Donald Tramp va Vladimir Putin yaqin kunlar ichida uchrashishi kutilmoqda

15:04 27 Iyun 2018 Dunyo
1184 0
Fotо: АР

Iyul oyida (ba’zi manbalarda 15 iyul) Vena shahrida AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishi kutilyapti. Unda ikki davlat pozitsiyalari bir-biriga yaqin bo‘lgan, xususan, Koreya yarim orolini tinch yo‘l bilan tartibga solish masalasi muhokama qilinadi.

Xususan, shu kunlarda Rossiya va AQSH o‘rtasida oxirgi yillardan farqli ravishda diplomatik aloqalar faollashgan. RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSH davlat kotibi, MRBning sobiq boshlig‘i Maykl Pompeo bilan telefon orqali muloqot qildi. Taxminlarga ko‘ra, ular ikki mamlakat o‘rtasida yaqin o‘rtada bo‘ladigan aloqalar grafigini kelishib olishgan. Suhbatdan so‘ng iyul oyida Singapurda tashkil etiladigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (ASЕAN) sammitida Lavrov va Pompeo uchrashishi mumkinligi ham aytib o‘tildi.

RIA Novosti xabariga ko‘ra, bugun AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton Moskvada Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan muzokaralar o‘tkazadi.

Unga ko‘ra, o‘zaro muloqot chog‘ida Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi kutilayotgan uchrashuv va uning kun tartibi muhokama qilinadi.

Rossiya FA sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi Mixail Roshinning aytishicha, Donald Tramp va Vladimir Putin yaqin kunlar ichida uchrashishi haqiqatdir.

“Amerika yetakchisining ishonchli vakili Jon Boltonning kelishi aynan shu uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan. Umid qilamizki, ikki rahbar ham ikki tomonlama yig‘ilib qolgan muammolarni keng ko‘lamda muhokama qilishning uddasidan chiqishadi”, degan u.

Eslatib o‘tamiz, AQSH va RF davlat rahbarlari shu paytgacha ikki marotaba to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilgan. Birinchisi o‘tgan yil iyul oyida Gamburg shahrida o‘tkazilgan “Katta yigirmatalik” sammitida ro‘y bergan. O‘shanda ular protokolda belgilangan yopiq eshiklar ortida yarim soat emas, ikki soatdan ko‘proq muloqot qilgandi. Keyin noyabr oyida Vyetnam mezbonligida o‘tgan ASЕAN sammitida gaplashib olishgan. O‘shanda o‘zaro muzokaralarning ijobiy yakuni sifatida Suriyaning janubi-g‘arbida o‘t ochishning to‘xtatilishi bo‘lgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?