Prezident topshirigʻi nega bajarilmadi? Boysundagi “Hangaronsoy” suv ombori qurilishidagi oqsoqliklar haqida

18:05 17 Yanvar 2019 Jamiyat
958 0

“Tanqidiy tahlil, qatʼiy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik har bir rahbarning – bu Bosh vazir yoki uning oʻrinbosari boʻladimi, hukumat aʼzosi yoki hududlar hokimi boʻladimi, ular faoliyatining kundalik qoidasi boʻlib qolishi kerak”. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev roppa-rosa ikki yil avval bu fikrni ilgari surib, barchani faollikka undab, mutasaddi rahbarlarni har bir vazifani sidqidildan, fidoyilik asosida bajarishga daʼvat etgan edi. Jamiyatni isloh qilish, modernizatsiya va tubdan yangilash jarayoni favqulodda jadallik bilan amalga oshirilayotgan bir paytda ana shunday yondashuvgina koʻzlangan maqsad sari keng yoʻl ochadi. Aksincha, masʼuliyatsizlik, loqaydlik, oʻziboʻlarchilik kayfiyati ezgu intilish va maqsadlar roʻyobini sarobga aylantiradi. Jamiyat rivojiga salbiy taʼsir etuvchi bunday illatlarni xalqqa, kelajakka xiyonat, deb baholash mumkin.

Keling, yaxshisi gapning indallosiga oʻtaylik. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning oʻtgan yili 19-20 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir muhim vazifalar belgilangandi. Jumladan, Qiziriq tumanida oʻtkazilgan kengaytirilgan majlis bayonnomasiga koʻra, 2019 yilda yakunlanishi rejalashtirilgan Boysun tumanidagi sigʻimi 6,1 million kub boʻlgan “Hangaronsoy” sel suv ombori qurilishini 2018 yilda yakunlash boʻyicha Suv xoʻjaligi, Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari, shuningdek, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasiga aniq vazifalar qoʻyilgandi. Afsuski, 2018 yil yakuniga yetgan boʻlsada, Prezidentning bu topshirigʻi bajarilmay qoldi. Nega?!

Gap shundaki, Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Hangaronsoy” sel suv omborining 2-bosqichi qurilishi Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi buyurtmasi asosida 13-sonli qurilayotgan korxonalarning birlashgan direksiyasi “Sheroboddavsuvmaxsuspudrat” davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyiha qiymati 39 milliard soʻmni tashkil etadigan inshoot qurilishiga oʻtgan yilning avgust oyidan to yil yakuniga qadar 11 milliard soʻm mablagʻ ajratildi, xolos.

Loyihaga koʻra, qurilayotgan suv omboridagi toʻgʻon balandligi 41, eni 170 metrni, uzunligi esa 475 metrni tashkil etadi. Inshoot qurib bitkazilgach, 1000 gektar yer oʻzlashtirilishi barobarida quyi qismda joylashgan aholi yashash punktlarini sel va toshqin suvlaridan himoyalash imkoniyati yaratiladi. Shuni ham aytish kerakki, suv omboriga yaqin hududda qiymati 5 milliard dollar boʻlgan “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz-kimyo majmuasi barpo etilmoqda. Ushbu muhim strategik inshootda qazib olininajak gaz oʻrnini suv bilan toʻldirish uchun ham mazkur suv omboridan foydalanish koʻzda tutilmoqda

Qurilish ishlarining borishi va ish surʼati asosan moliyaviy taʼminot bilan bogʻliq, albatta. Suv xoʻjaligi vazirligi inshoot qurilishiga jiddiy eʼtibor qaratganida belgilangan yumushlar allaqachon yakunlangan boʻlardi. Buning uchun ishchi kuchi ham, texnikalar ham yetarli. Jumladan, inshoot qurilishiga 40 yaqin texnika, 70 nafardan ziyod ishchi-xodimlar safarbar etilgan. Biroq, joriy yil yanvar oyining birinchi oʻn kunligi ham moliyalashtirish ishlarini kutish bilan oʻtdi. Demakki, mablagʻ boʻlmagach, na ishchiga darmon, na texnikaga jon kiradi.

Oʻzining kimligini oshkor qilishni istamagan mexanizatorning aytishicha, oylik maoshlar 500-600 ming soʻmni tashkil etadi. Bajargan ish hajmiga qarab, 1 million soʻm maosh oladiganlar ham bor. Baʼzan, oylik maoshning kechikishi tufayli shikoyat qiluvchilar ham topiladi. Suhbatdoshimizning aytishicha, yaqinda sariosiyolik shikoyatchi ishchilardan ikki nafariga “katta koʻcha” qoʻrsatilibdi...

Shu oʻrinda haqli savollar tugʻiladi: “Hangaronsoy” suv ombori Suv xoʻjaligi vazirligiga kerakmi yoki faqat boysunliklargami?! Prezident topshirigʻini oʻz vaqtida bajarish uchun mablagʻ yetishmadimi yoki xohish? Qurilish ishlaridagi oqsoqliklar uchun kim javobgar? Umuman, ishni paysalga solish bilan kim kimni aldayapti? Bu kabi savollarga mutasaddilardan javoblar kutib qolamiz.

Yana bir gap. Rabot-Kofrun qishloqlarini bogʻlovchi 4R-104 avtomobil yoʻlining 52-55 km qismi qurilayotgan suv ombori ostida qolib ketganligi tufayli inshoot loyiha-smetasiga binoan transport harakati uchun aylanma yoʻl qurilishi nazarda tutilgandi. Uzunligi 4,5 kmni tashkil etuvchi ushbu aylanma yoʻlda shagʻal yotqizilgan boʻlsada, asfaltbeton ishlari hali hanuz boshlangani yoʻq. Bir necha yildan buyon qishda loy, yozda chang bu yoʻllardan oʻtib qaytayotgan qishloq odamlarining sabriga mutasaddilar tahsin oʻqiyotgan boʻlishsa ajabmas. Agar ulovning tili boʻlsa, dod solguvchi bu yoʻllar odamlarning yana qancha bardoshini sinarkan, koʻramiz?

“Xalq soʻzi” gazetasi bu mavzuga yana qaytadi.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?