Qadimda Buxorodagi koʻchalardan birining nomi nega “Haqiqat yoʻli” deb atalgan?

11:13 09 Noyabr 2020 Welcome to uzbekistan
319 0

Yurtimizda ne-ne buyuk zotlar yashab oʻtmagan, deysiz. Ulardan birini buxoroliklar hali-hanuzgacha Imomi Hojatbaror (Mushkulni oson qiluvchi Imom), Hazrati Imom deya ulugʻlashadi. Biz milodiy 767-yilda tugʻilgan Abu Hafs Kabir Buxoriyni nazarda tutayapmiz.

— Qadimgi kitoblarda Hazrati Imomni Abu Hafsi Kabir (Ulugʻ, Katta) deb bitilgan, — deya yozadi Buxoro tarixi bilimdonlaridan biri, tarix fanlari nomzodi Bahodir Qazoqov. — Abu Hafsi Sagʻir (Kichik) esa oʻgʻlining ismidir. U islom huquqshunosligini mukammal oʻzlashtirgan, shariat asoslarini puxta bilgan donishmand inson boʻlgan. Bunga Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida yozilgan quyidagi satrlar ham guvohlik beradi: ”U kishi singari huquqshunos Buxoroda yoʻq edi va u kishi Buxoroning faxri, ham zohid (yaʼni parhezkor), ham olim edi. Buxoro u kishi tufayli Qubbat ul – islom yaʼni islomning eng yuksak nuqtasiga aylandi...Imomlar (yaʼni buyuk olimlar) va olimlar hurmatli boʻldilar. Bunga sababchi Abu Hafsi Kabir boʻlgandir”.

Darhaqiqat, tarixiy manbalarda, jumladan, «Kitobi Mullozoda»da ham Abu Hafs Kabirning chuqur bilim egasi, odamlarni oʻylantirgan masalalar yechimini oqilona topa olgan imom ekanligi alohida eʼtirof etilgan.

Biz esa yana “Buxoro tarixi” asariga murojaat qilamiz.”...Hojilar karvoni hajdan qaytib kelayotganida ularning ulamolari Xoja Abu Hafs oldiga kelib, undan masʼala soʻrar edilar, — deya yozadi Narshaxiy. — Shunda Abu Hafs: ”Oʻzing-ku Iroqdan kelyapsan, nima uchun Iroq olimlaridan soʻramading?” —  deganda, u olim:”Bu masʼalada Iroq olimlari bilan munozara qildim, ular javob bera olmadilar va menga Buxoroga borganingda bu masʼalani Xoja Imom Abu Hafs Kabir Buxoriydan yoki uning farzandlaridan soʻra!” — dedilar.

Ana shundan keyin Abu Hafs ularning masʼalasi javobini toʻgʻri yechar edi”.

Tarixiy manbalarda aytilishicha, bu buyuk zot yoshu qarini ilm olishga va unga qatʼiy amal qilishga daʼvat etgan.Oddiy odamlarga islom huquqshunosligi qoidalarini tushunarli qilib bayon etgan.Kishi borki, oʻz muammosini hal etmoq uchun uning huzuriga borgan.

— Shu boisdan ham qadimgi shahar ( shahriston) shimoliy darvozasidan Imomning manziliga olib boradigan koʻchani aholi «Haqrah» yaʼni “Haqiqat yoʻli” deb atagan, — deydi B. Qazoqov. — Hazrati Imom milodiy 832-yilda Buxoroda vafot etgan va shaharning shimoliy darvozasi yaqinida dafn qilingan.

Alohida taʼkidlamoqchimizki, mustaqillik sharofati bilan bu goʻsha obod manzilga aylandi.Hazratning mahobatli maqbarasi qad rostladi.Bu yerda shuningdek, Abu Hafs Kabir jomeʼ masjidi ham faoliyat yuritmoqda.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?