Prezidentlar qarori keksa onaxonning ushalmas orzusini amalga oshirdi

18:06 23 Mart 2018 Siyosat
1271 0
Foto: news.tj

O’zbekiston va Tojikiston rahbarlari o’z fuqarolari uchun viza rasmiylashtirmasdan qo’shni mamlakat hududida 30 kungacha bo’lish imkoniyatini yaratib berganidan xabaringiz bor. 

Qardoshlar bundan unumli foydalanib, Navro’z ayyomi nishonlangan kunlarda sayohatga otlanishdi. Xususan, ko’plab tojikistonliklar diyorimizga tashrif buyurib, o’z safarlarini ko’tarinki kayfiyatda, zavq-shavq va hayratga to’lib o’tkazishdi. Olgan katta taassurotlarini internet ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalariga tezda joylashtirib, barcha bilan o’rtoqlashdi. Bu haqida “news.tj” axborot portali ma’lumot berdi. 
Quyida ularning ayrimlarini keltirib o’tamiz.

“Qaror qabul qilindi: chegara ochiq! Qani ketdik. Ertalab soat 8:00dan Tojikiston – O’zbekiston chegarasiga etib keldik. Hech qanday tanqid yo’q, faqat axborot. Biz tomondagi chegarada ozgina tartibsizlikni hisobga olmaganda, hamma o’tayapti. Qardosh O’zbekiston tomonda 5-6 nafar chegara xizmati zobiti va 2 nafar bojxona xizmati xodimi mening avtoulovimni sinchkovlik bilan tekshirdi. Qat’iy, lekin muloyimlik bilan. Buning uchun ularga plyus”, — deb yozadi Farxod Sanginov. Shuningdek, u O’zbekistonda narx bo’yicha hamma narsa arzonligini qayd etib, jumladan shunday ta’kidlaydi: “Bir portsiya kabobda — uchta six. Tuxum, un, mandarinlar, non — arzon”.

Aytgancha, dam olish kunlari mamlakatimizga kelgan tojikistonliklarning mahsulotlar O’zbekistonda Tojikistonga nisbatan ancha arzonligi haqidagi fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda asosiy o’rinni egalladi, trendga aylandi.

Mehmonlar, shuningdek, O’zbekiston fuqarolari tomonidan ko’rsatilgan xushmuomalalikni alohida e’tirof etdilar.

“Yigirma yildan ortiq vaqt ichida bir-birimizni ko’rmagan edik, bir-birimiz haqida deyarli hech narsa bilmas edik, endi xuddi o’rtada nifoq bo’lmagandek uchrashdik, biz haqiqatan ham o’zbeklar bilan birodarlarmiz, biz mintaqadagi eng yaqin xalqlarmiz”, — deb qayd etadi ParvizXZ nikli yana bir foydalanuvchi.

Shular qatorida Tojikistonga tashrif buyurgan o’zbekistonliklar ham qo’shnilar mehmondo’stligidan xursand ekanligini yashirmagan.

Foto: news.tj

“Tojikiston xalqiga mehmondorchilik uchun rahmat, — deb yozadi samarqandlik Nodir Ahmedov. — Kecha Samarqand tarafdan Dushanbega o’z avtoulovim bilan bordim! DAN xodimlari yaxshi va xushmuomala. Qardosh Tojikiston xalqiga mehmonnavozlik uchun minnatdorlik bildiraman. Tojikistonda hech qachon bo’lmaganman, kecha ilk bor tashrif buyurdim, o’z mashinamda Dushanbe, Panjikent shaharlarini aylandim, hammasi a’lo — muammo yo’q. O’zbek va tojik xalqiga hurmat! Prezidentlarga rahmat!”

O’z navbatida, “Facebook”dagi Tojikistonning mashhur guruhlarida o’zbekistonlik, O’zbekistonning mashhur guruhlarida esa tojikistonlik ko’plab yangi ishtirokchilar paydo bo’ldi.

Qolaversa, o’zbekistonliklar qo’shni yurtdan keladigan mehmonlarga qo’lidan kelgancha on-layn ko’mak berishga intilgan.

“Bolalar, mana sizga Toshkent metrosi xaritasi”, — deb fotosuratlarni taqdim etgan o’zbekistonlik Bobur Feniks.

Yana bir foydalanuvchi Otabek Fatxullaev esa Toshkentning qaysi joyida ovqatlanish mumkinligi, O’zbekistonning istalgan bankida valyuta ayirboshlash imkoniyati mavjudligi, xususan, 1 AQSh dollarining davlat kursi haqida ma’lumot bergan. 

Hatto, ayrim o’zbekistonliklar yordam kerak bo’lsa deb o’z shaxsiy telefon raqamlarini, tojikistonliklar esa bunga javoban o’z raqamlarini qoldirgan. 
“Biz Samarqandga buvimiz bilan bordik. Men uni o’z mashinamda olib bordim. U kishi 79 yoshda, — deb yozadi Nodir Ibrohiov “Facebook”dagi sahifasida. — U yo’l bo’yi jim ketdi. Samarqand uning Vatani va buvim endi u erga boshqa bora olmasligi haqida ko’p gapirardi. Lekin bordi. Uning ushalmas orzu armonini amalga oshirgan barchaga rahmat, bizning qardosh xalqlarimizga shon-sharaflar bo’lsin. Bundan buyon doim shunday bo’laversin”.

Eslatib o’tamiz, joriy yil aprel oyida mamlakatlar o’rtasidagi avtobus qatnovlari yangilanib, Tojikistondan avtobuslar O’zbekistondagi beshta shahar — Toshkent, Samarqand, Denov, Termiz va Farg’onaga boradi. Shundan so’ng yuqoridagi kabi dil so’zlari, orzular ro’yobi ko’payishiga shubha yo’q.     


 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?