Prezidentga fortepiano chalib bergan askar Konservatoriyada qachon oʻqishni boshlashi maʼlum boʻldi

21:00 21 Noyabr 2018 Jamiyat
896 0

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Joriy yilning 16 noyabr kuni Oʻzbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugining Nukus garnizonida boʻlib, harbiy xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Shavkat Mirziyoyev bu yerda turli yoʻnalishlar boʻyicha oʻtkazilayotgan mashgʻulotlar jarayonini koʻzdan kechirgan, yoshlar bilan suhbatlashgan edi.

Oʻshanda garnizondagi harbiy qismlarning birida yigitlik burchini oʻtayotgan oddiy askar Jamshid Himmatov Oʻzbekiston Prezidentiga fortepianoda kuy ijro etib, barchaning olqishiga sazovor boʻldi. Prezidentning topshirigʻiga koʻra, Jamshid Himmatov muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgach, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasiga imtiyoz asosida oʻqishga qabul qilinadigan boʻldi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Prezidentimizning biz xizmat qilayotgan garnizonga tashrifidan xabar topgach, u kishiga fortepianoda milliy mumtoz qoʻshiqlarimizdan birini ijro etib berish tashabbusi bilan chiqdim. Bu fikrimni komandirlarim, xizmatdosh doʻstlarim ham qoʻllab-quvvatladi va men orzuimga erishdim. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan menga bildirilgan yuksak ishonchdan unumli foydalanib, kelajakda Qurolli Kuchlarimiz harbiy orkestrida xizmat qilish niyatim bor”, — deydi Jamshid Himmatov.

Jamshid Himmatov 1998 yili Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida tugʻilgan. 2017 yili Termiz sanʼat kollejida “Akademik vokal artisti” yoʻnalishi boʻyicha tahsil olgan. 2018 yili muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan va hozirda Nukus garnizonida yigitlik burchini oʻtamoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?