Professor M. Mahmudov: Bugun o‘qishga kirgan talabaning diplom olishi kafolatlanib qolgan edi

16:25 08 Iyun 2018 Jamiyat
999 0

Ta’lim va fan sohasida uzoq yillar ishlab, ko‘plab islohot va o‘zgarishlarning guvohi bo‘lganmiz. Ammo, ilm-fan va maorif taraqqiyotini ta’minlovchi, milliy madaniyatimiz va mentalitetimizga mos keng qamrovli tub o‘zgarishlar asosan keyingi 1-1,5 yil ichida amalga oshirilmoqda. Bu albatta, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatning istiqbolini, xalqimizning baxtli va tinch hayot kechirishini ko‘zlab olib borayotgan ichki va tashqi siyosatlarining natijasidir.

Ta’kidlash lozimki, 2017 yilda doktorlik dissertatsiyalari himoyalarini 2 bosqichli tizimga, rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida, qaytarilishi qisqa vaqt ichida fan doktorlari sonini oshishiga va ilmiy tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalari salohiyatini sezilarli o‘sishiga olib keldi. Umumta’lim maktablarni 11 yillik o‘qish tizimiga o‘tkazilishi, kechki va sirtqi bo‘limlarning tiklanishi, maktabgacha ta’lim sohasidagi ulkan o‘zgarishlar, mamlakatimizni innovatsion rivojlanish yo‘liga o‘tishi davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlarining ko‘rinishlaridan bir qismi, xolos.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini yangicha isloh etish va oliy ta’lim xodimlarining jamiyat hayotida yanada faolroq ishtirok qilishiga yo‘naltirilganligi bilan ham ahamiyatlidir.

Eng e’tiborli tomoni shundaki, qarorda bugungi oliy ta’limning ahvoli, davlat va jamiyat qurulishidagi o‘rni ochiq-oydin ko‘rsatib berilgan. Va shu kamchiliklarni bartaraf etish qarorda bandma-band belgilangan.

Hujjatda oliy ta’lim tizimida bakalavriat ta’limining ba’zi yo‘nalishlarini 3 yillikka o‘tkazilishi, ta’limning maqsad va vazifasidan kelib chiqib magistratura ta’limi 1 va 2 yillikka ajratilishi, xorijiy fuqarolarni suhbat asosida mamlakatimiz OTMlariga test sinovlarisiz qabul qilinishi, yetakchi OTMlar o‘quv reja va dasturlarini iste’molchilarning talablaridan kelib chiqib, mustaqil ishlab chiqishlari oliy ta’lim tizimidagi tub yangilik sifatida muhim ahamiyatga egadir.

Qarorning muhim jihatlariga oliy ta’lim talabalari bilimini nazorat qilish va baholash tizimi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish; bitiruvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish, ; talabaning o‘zlashtirish darajasi professor-o‘qituvchi faoliyatining asosiy mezoni qili olinishi; “Ustoz-shogird” tamoyili bo‘yicha talabalar bilan ko‘proq ishlash lozimligi va boshqa muhim yangiliklarni kiritish mumkin.

Hech kimga sir emaski, bugun o‘qishga kirgan talabaning diplom olishi kafolatlanib qolgan edi. Bu holat ularning darsliklar va eng yangi ilmiy adabiyotlar bilan ishlamaslikka, osongina baholar olishiga imkoniyat yaratdi. Talabani o‘qishdan chetlatish yoki qayta o‘qish bosqichiga qoldirish katta muammo va noxushliklarga olib kela boshladi.

Qarordagi yana bitta muhim band – bu OTMlardagi professor-o‘qituvchilar va xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilmaslikdir. Bu OTMlardagi ijtimoiy muhitning barqarorlashiga, o‘qituvchilarni esa ko‘proq bevosita asosiy lavozim vazifalarini bajarishga undaydi. Xuddi shuningdek, universitet va institutlarda jamoatchilik kengashlarini tuzish, o‘qituvchilarni ishga qabul qilishda yangi tartibning joriy etilishi, chet ellik hamkorlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini yaratish oliy ta’lim nufuzini oshishiga ijobiy ta’sir qiluvchi omillardan hisoblanadi.

OTMlari jamoasini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda, shuningdek, davlat va jamiyatda yuz berayotgan jarayonlarda ishtirokini faollashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgandir. Bugungi kunning talabidan kelib chiqib, OTMlardagi ma’naviy – ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori lavozimini o‘rniga yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor lavozimining joriy qilinishi,iqtidorli talabalarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab quvvatlash va rag‘batlantirish tizimidagi qo‘shimchalar Prezidentimizning yoshlarga yaratayotgan imkoniyatlarining yangicha ko‘rinishi deb o‘ylayman.

Taraqqiy etgan davlatlarda axborot texnologiyalari jamiyat va davlatning uzviy qismiga aylangan. Mazkur qarorda oliy ta’lim tizimini axborot texnologiyalari bilan boyitish, faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi va talabalarga yaxshi shart-sharoitlarni yaratish mutasaddi mas’ullar zimmasiga yuklanishi ham e’tibordan chetda qolmagan.

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining mazkur qarori ta’lim sohasidagi ezgu-niyatlarning amalga oshishida muhim amaliy tashabbus bo‘ldi.
Mels MAHMUDOV,
Buxoro davlat universiteti professori.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?