Prezident “Vatanparvarlar” bogʻini koʻzdan kechirdi

18:09 14 Dekabr 2018 Jamiyat
861 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahrida barpo etilgan “Vatanparvarlar” bogʻini borib koʻrdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bu majmua davlatimiz rahbarining viloyatga avvalgi tashrifida bergan koʻrsatmasiga muvofiq vatanparvarlik ruhida rekonstruksiya qilingan.

Qariyb 7 gektar hudud obodonlashtirib, muzey va blendaj qurilgan. Ikkinchi jahon urushida mardonavor jang qilgan vatandoshlarimiz xotirasi jonlantirilgan. Muzey atrofida tarixiy harbiy texnikalar joylashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bogʻ markazida Oʻzbekiston milliy xaritasining ulkan maketi joylashtirilgan. Unda har bir viloyatning buyuk siymolari, qadimiy obidalari, serviqor togʻlari, hududidan oqib oʻtuvchi daryolari, bepoyon kengliklarigacha aks ettirilgan.

Bularning barchasi yoshlarning tarix haqidagi bilimlarini oshirib, mamlakatimizdan, ajdodlarimizdan, milliy armiyamizdan gʻururlanish tuygʻularini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Bogʻdagi sunʼiy koʻl, amfiteatr, oʻq otish va qoyaga chiqish joylari yoshlarning vaqtini mazmunli oʻtkazish, salomatligini mustahkamlashga yordam beradi.

Prezidentimiz bogʻdagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi, taʼlim muassasalaridagi “Jasorat” guruhlari aʼzolari bilan suhbatlashdi.

- Bunday maskanlar yoshlarga xalqimiz tarixi, maʼnaviyati va madaniyati haqida yaqqol taassurot beradi. Endi bundan samarali foydalanish, bu yerga yoshlarni koʻproq olib kelib, ochiq darslar oʻtkazish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻzbekistonning Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaga qoʻshgan hissasini yoshlarga yetkazish, tinchlik-osoyishtaligimiz uchun katta xizmatlar qilgan vatandoshlarimiz haqida soʻzlab berish zarurligi taʼkidlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?