtoqida mahalliy aholi vakillari tomonidan inshootni taʼmirlash chogʻida uning 1717-yilda barpo etilganligi toʻgʻrisida lavha oʻrnatilgan. Masjidning fasad qismi mustaqillik yillarida qayta taʼmirlangan. Masjidning ayvonidagi va ichkari qismidagi ustunlarida eski arab alifbosida bitiklar bitilgan boʻlib, ular asl holicha yaxshi saqlanib kelinmoqda, – deydi D.Fayzullayev.

Partiya faollari va deputatlarning tashabbusi bilan “Fayzixon” masjidi toʻliq Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti Buxoro boshqarmasi hisobiga oʻtkaziladi va u muhofazaga olinadi.

Mazkur inshootni madaniy meros obyekti sifatida roʻyxatga olish yuzasidan tuman hokimligi bilan tegishli rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda.

Feruzbek Abdullayev,

OʻzMTDP Buxoro viloyat Kengashi devon rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?