Prokuratura organlari 7,7 mlrd. soʻmdan ortiq byudjet mablagʻlari talon-toroj qilinganligini aniqladi

09:23 20 Oktyabr 2020 Jamiyat
961 0

Prokuratura organlari tomonidan ijtimoiy qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yoʻnalishida oʻtkazilgan monitoring va nazorat tadbirlarida, qonunga zid boʻlgan 108 ta huquqiy hujjatni bekor qilish yoki qonunga muvofiqlashtirish boʻyicha protestlar keltirilgan, qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan vakolatli organlarga 74 ta taqdimnomalar kiritilgan, 451 nafar mansabdor shaxslar intizomiy va maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, shuningdek qoʻpol qonunbuzilish holatlari yuzasidan 46 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, 672 mln. soʻmlik yetkazilgan zararlar ixtiyoriy qoplangan, sudlarga qiymati 9,5 mlrd. soʻmlik 1013 ta daʼvo arizalari kiritilgan va 5,2 mlrd. soʻm undirilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

"Tekshirishlar natijasiga koʻra, 3 989 nafar shaxsning buzilgan huquqlari amalda tiklangan.

Shuningdek, tekshirishlar davomida korxona, tashkilot va muassasalar tomonidan boʻsh ish oʻrinlarini yashirish holatlari aniqlanib, ijtimoiy himoyaga muhtoj 26 445 nafar ishsiz fuqarolarga ishga joylashishida amaliy yordam koʻrsatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bergan maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning sentyabr oyi uchun 3 344 749 mln. soʻm pensiya, 3 250 532 mln. soʻm ish haqi, 438 276 mln. soʻm nafaqa jami 7 033 556 mln. soʻm ijtimoiy toʻlovlar toʻlab berilgan. 

Prokuror tekshiruvlari ayrim vazirliklar, byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi va boshqa byudjet muassasalari tomonidan bu boradagi qonun hujjatlari toʻliq bajarilmasdan, ish haqi toʻlovlarini maqsadsiz sarflash, talon-toroj qilish holatlariga yoʻl qoʻyilganligini koʻrsatdi. 

Prokuratura organlari tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida 46 ta holatda 7,7 mlrd. soʻmdan ortiq ish haqi, nafaqa va ularga tenglashtirilgan toʻlovlar uchun ajratilgan byudjet mablagʻlari talon-toroj qilinganligi aniqlangan boʻlib, bu asosan, Xalq taʼlimi vazirligi (2,8 mlrd.), Sogʻliqni saqlash vazirligi (2,6 mlrd.), Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi (177 mln.), boshqa byudjet muassasalari (1,5 mlrd.), shuningdek boshqa tashkilot va korxonalar (448 mln.) soʻm hisobiga toʻgʻri keladi. 

Hech birimiz Davlat tomonidan ijtimoiy sohaga ajratilayotgan mablagʻlar asosan ijtimoiy zaif qatlamlarni muhofaza qilish, ularni qoʻllab-quvvatlash, munosib hayot kechirishi, shu bilan birga taʼlim, sogʻliqni saqlash kabi yoʻnalishlar uchun ajratilishini unutmasligimiz kerak.

Shunday ekan har bir shaxs avvalambor maʼnaviy jihatdan bu borada oʻz masʼulligini anglab yetishi, va oʻz navbatida jinoyatga jazo muqarrarligi tamoyili amalda toʻliq oʻz ifodasini topishini tushunib yetishi lozim. 

Ijtimoiy qonunchilik ijrosi prokuratura organlarining doimiy nazoratida" deyiladi xabarda.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?