Professor oʻzi oʻqigan maktabga 300 ta kitob bilan keldi

17:11 25 Aprel 2019 Jamiyat
379 0

Zamonlar toʻlqinlarini yorib oʻtuvchi nima? Kitoblar! Oʻrta asrlarda yashagan ingliz faylasufi Frensis Bekonning xulosasi shunday! Uning taʼrificha, kitoblar — qimmatbaho yuklarini avlodlardan avlodlarga ardoqlab yetkazuvchi tafakkur kemalaridir.

Mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasida boshlangan saʼy-harakatlar, ezgu tashabbuslar zamirida ham yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodning maʼnaviy dunyosini boyitish, bilim va dunyoqarashini yuksaltirish maqsadi mujassam. Chunki mamlakatimizda kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimi jiddiy islohotlarga, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish sohasi ham yangicha yondashuvga muhtoj edi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 yanvarda mazkur sohalarni takomillashtirish va rivojlantirishga doir farmoyishi, 2017 yil 13 sentyabrda qabul qilingan qaror esa ayni shu ehtiyojlar samarasidir. Binobarin, yaqinda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusdan biri ham bevosita mazkur masalaga daxldor. Unga muvofiq, ayni paytda yurtimizdagi katta-kichik rahbarlar, turli sohalar mutasaddilari, maʼnaviyat, ilm-fan sohasi peshqadamlari joylarda turli targʻibot tadbirlarida ishtirok etishyapti. Shuningdek, ularning oʻzlari tahsil olgan umumtaʼlim maktablariga kitoblar sovgʻa qilishi ezgu anʼana tusiga kirdi.

Taniqli tilshunos olim, tarjimon, Samarqand davlat chet tillari instituti professori, filologiya fanlari doktori Muhammadjon Xolbekov ham ana shu xayrli tashabbusga bosh qoʻshdi. U yaqinda Samarqand viloyatining Payariq tumanidagi oʻzi taʼlim olgan 18-maktabga ajoyib tuhfa — 300 ta kitob bilan kirib bordi. Oʻquvchilarga taqdim etilgan badiiy va oʻquv adabiyotlari, darsliklar orasida olimning oʻzi tarjima qilgan fransuz adiblari asarlari ham bor.

Xayriya aksiyasida professorning shogirdlari — Samarqand tibbiyot institutining “Tillar” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari nomzodi Dilbar Babayeva, shu institutning “Pedagogika, psixologiya, rus va uzbek tillari” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori Uljan Qarshibayeva, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali “Tillar” kafedrasi mudiri, dotsent Dilfoʻza Toirovalar ishtirok etdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?