“Qachongacha oʻzbek tilida gapirishga qoʻrqamiz?”

14:52 13 Oktyabr 2020 Jamiyat
147 0

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir oʻqituvchining ruscha soʻzlarni notoʻgʻri talaffuz qilgani haqida video tarqaldi. Koʻrib, eʼtibor bermagandim. Ammo oradan ikki kun oʻtib videoga masxaromuz ohangda qoldirilgan “post”larni oʻqib, bir oʻzbek sifatida jahlim chiqdi. Yana “post” qoldirganlarning barchasi millatdoshlarim.

Birinchidan, oʻqituvchi ham odam, adashishi tabiiy. Qolaversa, otadek ulugʻ sanalgan ustozlarni masxara qilishga hech kimning haqqi yoʻq. Ikkinchidan, uning rus tili oʻqituvchisi emasligi, uni kimdir shu tilda gapirishga majbur qilgan koʻrinib turibdi. Shunday ekan, u rus tilida gapirishga majbur emas.

“Onlayn” darslarni kuzatsangiz, rus tili darsini oʻtayotgan rus millatiga mansub ustozlarning baʼzan oʻzbekcha soʻzlarni, «q», «gʻ», «oʻ» harflarini toʻgʻri talaffuz qilolmayotgani, qilsa-da, shevada gapirayotganiga koʻp guvoh boʻlasiz. Lekin bu haqda hech kim gapirayotgani yoʻq. Nima, oʻzbek ustozlarning rus tilida toʻgʻri gapirolmagani aybu, rus ustozlarning oʻzbek soʻzlarini buzib gapirayotgani ayb emasmi?!

Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga yaqinda 31 yil toʻladi. Millatchilik qilmoqchi emasman, ammo shuncha yildan beri yurtimizda yashayotgan boshqa millat vakillarga Ona tilimizni oʻrgatishga umuman eʼtibor qaratmadik, hali ham qaratmayapmiz. Ular ham majburiyat boʻlmaganidan keyin bunga harakat ham qilishmadi, hamon qilishmayapti. Axir shu yurtda yashagandan keyin, shu yurtning nonini yegandan keyin buyuk yozuvchimiz Oʻtkir Hoshimov aytganlaridek: “Bir yurtda yashab turib, oʻsha xalq tilini bilmaslik: birinchidan – oʻsha xalqqa nisbatan hurmatsizlik, ikkinchidan – oʻsha xalqdan oʻzini ustun qoʻyish, uchinchidan – gʻirt nodonlikdir!”. 

“Onlayn” darslarda meni taajjubga solgan yana bir narsa, Oʻzbek tili darslarida rus tilidagi soʻzlardan koʻp foydalanilayotgani boʻldi. Bunga 5, 6, 7, 8, 9-sinflar uchun oʻtilayotgan oʻzbek tili darslarini kuzatsangiz koʻp guvoh boʻlasiz. Axir bu darslar faqat rus tilida soʻzlashuvchilar uchun emas, qardosh xalqlar uchun ham emasmi? Yaʼni mamlakatimizda qancha qoraqalpoq, qozoq va tojik maktablari bor. Bu qardoshlarimizni oʻzbek tilini rus tili orqali oʻrganishga majburlash emasmi?! 

Qachongacha oʻzbek tilida gapirishga qoʻrqamiz? Nahot 31 yil kamlik qilgan boʻlsa? “Agar xalq oʻz tilini saqlab qolish uchun harakatga tushsa, demak, bu uning oxirgi imkoniyati: agar u tilini yoʻqotsa, oʻzi ham yoʻqlikka mahkum boʻladi”, degan ekan Ozarbayjonning sobiq prezidenti Abulfaz Elchibey. 

Xullas, shunaqa gaplar. 

Jahongir ZIYAYEV, 
OʻzMTDP deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?