Prokuratura sobiq “Bunyodkor” stadioni faoliyatidagi qator muammolarni aniqladi

17:38 29 Avgust 2018 Jamiyat
406 0

Toshkent shahar prokuraturasi “Milliy” stadionini tekshirish chogʻida yongʻin xavfsizligi, kadastr va moliyaviy hujjatlarda qator muammolar borligini aniqladi.

Toshkent prokuraturasi “Milliy” stadioni (sobiq “Bunyodkor”) va Oʻzbekiston Futbol assotsiatsiyasi oʻrtasidagi bahslarda huquqiy jihatdan hamrohlik qiladi.

Avvalroq “Milliy” stadioni 231 mln soʻm qarzdor boʻlib qolgani sababli gaz, suv va elektr taʼminotidan uzib qoʻyilgani maʼlum qilingan edi. 16 avgust kuni qarzlar toʻlandi.

Avgustning ikkinchi yarmida poytaxt prokuraturasi “Milliy” stadioni faoliyatini tekshirib, qator muammolarni aniqladi.

Jumladan, bugungi kunga qadar 2012 yilda foydalanishga topshirilgan (stadion poydevori “Zeromaks” kompaniyasi, qolgan qismi esa “12-Trest” tomonidan qurilgan) stadionning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan.

“12-Trest” tomonidan amalga oshirilgan ishlar 2016 yilda buyurtmachi tomonidan qabul qilingan boʻlsa, “Zeromaks” (faoliyati toʻxtatilgan) bajargan ishlar qabul qilinmagan.

Maʼlum boʻlishicha, stadionning ichki yongʻinga qarshi suv quvurlari oʻchirilgan boʻlib, bu yongʻin sodir boʻlgan holatda tomoshabinlar va stadion xodimlari hayotiga tahdid solishi mumkin. Metall suv quvurlarida stadion bilan yonma-yon joylashgan metropoliten elektr tarmoqlaridagi qisqa tutashuvlar oqibatida teshiklar paydo boʻlgan.

Undirilayotgan oʻsimliklarning bir qismi mintaqa iqlimi va tuprogʻiga mos kelmagani sababli qurib qolgan.

Stadion imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmagan, deya qayd etdi Bosh prokuratura. “Birgina “Oʻztransgaz“ homiylik qilib kelayotgani sababli muntazam ravishda moliyaviy muammolar kuzatilgan. Jumladan, stadion xodimlari iyul oyi maoshini olmagan, gazon uchun oʻgʻitlar, maxsus transport uchun ehtiyot qismlar va yonilgʻi xarid qilinmagan, binoni kapital taʼmirlash va gazonni toʻliq almashtirish zaruriyati paydo boʻlgan”.

Muammolarni hal etish maqsadida Toshkent prokuraturasi stadion maʼmuriyatiga tashkiliy-huquqiy yordam koʻrsatadi. Mahkama yongʻinga qarshi metall quvurlarni plastik quvurlarga (mahalliy mahsulot), sport gazonlari aeratsiyasi tizimlarini almashtirish talab etilayotganini aniqladi.

Mazkur masalalarni hal etish Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi nazorati ostida boʻladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?