Prezidentlar muzokaralar natijalaridan mamnunligini bildirdi

14:57 28 May 2019 Siyosat
369 0

Oʻzbekiston va Germaniya Prezidentlarining muzokaralari yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻldi. 

Axborot almashish va uni himoya qilish, parnik gazlari chiqarilishini kamaytirish va iqlim oʻzgarishlariga moslashish, “Volkswagen” kompaniyasi bilan hamkorlikda tijorat avtomobillari ishlab chiqarish toʻgʻrisida va boshqa hujjatlar imzolandi. Prezidentimiz ushbu kelishuvlar, ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan Germaniyaning “Integra GmbH” va “Vamed Engineering GmbH” kompaniyalari hamkorligida Toshkent shahrida Yadroviy tibbiyot va nurli terapiya markazini tashkil etish boʻyicha bitim xalqimiz uchun katta ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Ommaviy axborot vositalari uchun oʻtkazilgan brifingda Prezidentlar muzokaralar anʼanaviy doʻstlik, ochiqlik va oʻzaro anglashuv ruhida oʻtgani, muhim kelishuvlarga erishilganini qayd etdi.

– Joriy yil yanvar oyida Berlin shahrida oʻtgan uchrashuvimizning mantiqiy davomi boʻlgan bugungi muzokaralar natijalaridan toʻla mamnunman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ikki tomonlama hamkorlikning deyarli barcha yoʻnalishlari – siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa koʻplab sohalarga doir masalalar atroflicha koʻrib chiqildi. Oʻzbekiston va Germaniya hamkorligining bugungi holati muhokama qilinib, kelgusi ustuvor yoʻnalishlar va vazifalar belgilab olindi.

– Oʻzbekistonda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda oʻsish roʻy berayotganini koʻryapmiz va bunga hurmat bilan qaraymiz. Katta delegatsiyadan iborat ushbu tashrifimiz ham hamkorlikni kengaytirishga intilishimiz va qoʻllab-quvvatlashimizdan dalolat beradi. Mamlakatlarimiz oʻrtasida va Yevropa Ittifoqi doirasidagi aloqalarga doir keng koʻlamli masalalarni muhokama qilganimizdan, ularning natijalaridan mamnunmiz, – dedi Frank-Valter Shtaynmayer.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-madaniy munosabatlar rivojiga hissa qoʻshib kelayotgan Germaniya tashkilotlari va vakillariga minnatdorlik bildirdi.

GFR Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?