Psixolog maslahati: «Kitob oʻqish alsgeymerdek jiddiy kasalliklarning oldini olishga yordam beradi»

10:43 11 Sentyabr 2020 Jamiyat
456 0

Kitob ruhiyatni ham tarbiyalovchi, ham turli xastaliklardan himoya qiluvi darmondori ham sanaladi. Odam necha yoshdan boshlab kitob oʻqishi kerak degan savolga hammadan turlicha javob chiqishi tabiiy. Kimdir harf tanigandan deb javob bersa, kimdir odamning oʻziga bogʻliq deydi. Aslida esa mutolaa ona qornidanoq bolaga singdirilishi kerak.

Qoʻlida diplomi bor har qanday odam ham ziyoli sanalmaydi. Chin mutolaani sevgan, u bilan hamnafas yashagan odam haqiqiy ziyolidir. Shunday emasmi?

Margʻuba Eshmatova (Parkent):

— Koʻpchilik odamlar bozordagi sotuvchilar kitob oʻqimaydi deb oʻylashadi. Men ham savdogarman, yoshim 66 da. Ammo doim kitob va gazeta oʻqib yuraman. Nafaqa pullarimizni olib kelishganida har xil gazeta ham olib keladi pochtachilar. Shu sabab gazetalarni qoldirmay oʻqiyman. Savdo paytida ham xaridorlar kelmagan paytlari biror nima oʻqib oʻtiraman. Kitob oʻqisam boshim dam olganday boʻladi...

Xalqimizda qush uyasida koʻrganini qiladi, degan naql bor. Bugun bolalarning, yoshlarning kitob oʻqimay qoʻyishi kattalarning ham bunga befarqligi sabab, desak yanglishmaymiz.

Norxol Shamsiyeva (Sirdaryo):

— Karantinda biz kabi yoshi yetmishdan oshgan odamlarga koʻchaga kamroq chiqish tavsiya etildi. Shuning uchun koʻp vaqtimni oʻqish bilan oʻtkazyapman. Bugungacha oʻndan ortiq asarlarni oʻqib tugatdim va nabiralarimga hikoya qilib berdim. Ular ham menga qarab, kitob oʻqishga qiziqib qoldilar. Hozir yozuvchi Shuhratning “Oltin zanglamas” nomli romanini oilaviy oʻqiyapmiz. Yoshlarda kitobga mehr uygʻotishda kattalar avvalo oʻrnak boʻlishi kerakligini yana bir karra his qildim.

Oʻtkir Alimov Hindistondagi Xalqaro Osmaniya universiteti talabasi:

— Tanlagan soham iqtisod boʻlishiga qaramay, badiiy kitoblar ham oʻqib yuraman. Koʻchaga chiqsam yonimda albatta bir kitob boʻladi. Bunga sababchi boʻlgan inson momom boʻladi, desam ishonasizmi? Momom 82 yoshlarida vafot etganlar. Ammo gazeta oʻqimagan biror kunlarini sira koʻrmaganman. Har kuni ertalab qorindan avval maʼnaviy toʻyinay, deb gazeta oʻqirdilar va bizga oʻqigan yangiliklarini gapirib berardilar. Baʼzi vaqtlari chanqovuz chalib berar, oʻqigan, eshitgan asarlaridagi ibratli voqealardan soʻzlab berardilar. Shu sababmi, biz nabiralar ham keyinchalik ilmga, mutolaaga jiddiy qiziqish bildirganmiz.

Kitob va tibbiyot. Aslida ikki xil, ayni paytda bir-biriga yaqin tushuncha hamdir. Kitob oʻqigan insonning dunyoqarashi, xarakteri boʻlak, ruhiyati sogʻlom boʻlishi haqida koʻp eshitamiz. Buni qarangki, ushbu gapni mutaxassislar ham tasdiqlar ekan.

Sevara Karimdjanova, psixolog:

— Nima uchun oʻtmishda aksariyat odamlar uzoq va sogʻlom umr kechirgan. Buning sabablaridan biri tinimsiz mutolaa boʻlgan. Kitob oʻqish alsgeymerdek jiddiy kasallikning oldini olishga yordam beradi. Kitob oʻqishni nafaqat psixologlar, balki nevropatologlar ham tavsiya etadi. Sababi hamma kasalliklarning asosiy ildizi ruhiy zoʻriqishdan hosil boʻladi.

Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?