Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish yoʻllarini koʻrsatib oʻtdi

14:23 14 Dekabr 2018 Siyosat
807 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 dekabr kuni Qarshi shahrida boʻlib oʻtgan yigʻilishda Qashqadaryo iqtisodiyotini tarkibiy oʻzgartirish, odamlarni ish bilan taʼminlash yoʻllarini koʻrsatib oʻtdi.

- Ijtimoiy masalalarni hal qilish uchun avvalo iqtisodiyotni rivojlantirish kerak. Shu bois 2019-2020 yillarda sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish va boshqa sohalarda amalga oshiriladigan 1 ming 200 dan ziyod loyiha boʻyicha takliflar ishlab chiqildi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joriy yilda viloyatga 63 mingdan ziyod xorijlik sayyoh kelgani, lekin bu judayam kamligi qayd etildi. Bu sohadagi barcha imkoniyatlarni ishga solish, Shahrisabzni festivallar shahriga aylantirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Qishloq xoʻjaligidagi natijalar qoniqarsizligi, paxtachilikda jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani tanqid qilindi. Kelgusi yili viloyatda paxta yetishtirishni 52 foiz maydonda klaster usuliga oʻtkazish, tayyor mahsulotlar eksportini ikki barobar oshirish vazifasi qoʻyildi.

Davlatimiz rahbari Yakkabogʻ, Qamashi, Shahrisabz, Kitob tumanlarida 10 ming gektar maydonda uzum, Chiroqchi va Koson tumanlarida 20 ming gektar lalmi yerda tarvuz yetishtirish imkoniyatlarini koʻrsatib oʻtdi. Dehqon xoʻjaliklari va tomorqalarga noʻxat, mosh, loviya, kunjut kabi bozorbop mahsulotlar ekish odamlarga ish, qoʻshimcha daromad boʻlishini taʼkidladi.

Prezident videoselektor orqali tumanlardagi odamlar bilan muloqot qilib, ularning taklif va istaklarini bajarish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?