Prezident Toshkent metallurgiya zavodi qurilishi bilan tanishdi

16:49 29 Avgust 2018 Siyosat
191 0

Yirik sanoat korxonalari mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi. Toshkent viloyati Zangiota tumanida barpo etilayotgan Toshkent metallurgiya zavodi shulardan biri.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 avgust kuni ushbu korxona qurilishi bilan tanishdi.

Loyiha qiymati 286,7 million yevrolik mazkur korxonaga Italiya, Germaniya, Avstriya, Rossiya kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan ilgʻor va zamonaviy uskunalar keltiriladi. Bu yerda avtomobil kuzovlari va maishiy texnika uchun metall listlar, metall cherepitsalar, profnastil va boshqa mahsulotlar tayyorlanadi. Toʻliq quvvatda tushirilgach, korxonada yiliga 500 ming tonna mahsulot ishlab chiqariladi, 700 ga yaqin ish oʻrni yaratiladi.

Prezidentimiz 2017 yil fevral oyida ushbu korxona qurilishi loyihasi bilan tanishib, mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar bergan edi. Oʻtgan vaqt mobaynida bu yerda keng koʻlamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Zavod binosi konstruksiyasi qurib bitkazildi.

Shavkat Mirziyoyev qurilishning borishi bilan tanishdi. Zavodning mamlakatimiz iqtisodiyotidagi oʻrniga toʻxtalib, bu yerda ishlaydigan mutaxassislar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?