Prezidentimizning BAAga tashrifi haqida xorijiy OAVda yuzdan ziyod materiallar eʼlon qilindi

10:46 27 Mart 2019 Siyosat
510 0

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga amalga oshirgan rasmiy tashrifi dunyo ommaviy axborot vositalari, xususan, arab mass-mediasida keng yoritildi. Birgina mahalliy gazetalar, radio va televideniye, saytlarda mazkur tashrif bilan bogʻliq yuzdan ziyod maqolalar, lavhalar, radioeshittirishlar tayyorlandi. Belgilangan uchrashuvlar, muzokaralar, kelishuvlar, ekspertlarning fikricha, juda samarali kechgan.

Mamlakatdagi nufuzli “Dubai TV” telekanali sharh­lovchilari Oʻzbekiston rahbarining BAAga tashrifini tarixiy deya baholab, bu ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bos­qichga olib chiqishga turtki berishini qayd etdi.

“Abu-Dabi shahridagi “Qasr al-Vatan” saroyida boʻlib oʻtgan uchrashuvda ­Prezident Shavkat Mirziyoyev va Abu-Dabi Amirligi valiahdi Muhammad bin Zoid Ol Nahayon iqtisodiyot, innovatsiya, savdo, moliya, turizm va boshqa sohalarda hamkorlik qilish hamda tajriba almashish ikki tomon uchun manfaatli ekanini taʼkidladi. Oʻzbekistonda keyingi yillarda olib borilayotgan islohotlar mamlakatning inves­titsiyaviy, iqtisodiy va madaniy imkoniyatlarini oshirishga xizmat qilmoqda” de­yiladi telekanal xabarida.

Aytish joizki, “Dubai TV” telekanali nafaqat arab ­dunyosi davlatlari, shu bilan birga, ­Avstraliya, Yevropa, Shimoliy Amerikada ham millionlab tomoshabinlariga ega.

Yana bir markaziy telekanal — “Abu Dhabi TV”da esa rasmiy tashrif doirasida imzolangan hujjatlarning ahamiyati haqida soʻz yuritiladi. Tomonlar kelishuviga binoan, BAAda Oʻzbekistonning yangi elchixonasi bunyod etilishi uchun yer ajratiladi. Shuningdek, ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari 2019 — 2021 yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi doirasida ishlarni davom ettiradi.

Shuningdek, investitsiyalar, moliya, muqobil energetika, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi, bojxona maʼmurchiligi, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlik boʻyicha imzolangan hujjatlar almashildi. Umuman, tashrif doirasida umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq boʻlgan kelishuvlarga erishildi.

Abu-Dabidagi mashhur “The National” gazetasi muxbiri Oʻzbekiston yetakchisining shayx Zoid bin ­Sulton Ol Nahayon maqbarasi va masjidini ziyorat qilgani haqida ham toʻxtaldi.

Taʼkidlanishicha, shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon BAAning birinchi Prezidenti hisoblanib, u 2004 yili oʻzi qurdirgan mazkur masjid yonida dafn etilgan.

Gazetada Abu-Dabi Amirligi valiahdi Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning “Tvitter” ijtimoiy tarmogʻida yozib qoldirgan xabariga ham eʼtibor qaratilgan. Unda yozilishicha, Shavkat Mirziyoyevning BAAga tashrifi turli sohalarda hamkorlik qilishda yangi sahifani ochadi.

Arab tilidagi yetakchi nashr — “Al Bayan” gazetasida tashrif doirasidagi tadbirlar tahlilga boy maqolalar bilan muntazam yoritib borildi. Ulardan birida “Oʻzbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirish chuqur maʼno-mazmunga ega. Prezident Mirziyoyevning BAAga ilk tashrifi ikki mamlakat oʻrtasida oʻzaro ishonch va hurmat ruhidagi hamkorlikni rivojlantirishga asos boʻladi” deyiladi.

Gazeta muxbiri Oʻzbekis­tonda turizmni rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan tashabbuslarni alohida eʼtirof etib, bunda sayyohlarga viza olishda qulayliklar yaratilayotganiga toʻxtaladi. “Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning yaqinda imzolangan ­tegishli hujjatiga muvofiq, Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun Oʻzbekistonga borishga vizasiz rejim joriy qilindi. Bu mamlakatga ziyorat turizmi yoʻnalishida arablarning borishini keskin oshirishi, shubhasiz” deyiladi maqolada.

BAAdagi eng nufuzli, yarim asrlik tarixga ega “Al-Ittihad” gazetasi va uning internetdagi rasmiy saytida tashrifga doir oʻndan ziyod materiallar eʼlon qilindi. Ular orasida savdo, iqtisodiy hamkorlik boʻyicha chop etilgan tahliliy maqola alohida eʼtiborga loyiq.

“Joriy yil 12 mart kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston — BAA hukumatlararo komissiyasining uchinchi yigʻilishi natijalari ijobiy baholandi. Hukumatlararo komissiya oldiga yaqin yillarda oʻzaro savdo aylanmasi hajmini 1 milliard dollarga yetkazish, buning uchun tovar yetkazib berishni koʻpaytirish, xom ashyoni qayta ishlash va qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ­ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish vazifasi qoʻyildi.

Ikki mamlakat oʻrtasida turizm sohasida ham ulkan salohiyat bor. Amirliklar aholisi Oʻzbekistonning boy madaniy merosi, shuningdek, bu yerda yetishib chiqqan hamda islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk allomalar maqbaralarini ziyorat qilishdan manfaatdor. Maʼlumotlarga koʻra, 2018 yilda BAAdan Oʻzbekistonga borgan sayohatchilar soni 1,5 barobar oʻsgan” deyiladi “Al-Ittihad” gazetasida.

Anvar MIRZAYEV (“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?