Prezident tashrifidan soʻng Xorazmda qanday oʻzgarishlar kuzatildi?

10:11 04 Dekabr 2018 Siyosat
1187 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 29-30 noyabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida joylardagi uchrashuvlar, samimiy muloqotlar, yangi loyihalar taqdimotlarida bildirgan fikrlarini yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan kuzatib bordi. Davlatimiz rahbari tomonidan, ayniqsa, xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ilgari surilgan takliflar va belgilab berilgan ustuvor vazifalar aholi tomonidan zoʻr mamnuniyat bilan kutib olindi.

Qadim Xivaga poezd yetib keldi

Yurtboshimiz 2017 yilning yanvarida Xorazm viloyatiga tashrifi chogʻida Urganchdan Xivagacha temir yoʻl hamda Xiva shahrida zamonaviy vokzal barpo etish, bu yoʻlda elektropoyezdlar, kelgusida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” tezyurar poyezdi qatnovini yoʻlga qoʻyish yuzasidan topshiriqlar bergan edi.

Vokzal binosining tashqi koʻrinishi Xorazm meʼmorchiligi namunalarini oʻzida aks ettirib, unda VIP-zal, ona va bola, tibbiyot xonalari mavjud. Vokzalda 35 nafar ishchi bir vaqtning oʻzida 200 yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadi. 20 oʻrinli mehmonxona yurtdoshlarimiz va turistlarga qoʻshimcha qulaylik yaratadi.

— Maʼlumki, Xorazm viloyati turistik salohiyatidan samarali foydalanish sayyohlarga transport xizmati koʻrsatishni yaxshilashni talab etadi, — deydi Biznes va turizmni rivojlantirish markazi direktori Odilbek Rahimov. — Qadimiy shaharga tashrif buyuruvchi xorijiy va mahalliy sayyohlarning bir qismi samolyotda parvoz qilishni xush koʻrsa, ayrimlari, ayniqsa, keksa yoshdagilari tezyurar poyezdda yoʻlga chiqishni maʼqul koʻradi. Dunyoning aksariyat davlatlarida sayyohlarga transport xizmati koʻrsatishda tezyurar poyezdlardan keng foydalaniladi. Endilikda bunday qulaylik Xivada ham yaratildi va bundan hudud aholisi juda mamnun.

Vokzal va “Ichan-Qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasi oʻrtasidagi 2 kilometrlik masofada qator infratuzilma obyektlari qurildi. Ayni chogʻda barcha qulaylikka ega 3 ta mehmonxona va “Xiva — Lokomotiv” istirohat bogʻi barpo etilyapti. Bu yerda sunʼiy koʻl, 27 xil attraksion, amfiteatr, zamonaviy savdo rastalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

350million AQSH dollarilik investitsiya loyihalari

Xorazmda qulay investitsiya muhiti yaratish orqali xorij sarmoyasini toʻgʻridan-toʻgʻri jalb etishga alohida eʼtibor berilyapti. Natijada yangi loyihalar birin-ketin roʻyobga chiqarilmoqda.

Bundan ikki yil muqaddam davlatimiz rahbari “Uztex” kompaniyalar guruhiga Shovot tumanining chekka hududida yuqori texnologik imkoniyatga ega yangi korxona tashkil etish va odamlarni ish bilan taʼminlash yuzasidan koʻrsatmalar bergan edi. Shu asosda oradan koʻp vaqt oʻtmay Italiya va Buyuk Britaniyada ishlab chiqarilgan soʻnggi rusumdagi dastgohlar bilan jihozlangan, mingdan ortiq ish oʻrinlariga ega toʻqimachilik korxonasi faoliyat boshladi. Loyiha qiymati 65 million AQSH dollariga teng boʻlgan mazkur korxonada yiliga 70 million juft yoki qiymati 30 million dollarlik ayollar, erkaklar va bolalar paypoqlari tayyorlanadi.

— Mahsulotlarimiz AQSH, Rossiya, Moldova, Ukraina kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda, — deydi qoʻshma korxona bosh direktori Umrbek Abdullayev. — Davlatimiz rahbari qoʻshma korxonaga tashrifi chogʻida toʻquv, qadoqlash sexlari, logistika markazi, laboratoriya faoliyati bilan tanishdi, ishchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan qiziqdi. Mahsulotlarning yangi modellarini oʻzlashtirish va eksport hajmini oshirish boʻyicha topshiriqlar berdi. Bular faoliyatimizni kengaytirishimizda dasturilamal boʻladi.

Iqtisodiyotga xorij investitsiyasini jalb qilish, tadbirkorlikni keng rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishda erkin iqtisodiy zonalarning oʻrni katta. Buni “Hazorasp” EIZ misolida ham koʻrish mumkin. Dastlab uning uchun Hazorasp tumanining 2 ta hududidan 325 gektar boʻsh yer maydoni ajratib berilgan edi. Keyinchalik qurilish va infratuzilma tarmoqlarini oʻtkazish xarajatini kamaytirish maqsadida EIZ korxonalarini, birinchi navbatda, boʻsh turgan bino va inshootlar negizida joylashtirish boʻyicha takliflar asosida yana 7 ta hududdagi 89 gektar yer maydoni qoʻshib berildi.

Bu yerda Malayziyaning “Serba Dinamik Group” kompaniyasi tomonidan toʻliq moliyalashtirilayotgan kaustik soda ishlab chiqarish zavodi quriladi. Yaʼni kompaniya tomonidan 250 million AQSH dollari yoʻnaltiriladi. Korxona ishga tushgach, yiliga 33 ming tonna kaustik soda va 30 ming tonna xlor ishlab chiqarish mumkin. Tayyorlanadigan mahsulotlar toʻliq eksport qilinishi moʻljallangani diqqatga sazovordir.

Umuman, bu EIZda 2019-2020 yillarda 350 million AQSH dollarilik investitsiya loyihalari bajariladi. Bunga qariyb 300 million AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorij sarmoyasi yoʻnaltiriladi. Natijada bu yerda yuk mototsikllari, elektroskuterlar, “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun ehtiyot qismlar, kaustik soda, tibbiyot qoʻlqoplari, poyabzal, trikotaj mahsulotlari kabi eksportbop va import oʻrnini bosuvchi buyumlar ishlab chiqariladi.

Prezidentimiz tashrif davomida bu erkin iqtisodiy zona faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishib, hudud iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha aniq topshiriqlar berdi. Ayni kunda shu yoʻnalishda keng qamrovli amaliy saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

— Hududimizda 5 ta loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirildi, —deydi “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi davlat unitar korxonasi direktori MurodbekDavletov. — Natijada “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun ehtiyot qismlar, maishiy kir yuvish vositalari, qurilish materiallari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Kelgusi yilda esa birgina “Dererlop Textile” MCHJ tomonidan 9 million AQSH dollarilik investitsiya kiritilib, toʻqimachilik mahsulotlari tayyorlash yoʻlga qoʻyilsa, “Nyu Best stayl” MCHJ tomonidan 5,6 million dollarlik sarmoya hisobiga gulqogʻoz va gulqogʻoz yelimi ishlab chiqarish loyihalari hayotga tatbiq etiladi.

Umuman, kelgusi yilda erkin iqtisodiy zonada aralash tolali kalava ip, tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, zamonaviy issiqxona barpo qilish, viloyatda innovatsion texnopark tashkil etish koʻzda tutilgan.

Har qatrasi oltinga teng

Sugʻoriladigan yerlar meliorativ holati va suv taʼminotini yaxshilash hosil taqdirini hal qiluvchi muhim omil hisoblanadi. Shu bois Xorazmda irrigatsiya va melioratsiya borasida qator chora-tadbirlar belgilanib, ularning izchil ijrosi taʼminlanayotir.

Shunday loyihalardan biri Toshsoqa kanallar tizimida roʻyobga chiqarilmoqda. Prezidentimiz Xorazmga tashrifi chogʻida Toshsoqa magistral kanalida bajarilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishib, kanal atrofidagi yerlarni obodonlashtirish, qishloq xoʻjaligi ekinlari parvarishida suv sarfini kamaytirish chora-tadbirlarini qoʻllash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Hozirgi kunda viloyatda 276,7 ming gektar sugʻoriladigan maydon boʻlib, uning 191,3 ming gektariga obihayot ushbu tizim kanallari orqali yetib boradi. Boshqacha aytganda, Yangibozor va Gurlan tumanlaridan tashqari, barcha hududni shu tizimga kiruvchi kanallar suv bilan taʼminlaydi. Bu tizimga kiruvchi Toshsoqa, Shovot, Polvon-Gʻozovot, Gʻozovot kanallari oʻtgan asrning 30 — 40-yillari oraligʻida qazilgan boʻlib, soʻnggi yillarda ularda suv sathi pasayishi tufayli dalalarni suvning oʻz oqimi bilan sugʻorish imkoniyati cheklandi. Natijada obihayot ekin maydonlariga uch yuzdan ortiq nasoslar yordamida chiqariladigan boʻldi. Bu esa fermer xoʻjaliklari uchun ortiqcha mehnat, sarf-xarajat qilish, pirovardida yetishtirilayotgan mahsulotlar tannarxi oshishiga, suv isrofgarchiligi va yerlarning meliorativ holati yomonlashuviga olib kelayotgan edi.

— Islom taraqqiyot banki ishtirokida roʻyobga chiqarilayotgan Toshsoqa tizimi magistral sugʻorish kanallarini qayta tiklash loyihasi ana shu muammolarni hal etishga qaratilgan, — deydi Quyi Amudaryo chap qirgʻoq irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshligʻi Odilbek Tohirov. — Loyihaning asosiy maqsadi viloyatdagi magistral kanallarda suv oqimini toʻsib, uning sathini mutanosiblashtiruvchi inshootlar qurish orqali oʻzi oqar tizimga oʻtkazish, ekin maydonlarini nasoslar yordamida sugʻorish tajribasidan voz kechishni nazarda tutadi. Loyihaning umumiy qiymati 145 million AQSH dollariga teng boʻlib, shundan 90 million 370 ming dollari Islom taraqqiyot banki hissasiga toʻgʻri keladi.

Xorazm sharoitida dehqonchilik qilishning oʻziga xos xususiyati bor. Yaʼni bu yerda boshqa mintaqalarga nisbatan suv sarfi koʻproq boʻladi. Boisi viloyatda ekin maydonlarining 58,2 foizi kam, 30 foizioʻrtacha va 11,8 foizi kuchli darajada shoʻrlangan. Ekin ekishdan oldin 2-3 marta dalaning shoʻrini yuvishga toʻgʻri keladi. Bu esa melioratsiya tarmoqlarining soz holda ishlashini taʼminlash, ularda doimiy ravishda rekonstruksiya, tizimli taʼmirlash va tiklash ishlarini olib borishni taqozo etadi.

— Viloyatimizda 2013 — 2017 yillarda Davlat dasturi asosida 7688 kilometr uzunlikda, qiymati 151 milliard 996 million soʻmlik meliorativ tadbirlar oʻtkazilib, 120 ming gektar maydonda yer osti suv sathi hamda shoʻrlanish darajasini pasaytirishga erishildi, — deydi Xorazm meliorativ ekspeditsiyasi boshligʻi Beknazar Ganjayev. — Joriy yilda esa 27 ta loyiha boʻyicha 1795 kilometr uzunlikdagi meliorativ tarmoqlarda 46,3 milliard soʻmlik rekonstruksiya, tizimli taʼmirlash va tiklash ishlari bajarildi.

Ekin maydonlari holatini yaxshilash uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga ana shunday ulkan hajmdagi ishlar bajarilayotgan bir paytda ayrim tumanlarda sholi yetishtirishda kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani oqibatida yer osti suvi sathining koʻtarilgani bor gap. Shu yili qariyb 30 ming gektar maydonda yetishtirilgan sholi statistik hisobotda koʻrsatilmagan. Suv taʼminoti qulay hududlarda oʻzboshimchalik bilan sholi ekinini joylashtirish natijasida gʻoʻza vegetatsiyasi davrida Shovot, Qoʻshkoʻpir, Xiva, Yangiariq tumanlarida suv tanqisligi yuzaga keldi. Oqibatda bu hududlarda paxta hosildorligi pasayib, aksariyat fermerlar shartnoma majburiyatini bajara olmadi.

Yurtboshimiz viloyatda sholichilik tarmogʻidagi ahvolni tahlil qilib, bu yoʻnalishda ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish, kam suv talab qiladigan texnologiyalarni joriy etish, Vyetnam, Xitoy davlatlaridan mutaxassislarni jalb qilish boʻyicha topshiriq berdi. Ayni chogʻda mazkur soha mutaxassislari, olimlar bilan hamkorlikda amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Oilalar uchun kutilmagan tuhfa

Qoʻshkoʻpirdagi Oqdarband qishlogʻi sugʻorish tarmogʻidan ancha uzoqda, xorazmliklar taʼbiri bilan aytganda, suv yoʻlining oxirida joylashgani bois dehqonchilik ishlari qoʻshimcha mehnat, sarf-xarajat talab etadi. Yana qator salbiy omillar tufayli ushbu qishloq manzarasi koʻngillarni xira qiladigan darajaga kelib qolgandi.

“Obod qishloq” dasturi doirasida bu yerda keng koʻlamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgach, u mutlaqo yangi qiyofaga kirdi.

— Qishlogʻimizda 9,5 ming nafarga yaqin kishilar istiqomat qiladi, — deydi “Ittifoq” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Olimboy Rahmonov. — Respublika ishchi guruhi va sektor rahbarlari uyma-uy yurib, 1500 dan ziyod xonadon egalari bilan yuzma-yuz muloqotda boʻldi. Qishloqning infratuzilmasi, ijtimoiy soha obyektlari ahvoli va kommunal sohadagi muammolar “Yoʻl xaritasi” asosida qisqa muddatda bartaraf etildi. Bu yerda yashovchilarni turli millatga mansub fuqarolar tashkil qilishini inobatga olsak, “Obod qishloq” dasturining aynan mazkur hududda tatbiq etilishi, mamlakatimizda millatlararo totuvlik, oʻzaro ahillikning yorqin namunasi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Dastur doirasida ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning uy-joy sharoitlarini yaxshilash, bandligini taʼminlash, tibbiy koʻrikdan oʻtkazish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

S. Masharipov xastalikka chalingach, turmush sharoiti ogʻirlashadi. U roʻzgʻordan orttirib uy-joyni taʼmirlashga imkon topa olmadi. Bugun ana shunday 20 ta ehtiyojmand oilaning uy-joylari taʼmirdan chiqarib berildi. Qishloqda yangilangan namunaviy loyihalar asosidagi 40 ta arzon uy-joy qurilishi koʻp yillardan buyon shaxsiy uyi boʻlishini orzu qilib kelayotgan oilalar uchun kutilmagan tuhfa boʻldi.

— Bir hovlida uchta oila istiqomat qilayotganimiz tufayli farzandlarimizning dars tayyorlashi uchun yetarli sharoit yoʻq edi, — deydi Oshoqqalʼa qishlogʻida yashovchi Gulandom Yodgorova. — Ancha yillardan beri oilamizga mos, ixcham, barcha qulayligi mavjud uy-joyga ega boʻlishni orzu qilardik. Tuman hokimligi qoshida tuzilgan komissiya oilaviy ahvolimizni oʻrganib chiqib, arzon uy-joy sotib olishga tavsiyanoma berdi. Qishlogʻimizda barpo etilgan ikki sotix maydonga ega, bir qavatli, uch xonali uyga koʻchib kirdik. Bundan qanchalik quvonchga toʻlganimizni soʻz bilan taʼriflash qiyin.

— Yoshim toʻqsondan oshdi, umrimning koʻp qismi dalada, dehqonchilikda oʻtdi,— deydi Sulton bobo Davlatov. — Qishlogʻimiz tarixida hali bunday miqyosda qurilish va obodonlashtirish ishlari boʻlgan emas. Kundan-kunga obod boʻlayotgan uy-joylarni, koʻchalarni, hayotimizdagi oʻzgarishlarni koʻrib, keksayu yoshning bahridili ochilmoqda. Qishlogʻimizdagi maktabgacha taʼlim muassasasi chorak asrdan bu±n faoliyat koʻrsatmasdi, binosi ham tashlandiq holga kelib qolgandi. Qisqa muddat ichida taʼmirlanib, zamon talablari asosida qayta jihozlangan ushbu muassasa 130 nafar bolajonni oʻz bagʻriga oldi. Qoʻshni mahallada 150 oʻrinli yana bitta maktabgacha taʼlim muassasasi bunyod etildi. Shuningdek, 2 ta umumtaʼlim maktabi ham taʼmirlash ishlaridan keyin butunlay yangicha qiyofaga kirdi.

Qishloqning 300 oʻrinli madaniyat saroyi binosi ham ancha yillardan beri qarovsiz ahvolda yotgan edi. U mukammal taʼmirlanib, madaniyat va dam olish uyi sifatida elga xizmat qila boshladi. Yoshlar mehnat guzari, kutubxona, hammom, goʻzallik saloni kabi infratuzilma obyektlari qisqa muddatlarda qurilib foydalanishga topshirildi. Tadbirkor Komiljon Nurimovning saʼy-harakatlari bilan non mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona ochildi. Qishloqdagi 3 ta mahallada sunʼiy qoplamali maydon bunyod etilgani esa sportsevar yoshlarni behad quvontirdi.

Xorazmning “tashrif qogʻozi”ga aylanadi

Vatan ozodligi yoʻlida jonini fido qilgan dovyurak sarkarda, jahon xalqlari tarixida oʻchmas iz qoldirgan milliy qahramon, xorazmshohlar davlatining soʻnggi hukmdori Jaloliddin Manguberdi toʻgʻrisida XIII asrdan to hozirgi kunga qadar yozilgan kitoblarning soni ming jilddan ortiqni tashkil etadi. Shuning oʻzi ham uning shavkatli nomi beqiyos sharaf va ehtiromga loyiq ekanini koʻrsatadi. Sobiq tuzum davrida u toʻgʻrisida yozishga yoʻl qoʻyilmadi, uzoq oʻtmish qaʼrida bu nom goh unutildi, yashirin tutildi, tarixini oʻrganish taqiqlandi.

Bugun bobomiz nomi xalqimiz tomonidan ulugʻlandi. Mamlakatimizda koʻcha va xiyobonlarga sarkarda nomi berildi, “Jaloliddin Manguberdi” ordeni taʼsis etildi. Endilikda Urganch shahri markazidagi Al-Xorazmiy va Pahlavon Mahmud koʻchalari kesishmasida bunyod etiladigan, sahni 3,5 gektarni tashkil qiluvchi memorial bogʻda Jaloliddin Manguberdi haykali oʻrnatiladigan boʻldi.

— Haykal sarkarda jasorati va shonu shavkatiga mos holda mahobatli boʻlishi, bu maydon Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, Xorazmning “tashrif qogʻozi”ga aylanishi kerak, — deydi tarix fanlari doktori, professor Ozod Masharipov. — Shu bois tarixchi olimlar, arxitektorlar, quruvchilar maslahatlashib, maydonni chuqur mazmunli, chiroyli, jozibali qilish uchun umumiy yechimga kelamiz. Kelajakda bu majmua barcha katta qiziqish bilan tashrif buyuradigan maskanga aylanadi.

Unutilmas voqea

Bugun qishloq joylarda maktabgacha taʼlim muassasalari sonini oshirishni taqozo qilmoqda. Bu, birinchidan, bolalarning umumiy savodini chiqarish, dunyoqarashini kengaytirish imkonini bersa, ikkinchi tomondan, yosh bolali onalarning mehnat qilish, oila daromadini oshirishiga sharoit yaratadi.

Viloyatda nodavlat taʼlim muassasalari tarmogʻini rivojlantirish masalalariga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yil sentyabr oyida faoliyat boshlagan “Nihol” innovatsion maktabi boshlangʻich sinflarga mental arifmetikani oʻrgatishga ixtisoslashtirilgan. Bu yerda ingliz, rus tili fanlari chuqurlashtirilgan tartibda oʻqitiladi. Oʻquvchilar boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida shaxmat toʻgaragi ochilgan. Kelasi oʻquv yili uchun maktabga tayyorlov guruhlari ish boshlagan.

Maktab qurilishiga 3 milliard 350 million soʻm mablagʻ sarflangan boʻlib, 19 ta fan xonasi, kutubxona, oshxona, sport zali, hamshira va oʻqituvchilar xonalari, faollar zali mavjud. Hozirgi kunda 582 nafar boshlangʻich sinf oʻquvchisi mashgʻulotlarga jalb qilingan.

— Taʼlim muassasamiz 250 oʻringa moʻljallangan, yana 500 oʻrinli yangi oʻquv binosiga ehtiyoj bor, — deydi mazkur maktab direktori Umida Sobirova. — Shu bois maktabimiz yonidan qoʻshimcha yer maydoni va 6 milliard soʻmlik imtiyozli kredit olish niyatidamiz. Yangi oʻquv binosini qurib, ishga tushirsak, yana 50 ish oʻrni yaratiladi. Prezidentimiz tashrifi chogʻida maktabdagi sharoitni koʻzdan kechirar ekan, bizning tashabbusimizni qoʻllab-quvvatladi, oʻquv muassasamizga yangi avtobus va oʻquvchilarimizga planshetlar sovgʻa qilindi. Bu barchamiz uchun unutilmas voqea boʻldi.

Umuman, Yurtboshimizning Xorazm viloyatiga tashrifi ushbu hududaholisining kayfiyatini koʻtardi, ertangi kunga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamladi.

Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?