Putin: Rossiyada 1-iyul kuni konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish boʻyicha referendum boʻlib oʻtadi

22:21 02 Iyun 2020 Dunyo
280 0

Dushanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin koronavirus pandemiyasiga qaramay, 1-iyulda konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish boʻyicha ovoz berish boʻlib oʻtishini maʼlum qildi.

Ushbu oʻzgartirish prezidentlik muddatini uzaytirish haqida boʻlib, agar u amalga oshsa, 2024-yilda vakolati tugaydigan Vladimir Vladimirovich Rossiya prezidentligiga yana ikki marta saylanib, 2036-yilgacha taxtda qolish imkoniyatiga ega boʻladi.

“Pandemiya bilan bogʻliq vaziyat yaxshilangan sari normal hayotga qaytar ekanmiz, konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish borasidagi ishlarni ham oʻylab koʻrishimiz zarur”, dedi Putin saylov va tibbiyot rasmiylari bilan boʻlgan videomuloqotda.

Rossiya prezidenti rasmiylarning konstitutsiyaviy referendumni 1-iyul kuni oʻtkazish haqida bergan takliflarini maʼqullagan va tashkilotchilarga ovoz berish jarayonida odamlarning sogʻligʻini asrash birinchi oʻringa qoʻyilishi kerakligini taʼkidlagan.

Aslida, konstitutsiyaviy islohotlarga ovoz berish shu yilning 22-apreliga belgilangan edi. Ammo Rossiyada koronavirus avj olib ketgani uchun bu jarayon keyinga qoldirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?