Prezident topshiriqlari qanday bajarilmoqda? Mutasaddilar javob berdi

17:41 08 Fevral 2019 Jamiyat
353 0

Tanqidiy tahlil, qatʼiy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik. Bu — har bir rahbar faoliyatiga qoʻyilayotgan talab. Prezidentimiz joriy yil 11 yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida ham hududni rivojlantirishda xuddi shunday yondashuv zarurligini alohida taʼkidladi. Binobarin, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tuman va shahar faollari murojaatlarini tinglar ekan, mamlakatimiz rahbari ular koʻtargan muammoli masalalarni qisqa muddatda hal etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berdi.

Urgut tumanida koʻp qavatli uylar qurilishi, nasos stansiyalaridagi nosozliklarni bartaraf etish, Qoʻshrabot va Nurota tumanlarini bogʻlovchi yoʻlni kapital taʼmirlash hamda Qoʻshrabotda 10 va 11-sinflarga moʻljallangan qoʻshimcha binolarda qulayliklar yaratish, Nurobod tumanida maktabgacha taʼlim muassasasi hamda yopiq sport inshootini bunyod etish masalalari shular jumlasidan.

Davlatimiz rahbarining mazkur topshiriqlari qanday ijro etilyapti? Muxbirlarimiz shu haqda mutasaddilarga murojaat qildi.

Erkinjon TURDIMOV, Samarqand viloyati hokimi:

 

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Samar­qandga tashrifi viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy ­rivojlantirish, aholi turmush farovonligini ­yuksaltirishga xizmat qiluvchi muhim voqealardan biri boʻldi. Chunki ushbu uchrashuv va muloqotlar ­chogʻida davlatimiz rahbariga hududimiz istiqboliga oid koʻplab loyihalar taqdim etildi.

Eʼtiborli jihati, xalq deputatlari Samarqand ­viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ­tuman va shahar faollari Prezidentimizga murojaat qilib, oʻzlari yashayotgan hududlardagi mavjud muammolarning hal etilishida amaliy koʻmak soʻrash imkoniyatiga ega boʻlishdi. Xususan, yigʻilishda Urgut tumani aholisi talabidan kelib chiqqan holda, ushbu hududda koʻp qavatli uylar qurish masalasi ham koʻtarildi.

Shundan kelib chiqib, ayni paytda tuman markazida “Agromir Buildings” MCHJ tomonidan “Kamangaron” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi mahalliy hokimlik zaxira yer maydonlari hisobidan 10 ta 10 — 14 qavatli, 1 406 xonadonli arzon koʻp qavatli uy-joylar qurilishi belgilandi.

Bugungi kunda tumanda 100 ming kishilik “Yangi ­Urgut” zamonaviy uy-joy kompleksi qurilishi uchun tuman ­hokimining 2019 yil 28 yanvardagi qaroriga asosan, 103,3 gektar yer maydoni ajratildi. Loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda, qurilish maydoni tayyorlanmoqda.

Shavkat XAMRAYEV, Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri:

 

— Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Urgut tumanidagi “Yangi ariq” MMTP ­rahbari Barno Mamadaliyeva tomonidan qoʻshni Tojikiston Respublikasi hududida joylashgan “Uch Qahramon-1” hamda “Yangi ­Urgut” kanalidan suv oladigan “Yangi Urgut” nasos stansiyalari boʻyicha koʻtarilgan masalalar joyida atroflicha oʻrganildi.

“Yangi Urgut” nasos stansiyasi 1970 yilda ishga tushirilgan. 6 ta “18 NDS” rusumli nasos, 6 ta “250/735 ob.min.” rusumli elektr dvigateli oʻrnatilgan. U orqali 1 465 gektar ekin maydoni sugʻoriladi. Ushbu gidroqurilmadagi nosozlik kirish kanalini muntazam loyqa bosishi oqibatida kelib chiqmoqda.

Ana shu holatlarni hisobga olib, muammolar yechimi boʻyicha ikkita taklif bildirildi.

Shunga muvofiq, Toji­kiston Respublikasi hududidagi “Uch Qahramon-1”­ nasos stansiyasini ishlatish uchun 2 ta “18 NDS” rusumli nasos, 2 ta “250/735 ob.min.” rusumli elektr dvigateli, 2 ta boshqaruv shkafi, 1,5 kilometr elektr uzatish tarmogʻi oʻrnatiladi hamda nasos stansiyasidagi 2 ta agregatni ishlatish uchun elektr energiyasi limiti ajratiladi.

Shuningdek, “Yangi ­Urgut” nasos stansiyasi kirish kanalini tuman irrigatsiya boʻlimi balansiga oʻtkazish, loyiha smeta hujjatlari tayyorlanib, havzani sugʻorish mavsumigacha toʻliq tozalash, nasos stansiyasini ishlatish uchun suv bilan taʼminlash choralari koʻriladi.

Shuhrat NAZAROV, Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari:

 

— Sessiyada Qoʻshrabot tumanidagi “Joʻsh ota” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Abdualim ­Nosirov Qoʻshrabot va Nurota tumanlarini ­bogʻlovchi 45 kilometrlik asfalt yoʻl kapital taʼmirga muhtojligi yuzasidan murojaat ­qilgan edi. Shunda davlatimiz rahbari ushbu muammoni hal etish boʻyicha bizga taklif kiritish topshirigʻini bergandi.

Aytish joizki, mazkur yoʻl oʻtgan asrning 70-yillarida qurilgan. Ayni kunda, u chindan ham, taʼmirtalab ahvolda. Buning oʻziga yarasha sabablari bor. Misol uchun, mazkur avtomobil yoʻli bir oʻqqa tushadigan ogʻirlik 5-6 tonnagacha yuk koʻtarishga moʻljallangan. Undan ortiq hajm yoʻl holatini “iz”dan chiqaraverdi. Biroq shu kungacha ushbu yoʻldan “Zarmitan” oltin koni hamda ­Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga bir oʻqqa tushadigan ogʻirlik 11 — 13 tonna atrofidagi yuklar ­tashib oʻtilgan.

Albatta, bu yoʻlni joriy taʼmirlash masalasi ham eʼtibordan chetda qolib ketgani yoʻq. Ammo joriy taʼmirlash bilan kapital taʼmirlash oʻrtasida katta farq bor. Agar yoʻl kapital taʼmirlansa, sifati ham shunga yarasha boʻladi, yaʼni ogʻir yuk mashinalari bilan harakatlanish imkoniyati yaratiladi.

Shu bois Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritilgan edi. Unga koʻra, mazkur avtotransport yoʻli 2019 — 2022 yillarda bosqichma-bosqich ravishda kapital taʼmirlash chora-tadbirlar das­turiga kiritildi va uni amalga oshirish borasidagi dastlabki ishlar boshlab yuborildi.

Ochigʻi, 45 kilometrlik asfalt yoʻlni qisqa vaqt­da transport vositalari harakatini toʻxtatib qoʻygan holda kapital taʼmirlashning imkoni yoʻq. Buni toʻgʻri tushunishimiz kerak. Shu maʼnoda, mazkur masalani ­“Navoiy” kon-metallurgiya kombinati bilan kelishilgan holda, bosqichma-bosqich bartaraf etish rejalashtirilgan.

Ayni paytda bu borada zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Shuni unutmaslik kerakki, mazkur jarayon shoshma-shosharlik bilan boʻlmasligi lozim. Bunda keng koʻlamli loyiha-qidiruv ishlarini olib borish shart. Shundan kelib chiqqan holda, hozirgi kunda taʼmirtalab asfalt yoʻl tarkibi, uning ostidagi namlik, suv sathi va bosh­qa geologik holatlar mutaxassislarimiz tomonidan oʻrganib chiqil­yapti. Oʻrganishlar natijalari hamda sohaning malakali mutaxassislari tavsiyalari asosida “Navoiy” kon-metallurgiya kombinati bilan hamkorlikda joriy yil birinchi yarim yilligi oraligʻida taʼmirlash ishlarini boshlash koʻzda tutilgan.

Sherzod ShЕRMATOV, Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri:

 

— Davlatimiz rahbari Samar­qand viloyatiga tashrifi davomida taʼlim sohasini yanada rivojlantirish, uni jahon andozalari darajasiga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar bilan qiziqdi, ularni oʻz vaqtida bartaraf etish boʻyicha zarur topshiriqlar berdi.

Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlashga zudlik bilan kirishdik. Xususan, Samarqand viloyati hokimligi ­bilan hamkorlikda hududda xalq ­taʼlimi tizimini takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqdik. Hozirgi kunda mazkur hujjatda belgilangan chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etish yuzasidan amaliy ishlar olib borilyapti.

Sessiyada koʻtarilgan muammo — Qoʻshrabot tumanida yangi maktablar qurish, mavjudlarini qoʻshimcha binolar bilan taʼminlab, ularni zamon ­talablariga mos jihozlash orqali 10-11-sinf oʻquvchilarining taʼlim olishiga yetarli sharoitlar yaratishga eʼtibor qaratilyapti. Shuningdek, kelgusi yillarda viloyatdagi boshqa xalq taʼlimi muassasalarining moddiy-texnika sharoitlarini yanada yaxshilash, yangi tarmoq maktablari tashkil etish, filiallar sonini optimallashtirib, ularni toʻlaqonli taʼlim dargohlariga aylantirish, oʻquvchilar uchun zamonaviy sport zallari, shinam sinfxona va auditoriyalar, laboratoriya xonalari, oshxonalar qurish koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, viloyatdagi 8,65 mingdan ziyod oʻrta maxsus maʼlumotli oʻqituvchilarni qayta tayyorlash rejalashtirilgan. Shu bilan birga, xalq taʼlimi sohasida xususiy maktablar tarmogʻini kengaytirish boʻyicha ham qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Agrippina SHIN, Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri:

 

— Prezidentimiz qaysi viloyat yoki hududga bormasin, albatta, navqiron avlod taqdiri bilan qiziqadi. Samarqand viloyatiga tashrifi davomida ham 2021 yilgacha hududda bolalarni MTMga qamrab olish darajasini 70 foizga yetkazish boʻyicha zarur topshiriq va koʻrsatmalar berdi.

Darhaqiqat, viloyatda uch — yetti yoshli bolalar soni 305 ming 68 nafar boʻlib, ularning 88 ming 694 nafari 986 ta maktabgacha taʼlim muassasasiga qamrab olingan.

Bu boradagi koʻrsatkich, ayniqsa, ­Nurobod tumanida yaxshi emasligini quyidagi maʼlumotlar ham tasdiqlaydi: bu yerda 12 ming 876 nafar bogʻcha yoshidagi bolaning atigi 1 ming 906 nafari (14,8 foiz) maktabgacha taʼlim muassasalariga qatnaydi. Bu ushbu hududda ertamiz egalarining kelajagi uchun zarur sharoitlarni yaratish dolzarb masalaga aylanganidan dalolat.

Yurtboshimiz xalq deputatlari ­Samarqand viloyati Kengashining ­navbatdan tashqari sessiyasida tuman faolining bu haqdagi murojaatini jon qulogʻi bilan tingladi. Kuyunchaklik bilan mazkur muammolarni bartaraf etish yuzasidan muhim topshiriqlar berdi.

Ushbu vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat hokimligi bilan hamkorlikda Samarqand viloyatida 2019 — 2021 yillarda maktabgacha ­taʼlim tizimini rivojlantirish “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqdik. Ushbu ­hujjat asosida Nurobod tumanida 2019 yilda davlat-xususiy sheriklik asosida yangi 5 ta nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi, 20 ta oilaviy ­nodavlat bogʻcha hamda qoʻshimcha 40 ta qisqa muddatli guruhni tashkil etish orqali jami 2 100 nafar bolani MTMga jalb qilib, qamrov darajasini 32,4 foizga yetkazish rejalashtirildi.

Xususan, joriy yilda Nurobod ­tumani “Sahoba” mahalla fuqarolar ­yigʻini hududida bitta 160 oʻrinli ­davlat maktabgacha taʼlim muassasasini qurish uchun Samarqand viloyati hokimligi injiniring kompaniyasi ­yagona buyurtmachi xizmati buyurtmasiga asosan, yer tanlash dalolatnomalari rasmiylashtirildi. Hozirgi kunda ushbu loyihaning smeta hujjatlari ishlab ­chiqilmoqda. Investitsiya dasturi doirasida ikkita 150 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasini zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilish ham moʻljallanyapti.

Dilmurod NABIYEV, Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri:

— Samarqanddagi yigʻilishda Prezidentimiz Nurobod tumanida yopiq sport havzasi mavjud emasligi bilan bogʻliq muammoni hal etish yuzasidan aniq koʻrsatmalar berdi. Biz tuman hokimi va boshqa mutasaddi ­rahbarlar bilan birgalikda bevosita aytilgan obyektni borib koʻrdik. Mutaxassislar, sportchilar, mahalliy aholi vakillari bilan gaplashdik. Maʼlum boʻlishicha, bu yerda 2016 yil 1-tipdagi sport majmuasi qurilgan. Aniqrogʻi, stadion bor-u, qish mavsumida shugʻullanish imkonini beradigan sport zali yoʻq. Qisqasi, qariyb 145 ming aholi istiqomat qiladigan tuman yoshlari uchun zamonaviy sport zali juda zarur ekanligi kundek ravshan ­masala.

Shundan soʻng Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan barpo etilishi moʻljallangan sport inshootlarining 2019 yilgi manzilli ­dasturiga Nurobod tumani bolalar-oʻsmirlar sport maktabi uchun zamonaviy sport zali ham kiritildi. Mazkur majmua foydalanishga topshirilgach, mahalliy aholi farzand­lari 18x42 metr hajmdagi sport ­zalida qishin-yozin shugʻullanish ­imkoniga ega boʻlishadi.

Yana bir jihatga eʼtibor ­qaratish kerak. Ushbu inshoot avvallari sport majmualarini qurishda foydalanilgan namunaviy loyihadan farqli oʻlaroq, yangi loyiha asosida bunyod etiladi. Boshqacha aytganda, endi ­nurobodlik yoshlar yil ­davomida bir joyning oʻzida ham oʻyin turlari, ham yakkakurash turlari boʻyicha mashgʻulot olib borishlari mumkin boʻladi. Majmua yil oxirigacha yosh sportchilar ixtiyoriga ­topshiriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?