Qabul-2019: Bu yil Oʻzbekiston OTMlariga 14 yoshdan 87 yoshgacha boʻlgan abituriyentlar hujjat topshirdi

19:02 21 Iyul 2019 Jamiyat
287 0

Bugungi kunning aktual mavzularidan biri qabul jarayonlaridagi oʻzgarishlar, yangiliklar va muammolar, desak adashmaymiz. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi “Yoshlar press-klubi”ning navbatdagi sessiyasi ayni shu masalalarga bagʻishlandi.

Tadbir avvalida “Qabul-2019” jarayoni haqida tayyorlangan videolavha namoyish etildi. Unda joriy yilgi qabul davomida abituriyentlar duch kelgan muammolar, hujjatlarni elektron qabul qilishdagi uzilishlar, oliy taʼlim muassasalaridagi sharoitlar va tasvirga olishda OTMlar tomonidan jurnalistlarga boʻlgan munosabat haqida soʻz bordi.

Maʼlumotlarga qaraganda, 2019-2020 oʻquv yili uchun bakalavriat taʼlim bosqichida 40 ta, magistratura bosqichida 41 ta yangi yoʻnalish ochilgan. Shuningdek, bu yil Oʻzbekiston OTMlariga 14 yoshdan 87 yoshgacha boʻlgan abituriyentlar hujjat topshirdi.

— Biz kelgusi oʻquv yilidan markazimizdagi savollar bazalarini ochib qoʻyishni rejalashtirmoqdamiz. — deydi Davlat test markazi axborot xizmati rahbari Orziqul BOBOYEV. — Shunda xohlagan kishi testlar bilan tanishib chiqishi, fikr bildirishi, taklif berish imkoniyatiga ega boʻladi. Yana bir fikrni taʼkidlash joizki, ijtimoiy tarmoqlarda qabul jarayonlardagi tirbandliklarga, turnaqator navbatning yuzaga kelishi haqida koʻp gaplar yozildi va bunga test markazining serveri sabab sifatida koʻrsatildi. Bilmagan odam chindan ham Davlat test markazi serveri ishlamas ekan, deb oʻylaydi tabiiy. Ammo biz OAV xodimlarini test markaziga taklif qildik, ular uchrashuv oʻtkazdik hamda texnik xodimlari test markazining serverini atroflicha oʻrgandilar.

Yulduz OʻRMONOVA, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?