Pudrat tashkilotlari reytingi: bu nima degani?

15:31 29 Iyun 2020 Iqtisodiyot
109 0

Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari tobora kengayib bormoqda. Bu esa, tabiiyki, qurilish-pudrat tashkilotlari zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi. Yaʼni endilikda qurilish jarayoniga har qanday pudratchi tashkilot oʻz-oʻzidan qatnasha olmaydi. U maʼlum bir obyektni qurish uchun shunga mos boʻlishi lozim. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vazirligi tomondan tashkil etilgan taqdimot marosimida aytib oʻtildi.
 

— Hozirgi kunda vazirligimiz tomonidan pudrat tashkilotlarning reytingi ishlab chiqilmoqda, — deydi uning mutaxassisi Alijon Alimuhammedov. — Reytingda pudrat tashkilotlari ishchi-muhandislarining kasbiy bilimi, korxona bajargan ishlari koʻlami, soliq toʻlovi, bankdagi hisobi kabi omillar inobatga olinadi. Yaʼni qanday ishlar bajargan, qancha ishchisi bor, ularning necha nafari sertifikatlangan mutaxassislar ekani, qancha texnikasi borligi va bajargan ishlarining sifati kabi tamoyillar asosida pudratchi tanlanadi.

Xoʻsh, bu nima, beradi? Bu, avvalo, sogʻlom raqobat muhiti shakllanishida qoʻl keladi. Korxona qurilishga salohiyati yetarlimi, marhamat tenderda qatnashishi, yutib chiqishi mumkin.

Yangi tender tizimi vaqtni 2 baravar, amaliyotlarni 1/3, hujjatlarni 14 tadan 6 taga qisqartiradi. Haftada 7 kun 24 soat onlayn tarzda kirish mumkin.

Qolaversa, qurilish sohasida hali-hanuz eski meʼyor va normalardan foydalanilmoqda. Shu bois vazirlikda joriy yilda jami 60 ta yangi normalarni ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq etishni rejalashtirilgan va bu boradagi ishlar 2025-yilga qadar davom etadi. Shu maqsadda ilk marotaba vazirlik qoshidagi Qurilishda texnik meʼyorlash markazi faoliyati tashkil etildi. Unda jahon miqyosidagi ilgʻor bilim va tajribaga ega mutaxassislar faoliyat olib borishmoqda.
 

Qurilish sohasida raqamlashtirishni toʻliq joriy etishda esa Geoaxborot tizimi ham alohida ahamiyatga ega. Chunki bu tizimga Oʻzbekiston Respublikasining shaharsozlik bosh rejalari joylashtiriladi. Joriy yilning 1-iyunida Toshkent viloyati va Toshkent shahrida sinov tariqasida ishga tushirilgan “Shaffof qurilish” axborot tizimiga Geoportal ham integratsiyalashtirilgan. Endilikda yurtimizda ish boshlamoqchi boʻlgan xorijiy investorlar qayerda qanday qurilish ishlarini olib borishlarini mumkinligini shu tizim orqali bemalol bilib olishlari mumkin.

Bundan tashqari, qurilish nazorati ham toʻliq raqamlashtirilmoqdaki, bu bilan, birinchi navbatda, nazorat inspektorlariga qulaylik yaratiladi. Natijada nazorat yaxshilanadi. Ishning sifati oshib, unga sarflangan vaqt ham anchagina kamayadi. Shuningdek, jarayon raqamlashtirilgandan soʻng inspektor faoliyati toʻliq nazorat qilishiga erishiladi. Bu orqali esa korrupsiyaning oldi olinib, jarayon shaffoflashadi.
 

Shuningdek, endilikda vazirlik rasmiy saytiga qurilish jarayoni kalkulyatori joylashtiriladi. Bu istagan kishi, xoh yurtdoshlarimiz yoki xorijiy investorlar boʻlsin, undan bemalol foydalanishlari mumkin, degani. Masalan, xorijlik investor Oʻzbekistonda biror bir obyekt qurmoqchi. Buning uchun ishni nimadan boshlash kerak, qanday jarayonlardan oʻtiladi yoki qaysi hujjatlar talab etiladi, hattoki, qancha mablagʻ va vaqt sarflanadi — barcha savollarga shu yerdan javob oladi.

Qisqasi, ayni paytda vazirlik tizimida shaffoflik, ochiqlik va raqamlashtirish ishlariga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bular esa qurilishgacha boʻlgan jarayonlarni osonlashtirishga, qurilish tashkilotlarining ortiqcha ovoragarchiligiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Dilshod ULUGʻMURODOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?