Propiskaga oid qaror loyihasi: soddalashyaptimi, qiyinlashyaptimi?

16:38 19 Avgust 2019 Jamiyat
382 0

Ushbu savolga huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev oʻz telegramm kanalida javob berdi:

“Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portaliga Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibini yanada soddalashtirish toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi eʼlon qilindi.

Garchi qaror loyihasi nomi “propiska qilish tartibini yanada soddalashtirish” deb nomlangan boʻlsa ham, lekin aslida propiskaga oid hozirgi mavjud tartibning koʻchirmasi boʻlgan xolos, xalq uchun, ayrim kichik holatlarni hisobga olmaganda, birorta aytishga arzigulik yengillik berilmayapti. Shunchaki propiskaga oid bir nechta qaror va yoʻriqnomalarni bittada birlashtirishmoqchi shekilli.

Aksincha, qaror loyihasiga qarasak, ayrim bandlar aksincha hozirgidan ogʻirlashtirilmoqda. Masalan, bugungi kungacha 2-band bilan propiskaga kirib, 3 yildan keyin uy sotib olganlar arizasiga asosan 1-bandga oʻtishi mumkin edi (amaliyotda pasport stoldagilar koʻra bila turib, buni tan olmay, odamlarni sarson qiladi lekin).

Taklif etilayotgan loyihada mana shu huquq olib tashlanmoqda. Bu tartibni faqatgina 5, 9 – 11-bandlar uchun qoldirib, 2-bandni chiqarib tashlashmoqchi.

Oʻzi 2-band boshidanoq bu roʻyxatda yoʻq edi, 2018-yil 13-avgustdagi oʻzgarishlar bilan qoʻshilgandi. Ammo 1 yil oʻtar-oʻtmas, ushbu yengillikni yana qaytarib olib qoʻyishmoqchi. Qiziq, juda qiziq...

Xolislik uchun aytay, loyihada bevosita jarayon bilan bogʻliq ayrim yangiliklar ham yoʻq emas. Masalan, doimiy yoki vaqtinchalik propiskaga hujjatlarni Toshkentdagi istalgan pasport stolga (aynan oʻsha tuman boʻlish shart emas) yoxud Davlat xizmatlari markaziga topshirish mumkin boʻladi.

Qaror loyihasi bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz va 25-avgustga qadar takliflaringizni berishingiz mumkin (jamoatchilik fikri inobatga olinadimi, yoʻqmi, bunisiga kafolat bermayman.

Bilmaganlar uchun eslatma:

1 va 2-band oʻrtasida yaxshigina farq mavjud.

Birinchidan, 1-band bilan propiska kirganlar oʻz nomiga istalgan vaqtda uy-joy sotib olishi mumkin, 2-band bilan kirganlar 3 yil ichida uy ololmaydi.

Ikkinchidan, 1-band bilan kirganlar toʻgʻri shajara boʻyicha istalgan yaqin qarindoshlarini (bobo-buvi, ota-ona, farzandlar, nabiralar, turmush oʻrtogʻi) doimiy propiskaga olib kira oladi. Ammo 2-band bilan kirganlar faqat turmush oʻrtogʻi hamda oʻz oilasiga ega boʻlmagan voyaga yetgan bolalarini olib kirishi mumkin. Yaʼni 2-band bilan kirganlar hattoki istalgan farzandini ham propiskaga olib kirishga haqqi yoʻq.

Koʻpchilik propiska rejimi aholini ikki toifaga (propiskali va propiskasiz) boʻlib qoʻygan, ularning huquqlari bir-biridan farq qiladi, deb oʻylaydi. Aslida ahvol bundan ham battarroq. Hatto oʻsha Toshkent propiskasi bor fuqarolarning oʻzi ham bir nechta toifalarga boʻlinib ketgan, birida bor huquq va erkinliklar, boshqasida yoʻq”, - deya fikr bildiradi huquqshunos.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?