Putin Trampga qurollanish sohasida takliflar bildirgan

15:36 08 Avgust 2018 Dunyo
286 0
Arxiv foto

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSH rahbari Donald Tramp bilan shu yil 16 iyul kuni Xelsinkida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qurollanishni nazorat qilish, jumladan, yadro qurolini cheklash va kosmosga qurol joylashtirishni taqiqlash bo‘yicha muzokaralar olib berish to‘g‘risida qator takliflarni ilgari surgan. Bu haqda yaqinda Politico portali xabar berdi.

Manbada Rossiya tomonidan tayyorlangan “Qurollanish ustidan nazorat masalasi bo‘yicha muloqot” deb nomlanuvchi hujjatda mazkur takliflar joy olgani haqida aytib o‘tiladi.

Ular ichida strategik hujum qurollarini cheklash bo‘yicha shartnoma(S’HQCHSH-III)ning amal qilish muddatini yana besh yilga uzaytirish taklifi ham mavjud. Ushbu shartnomaning hozirgi amal qilish muddati 2021 yilda nihoyasiga yetishi kerak. O‘z navbatida hujjatda Rossiyaning o‘rta va kichik masofa raketalari to‘g‘risidagi shartnomaga sodiqligi ham e’tirof etilgan. Qolaversa, ikki tomonga ham “Yer orbitasiga qurol kiritish”ni taqiqlovchi kosmos haqida yangi shartnoma imzolanishi zarur ekanligiga urg‘u berilgan.

Xelsinkida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng Kongress Donald Trampni uning Putin bilan faqat tarjimonlar ishtirokida qilgan suhbati haqida hisobot berishga chaqirgandi. Tramp esa Finlyandiyada tashkil etilgan sammitidan keyin Putin bilan Shimoliy Koreyani denuklerizatsiya qilish, Suriya mojarosi, terrorizm va kiberhujumlarga qarshi kurashish kabi masalalarni muhokama etganini ta’kidlagan bo‘lsa-da, ularning tafsilotlari haqida to‘xtalib o‘tmagan edi.

Rossiya rasmiylari Putin Tramp bilan muloqot chog‘ida Ukrainadagi qarama-qarshiliklar haqida aniq takliflar bildirganini qayd etib o‘tishgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?