Psixiatriya yordamini koʻrsatish tizimi takomillashtiriladi

14:23 24 Avgust 2019 Jamiyat
96 0

Munisxon Karimova- “Xalq soʻzi”-Online. Yalpi majlisda “Psixiatriya yordami koʻrsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun ham koʻrib chiqildi. Mazkur huquqiy hujjat asosida Jinoyat, Jinoyat-ijroiya kodekslariga oʻzgartishlar kiritilmoqda. Mazkur oʻzgartishlarda nafaqat ruhiy kasalliklar shifoxonasida, balki turarjoyidagi ruhiy-asab kasalliklari dispanserida (tuman (shahar) psixiatrining xonasida), yashash joyidagi umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasining umumiy kuzatiladigan boʻlimida, umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasining maxsus reabilitatsiya boʻlimida tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash huquqi koʻzda tutilyapti.

Bu esa ruhiy holati aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda buzilgan shaxslarga nisbatan sud tomonidan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllashga, bir vaqtda ularni jazolash imkoniyatini yaratishga, psixiatriya yordami koʻrsatishning amaldagi tizimi imkoniyatlaridan toʻliq va oqilona foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Shuningdek, tibbiyot muassasalarining sudlar, prokuratura organlari, advokatlar va tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllaniladigan shaxslar bilan oʻzaro munosabatlarini tartibga solishga koʻmaklashadi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?