Professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi tasdiqlandi

20:42 12 Noyabr 2020 Hujjatlar
726 0

Hukumat qarori bilan Professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish davlat buyurtmasi parametrlari asosida vazirliklar va idoralar tizimidagi professional taʼlim muassasalarida tashkil etiladi.

Professional taʼlim muassasalarining kunduzgi, sirtqi va kechki (smenali) taʼlim shakllariga abituriyentlarni qabul qilish kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) natijalariga koʻra toʻplangan ballarning reyting tizimi boʻyicha aniqlanadi.

Hujjatlarni qabul qilish quyidagi muddatlarda amalga oshiriladi:

● kasb-hunar maktablariga 9-sinf bitiruvchilarining hujjatlarini qabul qilish har yili 1-iyuldan 20-iyulgacha (shu kuni ham);

● kollejlar va texnikumlarga – har yili 10-avgustdan 10-sentyabrgacha (shu kuni ham).

Kasb-hunar maktablariga birinchi navbatda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari qabul qilinadi.

Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun moʻljallangan professional taʼlim muassasalariga oʻquvchilar Sogʻliqni saqlash vazirligining tibbiy maslahat komissiyasi xulosasi va yoʻllanmasi asosida (har bir guruhga 15-20 nafar oʻquvchi) qabul qilinadi.

Qarorga koʻra, professional taʼlim muassasalariga yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan oʻquvchilar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari qabul parametrlaridan tashqari qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?