Prezident yangi qiyofa kasb etgan ”Chashma” tarixiy majmuasida boʻlib, ziyolilar bilan suhbatlashdi

16:49 12 Mart 2019 Siyosat
284 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yili Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida Nurota tumanidagi “Chashma” ziyoratgohi atrofini kengaytirish va obodonlashtirish, sayyohlar uchun zamonaviy mehmonxona qurish yuzasidan koʻrsatmalar bergan edi.

Oʻtgan yili bu ishlar toʻla amalga oshirilib, ziyoratgoh hududi oʻzgacha chiroy ochdi. Ellik oʻrinli “Nurota” mehmonxonasi foydalanishga topshirildi. Manzarali buta va daraxtlar ekilib, favvora bunyod etildi. Ziyoratchilar hordiq chiqarishi uchun soʻri va oʻrindiqlar oʻrnatildi. Muzey binosi, Hunarmandchilik markazini barpo etish davom etmoqda.

Davlatimiz rahbari tarixiy qadamjoni ziyorat qildi, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini koʻzdan kechirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Chilustun” va “Panjvaqta” masjidlari, Abul Hasan Nuriy maqbarasini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Shu boradagi loyiha takliflari bilan tanishar ekan, Prezidentimiz ziyoratchi va chet ellik sayyohlar uchun qulayliklarni oshirish, talab yuqoriligini inobatga olib yana sakson oʻrinli mehmonxona qurish, sayyohlarga xizmat turlarini koʻpaytirib, aholini qoʻshimcha daromad bilan taʼminlash zarurligini taʼkidladi.

Quduqlar barpo etish va tomchilatib sugʻorishni yoʻlga qoʻyish orqali Nurota tumanidagi lalmi yerlardan samarali foydalanish, dukkakli ekinlar yetishtirish va chorvachilikni kengaytirish, parrandachilik-gʻallachilik klasteri tashkil etish rejalari muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu barcha chora-tadbirlarni qamrab olgan, Nurota tumanini kompleks rivojlantirish boʻyicha hukumat qarorini ishlab chiqish yuzasidan topshiriq berdi.

Mahalliy aholi vakillari - nuroniylar, tadbirkorlar, xotin-qizlar va yoshlar bilan suhbatda shu kabi rejalar, mamlakatimiz va Navoiy viloyatidagi oʻzgarishlar haqida soʻz bordi.

Prezidentimiz Nurota tumanida ham toʻplanib qolgan masalalar bosqichma-bosqich hal etilayotgani, ushbu tashrif chogʻida yana ulkan rejalar belgilanishini qayd etdi.

- Odamlar bizga ishonyapti, ertangi kunga umid bilan qarayapti. Bu ishonchni har bir rahbar yuragidan oʻtkazib, yangicha dunyoqarash bilan ishlashi, xalqqa xizmat qilishi kerak. Eng katta masala - ish joylari. Hamma harakatlarimiz aholini ish bilan taʼminlash, iqtisodiyotimizni rivojlantirishga qaratilgan, - dedi davlatimiz rahbari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?