Prezident topshirigʻiga loqaydlik: Qorabayir otchilik majmuasi xoʻjakoʻrsinga qurilganmi?

10:24 08 Fevral 2019 Jamiyat
1242 0

Xabaringiz boʻlsa kerak, davlatimiz rahbarining 2017 yil fevralda Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida bergan topshirigʻiga binoan, Yakkabogʻ tumanida “Qorabayir otchilik majmuasi” davlat unitar korxonasi bunyod etildi. Ushbu zamonaviy ot zavodi oʻtgan yili foydalanishga topshirildi.

Foto: Ahad Muhammadiyev, “Xalq soʻzi”

Muxbirimiz naslchilikni rivojlantirish, toza qonli Qorabayir ot zotlarini yaratish va koʻpaytirishga ixtisoslashtirilgan mazkur xoʻjalikda boʻlib, tahliliy maqola tayyorladi.

“Elni yo polvoni, yo oti tanitadi”, deydi xalqimiz. Buni qarangki, Yakkabogʻ tumanining chekka Beshqoʻton qishlogʻida “Qorabayir otchilik majmuasi” davlat unitar korxonasi bunyod etilgach, uning nomi nafaqat Qashqadaryo viloyatiga, balki butun yurtimizga keng yoyildi. Oʻzbek xalqi tarixi bilan uzviy bogʻliq boʻlgan Qorabayir ot zotini koʻpaytirishga ixtisoslashtirilgan mazkur majmuani koʻrish, faoliyati bilan tanishish, hamkorlik qilish umididagilar ham kam emas.

Foto: Ahad Muhammadiyev, “Xalq soʻzi”

Elimizda azal-azaldan otga mehr boʻlakcha. Gap milliy gʻururimiz — qorabayir haqida ketar ekan, ot choptirib oʻsgan er yigitlar joyida tinch turolmaydi. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qurilib, 2018 yilda foydalanishga topshirilgan mazkur zavod yilqichilik va ot sporti fidoyilari uchun katta tuhfa boʻldi.

Ushbu zamonaviy majmuaga yaqinlashar ekansiz, avvalo, uning tashqi qiyofasi, old qismidagi landshaft dizayni eʼtiboringizni tortadi. Ichkariga kirsangiz, bu yerda yaratilgan shart-sharoitlarga havasingiz keladi.

200 bosh yilqi parvarishlashga moʻljallangan toʻrtta otxona, ochiq va yopiq manej, 500 oʻrinli tribuna, qumda va suvda mexanik yurgizish manejlari bunyod etilgan. Bundan tashqari, har biri ikki oʻrinli toʻrtta mehmonxona, oshxona, majlislar zali, chavandozlar uchun kiyinish, yuvinish xonalari — bularning barchasi zamon talablariga hamohang. Axir buning uchun oz emas, koʻp emas, naqd 37,7 milliard soʻm mablagʻ sarflangan.

Foto: Ahad Muhammadiyev, “Xalq soʻzi”

Ot zavodi jamoasi oldiga qoʻyilgan yagona talab esa naslchilikni rivojlantirish, toza qonli Qorabayir zotini yaratib, yurtimiz sharafini xalqaro miqyosda himoya qiladigan tulporlar yetkazib berishdir. Majmuada ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlar bilan qiziqdik.

— Ayni paytda 50 ta biya, 20 ta toy parvarishlayapmiz, — deydi “Qorabayir otchilik majmuasi” DUK rahbari oʻrinbosari Boyboʻri Xudoyorov. — Qorabayir zotiga mansub bu otlar Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi mutaxassislari tomonidan tanlab berilgan. Biyalarning holati yaxshi, semizligi talab darajasida boʻlib, aprel-may oylarida qulunlaydi.

Foto: Ahad Muhammadiyev, “Xalq soʻzi”

Suhbatdoshimizning soʻzlaridan xursand boʻlib, tuyogʻidan oʻt chaqnaydigan tulporlarni tezroq koʻrgimiz keladi. Negaki, qorabayir otlari dovyurakligi, jangovarligi bilan nom qozongan-da!

Maʼlumotlarga qaraganda, yurtimizda bu zotning “Olovxon”, “Oʻzbekiston” kabi tiplari ­yaratilgan. Biroq izlanishlar yakuniga yetkazilmay qolgan boʻlsa-da, qorabayir genofondi saqlab qolingani eng katta muvaffaqiyat sifatida baholanadi.

Ochiq maydonda choptirilayotgan 10 ga yaqin toylarni hisobga olmaganda, otxonalar huvullab yotibdi. Boyboʻri Xudoyorovning aytishicha, bu aygʻirlar uyurni haydab boqish uchun olingan xizmat otlari ekan. Biya va toylar esa yaylovga chiqarilgan.

Foto: Ahad Muhammadiyev, “Xalq soʻzi”

Hayron qoldik, havo ochiq boʻlsa ham, baribir qish-da! Toʻqson ob-havosi turlanuvchan, deyishadi...

Buni qarangki, biz qanchalik ­otlarni koʻrish, suratga olishga ­qi­ziqsak, majmua jamoasi shunchalik qarshilik koʻrsatishini avvaliga ­tushunmadik. Ahdimiz qatʼiyligini anglagach, noiloj rozi boʻlishdi. Majmua veterinari Shokir Mahmudov hamrohligida yoʻlga chiqdik.

Yaylov deganlari chamasi 3-4 chaqirimlik masofadagi ot zavodi uchun berilgan 200 gektar lalmi ekin maydoni ekan. Shu yerda yilqi ­boqib yurgan Azamat Suyunovni suhbatga tortamiz. Uning aytishicha, uyurda 31 biya, 20 ta toy bor.

Foto: Ahad Muhammadiyev, “Xalq soʻzi”

— Qolgan 19 tasi boshqa uyurda, — deya gapni ilib ketadi veterinar. — Otlar, ayniqsa, biyalar ­yurgani yaxshi-da. Qirov erigandan soʻng dalaga chiqarib, aylantirib ­kelamiz.

Ochigʻi, uyurdagi otlarni koʻrib, hafsalamiz pir boʻldi. Nahot shular qorabayir boʻlsa?! Qani dostonu rivoyatlarda madh qilingan haybatli tulporlar, gijinglagan asov toylar?!

Toʻgʻri, biz yilqilarning zotini aniqlaydigan mutaxassis emasmiz. Boz ustiga, ular federatsiya masʼul mutaxassisining tavsiyasi bilan olingani aytilmoqda. Ammo maʼ­lumotlarda keltirilishicha, qorabayir otlarining tana tuzilishi oʻta xushbichim va qotma, toʻshi keng, boʻyni qisqa esa-da, ancha yoʻgʻon, qarchigʻayi oʻrtacha balandlikda boʻlishi kerak. Bu haqda mutasaddilar koʻproq ­qaygʻurishi kerak, nazarimizda.

Lekin tanasi loyga belangan toy va biyalarga boqib, achinasan, kishi. Bu serxosiyat jonivorlar oʻsha zamonaviy tipda qurilgan, har birida yuvintirish uchun maxsus jihozlar oʻrnatilgan otxonalarda boqilsa, nega rangi roʻyi bu qadar abgor ekan-a?!

Foto: Ahad Muhammadiyev, “Xalq soʻzi”

Attang! Aslida, ot zavodida yilqilar kuniga bir marta choʻmiltirilishi lozim emasmi? Qish mavsumida nozik jonivorlar shamollab qolmaydimi, dersiz. Buning oldini olish uchun esa tanasini ­yaxshilab quritadigan maxsus qurilma — “solyariy dush” boʻlishi shart sanaladi. Yo shunday hashamatli otxona qurib, uni jihozlash chogʻida eng muhim qurilma esdan ­chiqib qoldimikan? Bunisini bilolmadik.

Ot zavodi zootexnigini topolmagach, yana veterinarga murojaat qilamiz.

— Endi hozir qish, — deya vaziyatga izoh beradi ­Shokir Mahmudov. — Lekin yilqilarning barchasi ­sogʻlom. 95 foiz qulun olishni moʻljallab turibmiz. ­Biyalarning har biriga 2,5 — 3 kilodan, toylarga esa 1,3 kilodan arpa beramiz.

Sinchilarning aytishicha, mahalliy uloqchi, hatto, sport otlariga ham kuniga oʻrtacha 3 kilogrammdan yem berilarkan. Agar biya­lar shuncha yem yesa bormi, qishning chillasida ham etdan tushmaydi, ­pishqirib ketadi, deyishdi.

Kimga ishonishni bilmaysiz. Nima boʻlganda ham jonivorlar ­yemsiz, xashaksiz qolmasin. Qishdan betalafot chiqsin. Taassuflanarli jihati shuki, majmua ochiq omborida ozroq bedadan boshqa narsaga koʻzimiz tushmadi. Yopiq ombor esa muhrlangan.

Basharti, toza qonli Qorabayir zotini olish bosh maqsad ekan, ­biyalar “bonitirovka” qilingandir, deya soʻraymiz hamrohimizdan. ­Hademay, ot zavodi faoliyat ­boshlaganiga bir yil toʻladi, axir.

Afsuski, haligacha bu muhim tadbir bajarilmagan.

Veterinarning tushuntirishicha, qish fasli boshlanib qolgani uchun biyalarga tamgʻa ­bosish koʻklamga qoldirilibdi.

Aftidan, mutaxassis “bonitirovka” haqida yetarli maʼlumotga ega emas chogʻi. Sohadan xabardor kishi yaxshi biladiki, “bonitirovka” — bu baholashdir. Yaʼni biyalar eksteryer — tana tuzilishi boʻyicha baholanadi. Bunda tipikligi, qarchigʻayining balandligi, gavda va oyogʻining boldir qismi aylanasi, pushtdorligiga alohida ahamiyat qaratiladi. Masalan, biyalar har uch yilda kamida 2 marta qulunlashi kerak. Bu ham mayliku-ya, naslchilik yoʻnalishidagi ot zavodida birorta naslli aygʻirning yoʻqligiga nima deysiz? Vaholonki, mutaxassislarning fikricha, 50 bosh biya parvarishlanayotgani aytilayotgan bunday muassasada kamida beshta ­aygʻir boʻlishi talab etiladi.

Tabiiy savol tugʻiladi: unda seleksiya ishlari qanday amalga oshirilmoqda?

Majmua rahbariyati oʻtgan yili federatsiya mutaxassislari tomonidan “Yakkabogʻ Qorabayir” MCHJdan ­naslli aygʻir tanlab berishganini aytishdi.

Foto: Ahad Muhammadiyev, “Xalq soʻzi”

Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, oʻz navbatida, buni inkor etdi. Oʻtgan yili mazkur majmuaga aygʻir tanlab berilmaganini, joriy yil uchun esa aygʻir tanlash, xususan, tipik Qorabayir zotlarini izlab topish, ular orasidan eng maqbullarini saralab olish ishlari endi boshlanganini maʼlum qildi.

Majmua rahbariyati hamma masʼuliyatni federatsiyaga tashlagandan koʻra, yaratilgan 40 dan ortiq ish oʻrinlariga sohaning jonkuyar mutaxassislarini jalb qilishi maqsadga muvofiq emasmi?!

Binobarin, yilqichilikda seleksiya oson ish emas. Bu mashaqqatli mehnat, koʻp yillik izlanishlarni talab qiladigan oʻta nozik jarayondir. Dastlabki tanlab olingan biya­lar ustida seleksiya qilinsa, toʻrtinchi avlodida tip yaratiladi. Tip ichida chatishtirish ishlari natijasi oʻlaroq, yana 4 avloddan soʻng zot vujudga kelishi mumkin. Buning uchun eng kamida 24 yil vaqt kerak boʻlarkan.

Katta mablagʻ evaziga, ulkan maqsadlar bilan zamonaviy majmua ­bunyod etilgan ekan, yaratilgan shart-sharoitlardan oqilona foydalanish zarur. Milliy iftixorimizga aylangan qorabayirning toza qonli zotlarini yaratish, ichki va tashqi bozorda xaridorgir argʻumoqlar yetkazib berish uchun esa ilmiy asosda seleksiya ishlarini olib borish ­talab qilinadi.

Zotan, “Qorabayir” otchilik majmuasi xoʻjakoʻrsinga qurilmagan axir!

Said RAHMONOV (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?