Qachongacha qishloq ayollari oʻtin uchun ketmon chopadi?

17:27 12 Aprel 2019 Jamiyat
346 0

Aytishlaricha, janubiy viloyatlarda fermerlar mavsumiy ishchilarni yollay boshlabdi. Ochiqrogʻi, ketmonchi xotin-qizlarga yarim-bir gektardan gʻoʻza maydonlari boʻlib berilmoqda, deb yozmoqda “Xolis fikr” telegram kanali.

Har bahorda shu boʻlar takror, deganiday bu yilgi bu tadbirning ham farqli tomonlari yoʻq. Qishloq ayollari chekiga tushgan shu maydonda endi yerni yorib chiqqan chigitlarni papalab parvarishlab beradi.

Boshlab yagana qiladi. Chigit quyuqroq chiqqan boʻlsa, nihollarni yana bir siyraklatib chiqadi. Keyin chopiqqa tushadi, gʻoʻzalar to shonalagunicha kamida 4-5 marta ketmonda tagini yumshatadi. Bularning orasida begona oʻtlarni oʻrib chiqadi. Hatto, chekanka qilish ham qiz-juvonlarning gardaniga tushgan.

Shuncha ishga qancha haq oladi, dersiz. Hech qancha, umuman, pul olishmaydi, desam ishonasizmi?! Gʻoʻzapoya uchun ishlashadi! Sal vijdoni qiynalgan ayrim fermerlargina ikki quloq niholni daromad manbaiga aylantirib bergani uchun gektariga atigi 60-100 ming soʻm haq berishar ekan, xolos. Bu ham oyiga emas, butun mavsum uchun! Qoyilmisiz?!

Tomoshaning qizigʻi kuzda boʻladi. Fermer traktorida “korchevka” qilib bergani uchun xotin-xalajning oʻtiniga ham koʻz tikadi. Har gektaridan 24 qatordan gʻoʻzapoya olib qolib, uniyam pullaydi. Insof ham kerak-da, janob fermer! Lekin bu gapni hech kim aytolganicha yoʻq. Koʻklamdan kuzgacha ketmon chopgan, oʻtini yulgan ayollarning oʻzlari ham. Qanday aytsin?! Olis yurtlarga yetib borgan gaz qishloqqacha yetolmayotgan boʻlsa, qish davomida koʻmir tugul, uning kuliniyam koʻrmayotgan boʻlsa...

Qishloq xoʻjaligidagi bu kabi mehnat shaklini tarix fanlarida hijjalab oʻqiganimiz zodagon va qullar munosabatiga oʻxshataman. Bu hol yana qancha davom etarkan-a? Xorijda mehnat qilayotgan hamyurtdarimiz huquqini yetarlicha himoya qilolmayotgan mutasaddilar hech boʻlmasa qishloq ayollarini ozgina qoʻllasa, boʻlmasmikan?! Yoki Xotin-qizlar qoʻmitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bu holdan bexabarmi?! Bunga ishonish qiyin-ov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?