Prokuratura Bosh vazir va uning o‘rinbosari uchragan YTH bo‘yicha ma’lumot berdi

08:51 21 Avgust 2018 Siyosat
1733 0

Bosh vazir Abdulla Aripov va uning o‘rinbosari Alisher Sultonov ishtirokidagi YTH yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmati ham ma’lumot berdi.

Axborotda bosh vazir o‘rinbosari Alisher Sultonov nisbatan jiddiyroq jarohat olganini, umuman, YTH oqibatida bosh vazir va uning o‘rinbosari bilan birgalikda jami 6 kishi tan jarohati olgani ma’lum qilingan.

“20 avgust kuni soat 9:30 larda, “Qorasuv—Bo‘ka—Bekobod” avtomobil yo‘lining 92-kilometrida, Baxtiyor Saidov boshqaruvidagi “Damas” rusumli davlat raqam belgisi 10 U 945 LA bo‘lgan avtomashinani ishonchnoma orqali boshqarib, Bekobod tumani, Zafar qo‘rg‘oni tomonidan Bekobod shahar tomonga harakatlanib, boshqaruvni yo‘qotgan holda yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketib, haydovchi Rustam Tolipov boshqaruvidagi “Mersedes-Benz” rusumli davlat raqam belgisi 01 215 AVA bo‘lgan xizmat avtomashinasining chap yon tomon o‘rta qismiga urilib, yo‘l transport hodisasi sodir etgan.

Tibbiyot ma’lumotnomasiga ko‘ra, yo‘l transport hodisasi oqibatida “Mercedes-Benz” rusumli xizmat avtomashinasi salonida bo‘lgan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovda tibbiy muolaja talab etilmaydigan yengil shikast, bosh vazir o‘rinbosari Alisher Sultonovda chap son suyagi chiqishi, chanoq kosachasi yopiq sinishi, ko‘krak qafasi 7-10 qovurg‘alari yopiq sinishi, bosh tepa sohasi lat yeyishi, Prezident devoni mas’ul xodimi U.Qurbonovda o‘ng qo‘l bilak suyagi yopiq sinishi kabi tan jarohatlar, haydovchi Rustam Tolipovda bosh tepa sohasi hamda o‘ng yelka, o‘ng bilak ochiq bo‘g‘imi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi kabi jarohatlar aniqlangan.

Shuningdek, yo‘l-transport hodisasi oqibatida “Damas” avtomashinasi haydovchisi B.Saidovda peshona sohasi lat yeyishi, yo‘lovchi A.Meliboyevda o‘ng umrov suyagini yopiq sinishi kabi jarohatlar aniqlangan. Alisher Sultonov, U.Qurbonov, Baxtiyor Saidov, A.Meliboyev shifoxonaga joylashtirilib, ularga zaruriy tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda. R.Tolipovga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Mazkur yo‘l transport hodisasi yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda”, deyilgan xabarda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?