Prokuratura tomonidan energetika tizimi ishchilariga nisbatan 25 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

10:10 22 Avgust 2019 Jamiyat
69 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi quyi tashkilotlarida huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish borasida tegishli ishlarni amalga oshirmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Elektr va gaz taʼminoti korxonalari xodimlari tomonidan yoʻl qoʻyilgan qonunbuzarliklarni tahlil qilish orqali, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga qoʻshimcha mablagʻlar tushirildi. Shuning bilan birga, Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi (Oʻzenergoinspeksiya) va Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (Oʻzneftgazinspeksiya) tomonidan qonunbuzilishlarni aniqlash yuzasidan tegishli ishlar olib borilyapti.

Jumladan, 2019-yil 1-avgust holatiga koʻra, dastlabki hisob-kitoblar boʻyicha 1,9 mlrd zarar yetkazilganlik holati boʻyicha energetika tizimidagi quyi tashkilotlar ishchilariga nisbatan prokuratura tomonidan 25 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Jinoyat ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining “talon-taroj qilish”, “firibgarlik”, “elektr, issiqlik energiyasi, gaz va suv tarmoqlaridan foydalanish qoidalarini buzish”,“mansab vakolatini suiisteʼmol qilish”, “soxtalashtirish” va boshqa moddalari boʻyicha qoʻzgʻatilgan.

Energetika tizimidagi quyi tashkilotlarning aybdor shaxslariga nisbatan ozodlikdan mahrum etish (3 kishi), axloq tuzatish ishlari (2 kishi), jarima (1 kishi) va boshqa jazo choralari tayinlandi.

Hozirgi vaqtda yetkazilgan zarardan 116,3 mln soʻmi energetika tizimidagi quyi tashkilotlarning hisob-raqamlariga qaytarilgan.

Shuningdek, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 21,1 mln soʻm miqdorida zarar yetkazganlik holati boʻyicha Zirabuloq magistral gaz tarmogʻi boshqarmasining 2 nafar xodimiga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?