Psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

18:20 16 Mart 2018 Hujjatlar
644 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori 

Aholining ruhiy sog‘lig‘ini tekshiruvdan o‘tkazish, ruhiy holati buzilgan shaxslarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish, ularni davolash, parvarishlash va tibbiy-ijtimoiy jihatdan tiklash tibbiyot sohasidagi davlat siyosatining muhim yo‘nalishi hisoblanadi.

Ushbu yo‘nalishda zarur huquqiy va moddiy-texnika bazasi yaratildi, malakali vrach-psixiatrlar bilan ta’minlangan hamda zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlangan psixiatriya shifoxonalari va psixonevrologiya dispanserlari (keyingi o‘rinlarda – psixiatriya muassasalari) qurildi, aholiga sifatli va o‘z vaqtida psixiatriya yordami ko‘rsatilishini tashkil etish bo‘yicha choralar ko‘rildi.

Shu bilan birga, psixiatriya yordami ko‘rsatish sohasidagi ishlar holatini kompleks o‘rganish aqliy rivojlanishdagi buzilishning sabablari va shart-sharoitlarini erta aniqlashga, tibbiy xizmatlarning sifatiga salbiy ta’sir qiluvchi qator tizimli kamchilik va muammolar mavjudligini aniqladi.

Xususan, psixiatriya muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirishning samarali va zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, shaxs ruhiy sog‘lig‘ining hisobini yuritish, uning tekshiruvdan o‘tkazilishini tashkil etish, sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish choralarini o‘z vaqtida ko‘rish maqsadida psixiatriya xizmatini boshqarish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish talab qilinadi.

Psixiatriya muassasalarida vrach-psixiatrlarning keskin yetishmasligi kuzatilmoqda, bu esa bemorlarga barcha zarur xizmatlar turlarini ko‘rsatish, ularning ehtiyojlarini qondirish, mazkur sohadagi xususiy tibbiyotni, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlarida rivojlantirishga imkon bermayapti.

Psixiatriya muassasalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash, ularni zamonaviy diagnostika va laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlash, bemorlarni parvarishlash va davolash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha bir qator qarorlar qabul qilinganligiga qaramay, ularning to‘liq bajarilishi ta’minlanmagan.

Ruhiy holatlar buzilishining oldini olish va davolash bo‘yicha ishni yanada takomillashtirish, O‘zbekiston Respublikasi psixiatriya xizmati muassasalarining faoliyati samaradorligini oshirish, xususiy tibbiyotni rivojlantirish, malakali vrach-psixiatrlar tayyorlash maqsadida:

1. Aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

davolash, profilaktika ishlari va ruhiy holatning buzilishini erta aniqlashni tashkil etishning vertikal yaxlit tizimini shakllantirishni ta’minlash orqali psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini samarali boshqarish mexanizmini joriy etish;

mamlakatning har bir aholi punktida aholining barcha toifalari, ayniqsa, bolalar va o‘smirlar uchun sifatli va qulay psixiatriya yordami ta’minlash, shuningdek, ruhiy holati buzilgan shaxslarni davolash uchun dori vositalariga sarflanadigan xarajatlarning yagona majburiy normativlarini belgilash;

aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, psixiatriya muassasalarining vrach-psixiatrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, ularning malakasini muntazam ravishda, shu jumladan, xorijning yetakchi klinikalari va tibbiyot tashkilotlarida oshirib borish;

O‘zbekiston Respublikasi psixiatriya xizmati muassasalarining ayrim funksiyalarini sog‘liqni saqlashning xususiy sektoriga o‘tkazish, aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish sohasida davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash uchun investitsiyalar jalb qilish;

o‘z joniga qasd qilishga uringan shaxslarga tunu kun shoshilinch yordam ko‘rsatilishini ta’minlash, shu jumladan, o‘z joniga qasd qilishning asl sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, o‘z vaqtida ixtisoslashtirilgan yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rish, o‘z joniga qasd qilishning har bir holati haqida psixiatriya muassasalarini zudlik bilan xabardor qilish;

psixiatriya sohasida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlarni faollashtirish, ularning natijalari va yutuqlarini ruhiy holati buzilishining oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlarni takomillashtirishga xizmat qiladigan amaliy faoliyatiga keng joriy etish;

aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimining samarali faoliyatini ta’minlovchi huquqiy bazani takomillashtirish, psixiatiriya muassasalarining, shuningdek, ular bo‘linmalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, ularni tibbiyotning zamonaviy asbob-uskunalari va texnikalari bilan jihozlash.

2. 2018 yil 1 maydan boshlab xususiy tibbiyot tashkilotlariga ruhiy holat buzilishini va xulq-atvor buzilishini tashxis qilish va davolash bo‘yicha aholiga ayrim xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat etilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekiston xususiy amaliyot vrachlari uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda ruhiy holati buzilishini va xulq-atvor buzilishini tashxis qilish va davolash bo‘yicha xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxatini tasdiqlasin.

3. 2018 yil 1 oktyabrdan boshlab dispanser kuzatuvi ostidagi shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ularning psixiatriya muassasalarida qancha muddat bo‘lganliklari, berilgan dori vositalari, ko‘rsatilgan ijtimoiy xizmatlar va taqdim qilingan imtiyozlardan iborat bo‘lgan, shuningdek, bu sohadagi ishlarning holati to‘g‘risida tezkor axborot olish imkonini beruvchi ushbu shaxslarning yagona elektron reyestri yuritilishi amaliyotga joriy etilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda dispanser kuzatuvi ostida bo‘lgan shaxslarning yagona elektron reyestrini yaratish va ushbu bandda belgilangan muddatlarda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ishga tushirishni ta’minlasin.

4. 2018 yil 1 apreldan boshlab ichki ishlar organlari o‘z joniga qasd qilingan har bir holat to‘g‘risida psixiatriya xizmati muassasalariga zudlik bilan xabar berishi belgilab qo‘yilsin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018 yil 1 mayga qadar bo‘lgan muddatda psixiatriya muassasalarini o‘z joniga qasd qilish harakatlari to‘g‘risida majburiy ravishda xabardor etish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlasin, shuningdek, aholi o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish masalalarini o‘rgansin va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hay’at majlislarida muhokama qilib borsin.

5. Ruhiy holati buzilgan shaxslarning, shu jumladan, nogironlarning mehnat terapiyasi, ularni yangi kasblarga o‘qitish va ishga joylashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi psixiatriya muassasalari hududida davlat-xususiy sheriklik shartlarida davolash-ishlab chiqarish korxonalari tuzilsin.

Davolash-ishlab chiqarish korxonalari 2018 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 yanvargacha yer solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i va mulk solig‘idan, shuningdek, yagona soliq to‘lovidan ozod qilinsin.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ushbu bandni amalga oshirish bo‘yicha zarur tashkiliy choralar ko‘rsin.

6. Quyidagilar:

Aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga doir birinchi galdagi chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;

Psixiatriya muassasalarini 2018 yilda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash (qo‘shimcha jihozlash)ga doir chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq;

2018-2020 yillarda respublika psixiatriya muassasalarining binolarini qurish va rekonstruksiya qilishga doir chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.K.Shodmonov, vazirlik va idoralar rahbarlari ko‘rsatib o‘tilgan chora-tadbirlar dasturlarida nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgar ekanliklari belgilansin.

Moliya vazirligi mazkur qarorning 2-ilovasida ko‘rsatilgan tibbiyot asbob-uskunalarini xarid qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan zarur mablag‘larni ajratishni nazarda tutsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

chora-tadbirlar dasturlari bajarilishining borishini xar oyda tanqidiy muhokama qilib borsin;

muhokamalar yakuni bo‘yicha topshirilgan vazifalarning muddatlari buzilishi va bajarilishi uzilib qolishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy javobgarlik choralarini qo‘llasin;

ikki oy muddatda 2018-2020 yillarda vrach-psixiatr tayyorlash, qayta tayyorlash va xorijning yetakchi klinika hamda tibbiyot muassasalarida malakasini oshirish dasturini tasdiqlasin;

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab davlat granti asosida “psixiatriya” yo‘nalishi bo‘yicha magistrlarni tayyorlash yuzasidan oliy tibbiyot ta’lim muassasalariga, jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasiga – 15 nafar, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Andijon davlat tibbiyot instituti, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Samarqand davlat tibbiyot institutiga – 10 nafardan qabul kvotalarini oshirishni nazarda tutsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Davolash-profilaktika yordamini tashkillashtirish bosh boshqarmasi tarkibida vazirlikning umumiy boshqaruv xodimlari soni doirasida 3 birlik miqdorda psixiatriya yordami masalalari bo‘yicha bo‘lim tuzilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki hafta muddatda yangi tuzilayotgan bo‘limni yuqori malakali kadrlar, birinchi navbatda, tajribali vrach-psixiatr va nevropatologlar bilan to‘ldirsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab:

Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, Samarqand davlat tibbiyot instituti va Andijon davlat tibbiyot institutlarida bazaviy tibbiyot ma’lumotiga ega bo‘lgan vrachlar uchun ularning o‘rtacha oylik ish haqini saqlagan va xizmat safari xarajatlarini qoplagan holda “psixiatriya” va “suitsidologiya” yo‘nalishlarida ixtisoslashuv kurslarini tashkil qilsin;

Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali, Andijon davlat tibbiyot instituti va Samarqand davlat tibbiyot institutida “psixiatriya” yo‘nalishi bo‘yicha klinik ordinaturada o‘qish uchun o‘rinlar sonini 10 nafargacha oshirsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–2863-son qarori ilovasining 2-bandidagi rus tili matnidagi “psixicheskix zabolevaniy”so‘zlari “otdelnыx psixicheskix zabolevaniy” so‘zlari bilan almashtirilsin.

11. Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R. S. Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O. B. Murodov va O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A. K. Shodmonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 16 mart


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?