Prezident vatandoshlarimizga davlat mukofotlarini topshirdi

16:07 31 Avgust 2018 Siyosat
392 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmonlariga muvofiq, mustaqilligimizning 27 yilligi arafasida mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirishga katta hissa qoʻshgan, oʻz sohalarida yuqori natijalarga erishgan bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

“Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 31 avgust kuni ana shu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi boʻldi.

Shavkat Mirziyoyev yigʻilganlarni Mustaqillik bayrami, davlat mukofotlariga sazovor boʻlgani bilan tabrikladi.

- Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davriga, yangi bosqichiga qadam qoʻydik.Kelajagimizni xalqimiz tomonidan qabul qilingan Harakatlar strategiyasi asosida oʻz qoʻlimiz, oʻz kuchimiz bilan barpo etmoqdamiz. Odamlarni rozi qilishni bugungi siyosatimizning bosh maqsadi, deb bilamiz. “Oʻsish”, “rivojlanish” deganda faqat raqamlarga, miqdor koʻrsatkichlariga emas, avvalo ular aholining kundalik hayotida, uyi va dasturxonida qanday namoyon boʻlayotganiga ustuvor ahamiyat qaratayapmiz, - dedi Prezident.

Bugun barcha-barcha jabhalarda oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Mamlakatimizning iqtisodiy qudratini yuksaltirish, hududlarni kompleks rivojlantirish, qishloq va mahallarni obod qilish, xalqning turmush darajasini oshirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bu ishlarga munosib hissa qoʻshayotgan, oʻzining fidokorona mehnati, Vatanga sadoqati bilan el-yurtga namuna boʻlayotgan insonlar xizmatini munosib qadrlanmoqda. Turli sanalar va kasb bayramlari munosabati bilan oʻnlab fidoyi insonlar davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanmoqda. Joriy yilning oʻtgan davrida turli sanalar munosabati bilan 320 nafar vatandoshimiz davlatimiz tomonidan faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi. Bayram arafasida ularning safiga yana 321 kishi qoʻshildi.

Prezidentimiz bir guruh yurtdoshlarimizga davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.

- Men sizlarning koʻpchiligingizni yaqindan taniyman. Har biringizni oʻz mehnati, jonkuyarligi va tashabbuskorligi bilan barchaga oʻrnak boʻlayotgan hurmatli insonlar sifatida qadrlayman.

Barchangizga tilagim bitta: sizlar mana shunday yutuq va zafarlarni qoʻlga kiritishdan hech qachon charchamang. Biz esa sizlarga davlatimizning mana shunday yuksak mukofotlarini topshirishdan charchamaylik, - dedi Shavkat Mirziyoyev.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?