Profilaktika inspektori porani rad etdi. Natijada u...

11:50 10 Sentyabr 2018 Jamiyat
1594 0
Illyustrativ foto

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Temur Eshboyev/Navoiy. Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunida mamlakatimiz Ichki ishlar vazirligi idoralari korrupsiyaga qarshi kurashishda faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlaridan biri etib belgilangan. Shu asosda bir qator samarador tadbirlar amalga oshirilib, vazirlik tizimidagi xodimlar faoliyatida poraxoʻrlik va taʼmagirlik, xizmat vakolatini suisteʼmol qilish kabi holatlarga qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda. Ayni chogʻda vazirlik tizimidagi xodimlar orasida oʻz xizmat burchiga sidqidildan yondashib, oʻz halolligi bilan namuna boʻlayotgan, qonun ustuvorligi va jinoyatga jazo muqarrarligini taʼminlayotgan xizmatchilar ham moddiy, ham maʼnaviy ragʻbatlantirilmoqda.

Chunonchi, Zarafshon shahar IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektori leytenant Shuhrat Muhamedovning oʻz xizmat vazifasiga sadoqati bu borada fikrimizning yorqin dalilidir.

Leytenant Sh. Muhammedov fuqaro B.Sh.ning noqonuniy shaʼriy nikoh oʻqish bilan shugʻullanayotganligi toʻgʻrisidagi ishni oʻz yurituviga oladi. Joriy yilning 4 sentyabrida fuqaro B.Sh. unga qonuniy chora koʻrmasligi evaziga 500 ming soʻmni pora sifatida taklif etgach, Sh. Muhamedov tegishli idoralarga bildirgi bilan chiqib, tezkor tadbirlar natijasida B.Sh. 300 ming soʻm pulni pora tariqasida berayotgan paytda qoʻlga olinadi.

“Mazkur holat yuzasidan B.Sh.ga nisbatan Oʻzbekiston RespublikasiJKning 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Shuningdek, oʻz xizmat vazifasiga vijdonan yondoshib, qonun ustuvorligini taʼminlash, ichki ishlar idoralari xodimlariga nisbatan ishonchni yanada mustahkamlanishiga qoʻshgan hissasi uchun leytenant Shuhrat Muhamedov ikki million soʻm pul mukofoti bilan ragʻbatlantirildi”, - deydi viloyat IIB matbuot guruhi rahbari Oʻktam Usmonov.

Albatta, bu pul unga ona sutida halol.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?