Prezident: “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi gʻoya kundalik faoliyatimizga tobora chuqur kirib bormoqda

11:20 24 Yanvar 2020 Siyosat
329 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga Murojaatnoma yoʻllamoqda.

Davlatimiz rahbari oʻz soʻzining avvalida yaqinda boʻlib oʻtgan saylov natijalari, aholining faolligi va jipsligi haqida gapirdi:

“Jonajon Oʻzbekistonimiz yangi oʻn yillikka qadam qoʻymoqda. Erishgan natijalarimiz tarixga aylanib, oldimizda yangi-yangi oʻzgarishlarni amalga oshirish boʻyicha ulkan vazifalar va imkoniyatlar paydo boʻlmoqda.

Shu bois, bugun Sizlar bilan birgalikda, mamlakatimizni 2020-yil va kelgusi 5 yilda rivojlantirish boʻyicha, ustuvor yoʻnalish va vazifalarni belgilab olishimiz zarur.

Yaqinda “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida boʻlib oʻtgan saylovlar natijasida respublikamizda demokratik islohotlarni yuqori bosqichga olib chiqish uchun, zarur boʻlgan yangi siyosiy muhit vujudga keldi.

Saylovlar ochiq-oydin, xalqaro standartlar asosida oʻtkazilishini nazorat qilish uchun 50 ga yaqin davlatdan hamda 10 ta xalqaro tashkilotdan 825 nafar kuzatuvchilar ishtirok etdi.

Birinchi marta Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining 316 kishilik toʻlaqonli missiyasi bilan yaqin hamkorlik qildik.

Xalqaro kuzatuvchilar, saylovlar erkin raqobat muhitida, siyosiy partiyalar oʻrtasidagi qizgʻin tortishuv va bahs-munozaralar sharoitida oʻtganini, bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining roli sezilarli darajada oshganini alohida eʼtirof etdilar.

Barcha xalqaro kuzatuvchilarga, saylov jarayonlari haqidagi xolis fikrlari va tavsiyalari uchun, butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Biz albatta, ushbu tavsiyalarning har birini chuqur oʻrganib, tegishli dastur qabul qilib, amaliyotga keng joriy etamiz.

Bu borada, saylov komissiyalari va aholining saylov madaniyatini yuksaltirish, siyosiy partiyalarning oʻz elektorati bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, partiyalarning siyosiy faolligini oshirish, oldimizda turgan muhim masalalardan biridir.

Shu bilan bir qatorda, mahalliy kengashlarga saylov oʻtkazishning uch pogʻonali tizimini optimallashtirish, bunda tuman va shahar saylov komissiyasining rolini oshirishga alohida eʼtibor qaratish lozim.

Parlament va Markaziy saylov komissiyasi, saylov yakunlari boʻyicha rejalashtirilgan vazifalarni amalga oshirishda, yaqin hamkorlikda ish olib borishi zarur boʻladi.

Barcha deputat va senatorlarga, ularning timsolida butun Oʻzbekiston xalqiga murojaat qilib, aytmoqchiman: demokratik islohotlar yoʻli – biz uchun yakkayu yagona va eng toʻgʻri yoʻldir.

Bu borada biz, har kuni izlanishdamiz, xorijdagi ilgʻor tajribalarni chuqur oʻrganib, hayotimizni, ish uslubimizni yangilashga harakat qilmoqdamiz.

Biz yangi Oʻzbekistonni xalqimiz bilan birgalikda barpo etamiz, degan ulugʻvor maqsadni oʻz oldimizga qoʻyganmiz.

Bu borada “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi gʻoya kundalik faoliyatimizga tobora chuqur kirib bormoqda.

Islohotlarning amaliy natijadorligini oshirishda, joylarda yangi tashabbuslarni ilgari surishda aholimizning yanada faolroq, yanada tashabbuskor boʻlishiga erishmogʻimiz lozim.

Eng asosiysi, bu islohotlar natijasida xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishimiz kerak.

Odamlarimiz yetarli daromad topishi uchun eng qulay biznes va investitsiya muhitini shakllantirib, yangi-yangi korxonalar va ish joylarini koʻpaytirishimiz zarur.

Bu gʻoyat dolzarb ishlarni oʻzimiz qilmasak, hech kim bizga chetdan kelib qilib bermaydi.

Xalqimiz, shuni yaxshi bilishi kerak: oldimizda uzoq va mashaqqatli yoʻl turibdi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz oʻqib-oʻrgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, oʻzimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta hayotimiz va jamiyatimiz oʻzgaradi.

Men bunga qatʼiy ishonaman va bu fikrni sizlar ham qoʻllab-quvvatlaysizlar, deb oʻylayman.“

Murojaatnoma davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?