Prokuraturada dori vositalari ta’minoti va narxlardagi kamchiliklar ko‘rib chiqildi

10:26 23 May 2018 Siyosat
307 0
Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

22 may kuni Bosh prokuraturada O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 14 fevraldagi «Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-3532-son qarori ijrosiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Manba bergan xabarga ko‘ra, yig‘ilishda farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish, farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalari faoliyatini tashkil etish, aholini arzon, sifatli hamda zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan kafolatli ta’minlash, ijtimoiy dorixonalarni tashkil qilish borasidagi vazifalar ijrosi tanqidiy muhokama qilingan.

Ta’kidlanishicha, amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar bilan bir qatorda, tibbiyot muassasalariga farmatsevtika vositalarini yetkazib berish, dorixonalarni ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlash, dori vositalari va tibbiy buyumlar narxlarining barqarorligini saqlash borasida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, «Uzmedimpeks» davlat unitar korxonasi, «Dori-darmon» aksiyadorlik jamiyati hamda boshqa idoralar va hududiy prokuratura organlari rahbarlarining hisobotlari eshitilgan.

Mutasaddi vazirlik va idoralarning rahbarlariga belgilangan vazifalarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yganliklari ko‘rsatib o‘tilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etmagan taqdirda qat’iy choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirilganlar.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?