Putin Oʻzbekistondagi urush va mehnat faxriylarini mukofotladi

19:37 13 Fevral 2020 Siyosat
398 0

​​Foto: Rossiyaning O’zbekistondagi elchixonasi

Rossiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Vladimir Tyurdenev Toshkentda yashaydigan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylarini (Rossiya fuqarolarini) Rossiya taʼsis etgan “Gʻalabaning 75 yilligi” medali bilan taqdirladi. Bu haqda Rossiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi xabar berdi.

Mukofotlar prezident Vladimir Putinning koʻrsatmasi bilan berilgan.

Ikkinchi jahon urushi yillarida Oʻzbekiston SSSR davlatlaridan olib kelingan 1,5 milliondan ortiq insonni ocharchilik va oʻlimdan saqlab qolgan. Ulardan 300 mingi Leningrad, Belarus, Polsha va Ukrainadan keltirilgan yetim bolalar boʻlgan.

Urush yillarida Oʻzbekistonda 15 ta harbiy diviziya va brigada tuzilgan, Toshkentda joylashtirilgan harbiy oʻquv yurti front uchun minglab harbiy va siyosiy yetakchilarni tayyorlab bergan.

Ikkinchi jahon urushi arafasida Oʻzbekistonda 6,5 million kishi yashagan boʻlsa, ulardan 1,5 millioni frontga yoʻl olgan. Urushga ketgan oʻzbekistonliklardan 420 ming nafari halok boʻlgan, 640 mingi tan jarohati olgan, 130 ming kishi esa bedarak yoʻqolgan.

Urush yillarida 120 ming oʻzbekistonlik harbiy davr orden va medallari bilan taqdirlangan, 280 kishiga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni, 82 nafar oʻzbekistonlik harbiyga esa toʻliq darajadagi Shon-sharaf ordeni berilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?