Propiskani bekor qilishga oid petitsiyani eʼlon qilish rad etildi

10:54 28 Iyun 2019 Jamiyat
410 0

Foto: "Xalq so'zi"

2019-yil aprelida huquqshunos va bloger Xushnud Xudayberdiyev “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska rejimini bekor qilish toʻgʻrisidagi murojaat joylashtirgandi.

U bugun, 28-iyun kuni bu murojaat natijasi boʻyicha maʼlumot berdi.

“Oʻsha petitsiyaga moderator tomonidan rad javobi berilgan. Yaʼni petitsiya ovozga ham qoʻyilmadi. Boshqacha aytganda mening fikrim «tugʻilmayoq boʻgʻildi”.

Rad qilishning asosi sifatida balandparvoz gaplar yozilgan. Aytishlaricha, doimiy propiskani soddalashtirish boʻyicha koʻp ishlar qilinayotgan emish, shu sababli mening petitsiyamni eʼlon qilish rad etilganmish.

Vaholanki, men propiskani soddalashtirishni emas, bu tizimni butunlay bekor qilishni soʻraganman. Bu ikkalasi mazmunan boshqa-boshqa narsalar ekanligini tushunish qiyin emas.

Moderator javobining soʻnggida quyidagicha deyiladi:

“Yuqoridagilardan kelib chiqib, mamlakatimizda ushbu sohada islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganligini hisobga olgan holda, 2019-yil 2-fevraldagi «Mening fikrim” veb-portali orqali elektron jamoaviy murojaat qilish va ularni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisida»gi Nizomga muvofiq, “Mening fikrim” veb-portaliga elektron jamoaviy murojaatni joylashtirish yoki joylashtirishni rad etish haqidagi masalani koʻrib chiqish uchun vakolatli davlat organlari va moderator vakillaridan iborat tarkibda tuzilgan Ishchi komissiya tomonidan murojaatingiz “Mening fikrim” veb-portaliga joylashtirilishi maqsadga muvofiq emas, deb topildi».

Lekin xulosada Nizomning aynan qaysi bandi boʻyicha rad qilinganligi aytilmagan. Bunga hayron qolmasa ham boʻladi, chunki Nizomda rad qilish asoslari aniq sanalgan boʻlib, mening petitsiyam ularning birortasiga tushmaydi. Qanday asos bilan rad qilayotganini oʻzlari ham bilishmaydi.

Avvalroq “Mening fikrim” portalida Nizomdagi muddatlarga rioya qilmaslik holati muntazam uchrab turgani haqida ham maʼlumot bergandim.

Xullas, bu portaldan koʻnglim qoldi. Faqat rahbarlarga yoqadigan petitsiyalarni oʻtkazib, sal yoqmaydigani chiqib qolsa, asossiz rad qiladigan boʻlishsa, bunaqa portaldan kimga nima foyda?

Yodingizda boʻlsa, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 22-dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida qonunlar muhokamasiga keng xalq ommasini jalb qilish, buning uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, jumladan, Internet tarmogʻida maxsus “maydon”lar yaratish zarurligini taʼkidlab oʻtgan edilar.

“Mening fikrim” portali ham shu tashabbus ortidan ochilgandi. Davlatimiz rahbarining ushbu maqsadi “xalq - qonunlarning asosiy ijodkori boʻlsin” degan prinsip ustiga qurilgandi.

Ammo propiska haqidagi petitsiyaning assosiz rad qilinganini koʻrib, aytish mumkinki, portalni yuritayotganlar, nazorat qilayotganlar oʻzlarining asossiz senzuralari orqali xalqning fikrini boʻgʻishmoqda, faqat oʻzlariga yoqadigan jamoaviy murojaatlarni oʻtkazib, sal yoqmaydiganlari chiqib qolsa, rad etishib, koʻzboʻyamachilik bilan shugʻullanishmoqda. Prezidentning ishonchi hayf Sizlarga!», deydi Xushnud Xudayberdiyev telegramdagi kanali orqali.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?