Pushkinning “Tumor”i kitobxonlarga taqdim etildi

17:35 11 Iyul 2019 Madaniyat
402 0

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so'zi"

Rus adabiyoti deganda koʻz oldimizga eng birinchi Pushkin, Pushkin deganda esa soʻzsiz buyuk rus adabiyoti gavdalanishi sir emas. Bu yil inyun oyida shoir tavalludining 220-yilligi keng nishonlandi va yurtimiz boʻylab tadbirlar hamon davom etmoqda.

Choʻlpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi taniqli shoir va tarjimon Humoyun Akbarov tomonidan tarjima qilingan “Tumor” nomli kitobini chop etdi. Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasida boʻlib oʻtgan taqdimotda shoir sheʼriyati va tarjimon mahorati haqida qizgʻin suhbat boʻlib oʻtdi.

Ilgari bitta shoir sheʼrlari bir necha ijodkorlar tomonidan tarjima qilingan va chop etilgan. Bugun kitobxonlarga taqdim etilgan “Tumor” esa bir tarjimonning tarjimalarini jamlagani bilan oʻziga xosdir. — deydi Suvon MELI, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, adabiyotshunos olim. — Kitobga jamlangan aksariyat sheʼrlar avval Hamid Olimjon, Zulfiya kabi taniqli shoirlarimiz tomonidan tarjima qilingan. Ammo tarjimon ularni yangi zamonda qayta koʻrib chiqishga harakat qilgan. Biz har qancha gapirganimiz bilan adabiyot siyosatdan aslo ayro boʻlmaydi. Shu maʼnoda, bugungi taqdimot oʻzbek adabiyotining, oʻzbek ziyolilarining bayrami hisoblanadi. Qolaversa, bu hodisa buyuk rus xalqi bilan bilan doʻstligimizning, yaqinligimizning yana bir belgisi hamdir.

Ushbu kitobning tarjima jarayoni uch yil davom etdi va Pushkin sheʼriyatini chuqurroq oʻrganganim sari uning qalbini, ruhiyatini ham yangidan anglab bordim desam adashmayman. — deydi Humoyun AKBAROV, tarjimon. — Ulugʻ rus shoirining sheʼrlari doim tarjima qilinadi va bu uning yuraklarda, butun dunyo adabiyotida barhayotligidan dalolat beradi.

Pushkin adabiy merosining katta qismi qamrab olingan kitobda ijodiy faoliyatining deyarli barcha davrlarida — 1814-yildan tortib 1836-yilgacha yozgan sheʼrlari, “Loʻlilar”, “Anjelo” va “Ritsarlar zamonidan sahnalar” dostonlari jamlangan. Shuningdek, tarjimonning avval tarjima qilingan oltmishdan ziyod sheʼrlariga qoʻl urgan va bu kitobxonlarga qiyoslash imkonini beradi.

Tadbirda shoirlar, yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, ijodkor yoshlar, taʼlim sohasi xodimlari ishtirok etdi.

Yulduz OʻRMONOVA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?