Prezident Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish to’g’risidagi farmonga imzo chekdi

22:40 05 Aprel 2018 Hujjatlar
923 0

O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo’nalishlarini amalga oshirishda uning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to’g’risida

 

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

 

Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy yo’lning samarali davom ettirilishi mamlakatda keng ko’lamli islohotlarni va demokratik o’zgarishlarni muvaffaqiyatli ro’yobga chiqarishda, xalqaro maydonda mamlakat nufuzini mustahkamlashda va aholi farovonligining oshishini ta’minlashda eng muhim omil hisoblanadi. 

Ochiq tashqi siyosatning faollashuvi natijasida xorijiy mamlakatlar bilan ko’p qirrali va o’zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashda salmoqli natijalarga erishildi, Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko’tarildi, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar sezilarli darajada kengaydi, xalqaro tashkilotlar bilan amaliy hamkorlik va xorijdagi vatandoshlarimiz bilan muloqot o’rnatildi, dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar hal etilmoqda. 

Shu bilan birga, Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi ishlarning amaldagi holatini tahlil qilish, birinchi navbatda, davlatning tashqi iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va ilgari surish borasida qo’yilgan vazifalarni samarali bajarishga to’sqinlik qilayotgan bir qator jiddiy muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda. Xususan: 

birinchidan, amaldagi normativ-huquqiy baza diplomatik xizmatning barcha masalalarini to’liq tartibga solmaydi, to’plangan huquqiy va amaliy tajribani to’liq aks ettirmaydi, shuningdek, zamon talablariga mos kelmaydi; 

ikkinchidan, tashqi siyosat idorasining tashkiliy-shtat tuzilmasi tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy sohalardagi strategik vazifalarni hal etish uchun mavjud resurslarni samarali safarbar qilishga yo’naltirilmagan; 

uchinchidan, davlat organlarining Tashqi ishlar vazirligi va O’zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari bilan o’zaro hamkorligining, shuningdek, xorijiy sheriklar bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo’yicha samarali va muvofiqlashtirilgan ishlarni olib borishning aniq belgilangan mexanizmlari mavjud emas; 

to’rtinchidan, tashqi siyosat idorasining ishlari axborot-tahliliy jihatdan to’liq qo’llab-quvvatlanmayapti va rejalashtirilmayapti, tashqi siyosatning ustuvor yo’nalishlari bo’yicha ishlab chiqilayotgan takliflar mamlakat tashqi iqtisodiy manfaatlarini ifodalash masalalarini hisobga olmayapti; 

beshinchidan, mamlakatdagi keng ko’lamli o’zgarishlar va respublikaning xalqaro tashabbuslari haqida jahon hamjamiyatini xabardor qilish ishlari sust tashkil etilgan bo’lib, mamlakatning ijobiy imidjini yaratish va xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash vazifalari samarali bajarilishiga to’sqinlik qilmoqda; 

oltinchidan, konsullik muassasalari faoliyatida ko’rsatilayotgan davlat xizmatlarining tezkorlik va sifat darajasi, O’zbekistonning xorijdagi jismoniy va yuridik shaxslari huquq va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni ta’minlash, og’ir sharoitga tushib qolgan fuqarolarga yordam ko’rsatish darajasi qoniqarsiz holda qolmoqda; 

ettinchidan, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan tizimli muloqot yo’lga qo’yilmagan, respublikani rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlarida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar loyiha hamda dasturlarni amalga oshirishda ularning salohiyatidan foydalanilmayapti; 

sakkizinchidan, kadrlar siyosatining samarasizligi, shuningdek, tashqi siyosiy idora xodimlarining moddiy rag’batlantirilishi va ijtimoiy himoyalanishining past darajada ekanligi yuqori malakali diplomatik tarkibni shakllantirish imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklamoqda, diplomatik xizmatning obro’sini tushirmoqda va malakali mutaxassislarning sohani tark etishiga sabab bo’lmoqda; 

to’qqizinchidan, ilg’or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining etarli darajada joriy etilmasligi ustuvor vazifalarni hal etishga to’sqinlik qilmoqda, tezkor tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy munosabat bildirishni, shuningdek, “raqamli diplomatiya” vositalarini rivojlantirish imkonini bermayapti. 

O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasi va O’zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar kontseptsiyasi vazifalariga muvofiq: 

1. O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini isloh etishning eng muhim yo’nalishlari etib quyidagilar belgilansin: 

birinchidan, Tashqi ishlar vazirligi va O’zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari faoliyati va tashkiliy-shtat tuzilmasining normativ-huquqiy asoslarini “iqtisodiy diplomatiya”ni rivojlantirishga urg’u bergan holda qayta ko’rib chiqish va takomillashtirish; 

ikkinchidan, respublikaning yagona tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshirishda Tashqi ishlar vazirligining muvofiqlashtiruvchi rolini kuchaytirish, shuningdek, tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining ushbu yo’nalishdagi vazifalari, funktsiyalari va vakolatlarini aniq belgilab qo’yish va ajratish; 

uchinchidan, Tashqi ishlar vazirligi va O’zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari faoliyatiga mamlakatimiz mahsulotlari, ishlari (xizmatlari) eksportini kengaytirish va diversifikatsiya qilish, investitsiyalar, ilg’or texnologiyalar va turistlar oqimini mamlakatga jalb etishga yo’naltirilgan yangicha yondashuv va usullarni joriy etish; 

to’rtinchidan, engavvalo, milliy va xorijiy ekspertlar jamoalari, ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik va ilmiy doiralar bilan muntazam hamda maqsadli axborot almashish ishlarini kuchaytirish orqali O’zbekistonning ijobiy xalqaro nufuzini shakllantirishda “ommaviy diplomatiya” vositalarini faol qo’llash; 

beshinchidan, fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalda himoya qilishni ta’minlash mexanizmlarini shakllantirish va amalga oshirish, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan har tomonlama muloqotni qo’llab-quvvatlash, ularni savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ijtimoiy loyihalar hamda dasturlarni amalga oshirishga faol jalb qilish; 

oltinchidan, ichki idoraviyrejalashtirish va nazorat qilishning samarali tizimini yo’lga qo’yish, hisobot berish tartibi va shakllarini soddalashtirish, Tashqi ishlar vazirligi va O’zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini shakllantirish; 

ettinchidan, diplomatik kadrlarnitanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, rotatsiyasini ta’minlashhamda istiqbolli zaxirasini shakllantirishning ilg’or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish orqali Tashqi ishlar vazirligi va O’zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalarida kadrlar siyosatini tubdan qayta ko’rib chiqish; 

sakkizinchidan, diplomatik xizmat organlari xodimlarining moddiy rag’batlantirilishi va ijtimoiy himoya qilinishini yaxshilash, ularning samarali ishlashi uchun munosib sharoitlarni yaratish; 

to’qqizinchidan, davlat xizmatlarini ko’rsatish tizimini takomillashtirish, shuningdek, global axborot maydonida mamlakatimiz manfaatlarini ilgari surish maqsadida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb qilish orqali Tashqi ishlar vazirligi tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash. 

2. O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tuzilmasida: 

a) Tashqi iqtisodiy hamkorlik bosh boshqarmasi va uning tuzilmasiga kiruvchi: 

Xorijiy investitsiyalar va moliyaviy-texnikaviy ko’mak vositalarini jalb qilish boshqarmasi; 

Eksport va tashqi savdo aloqalarini rivojlantirish boshqarmasi; 

Hukumatlararo komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi; 

Turizmni rivojlantirish sohasidagi xalqaro hamkorlik boshqarmasi; 

b) Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati negizida Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi; 

v) Konsullik boshqarmasi negizida Konsullik-huquq departamenti; 

g) Xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar bo’limi; 

d) Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo’limi va uning tarkibidaMurojaatlarni qabul qilish sektori (call-center); 

e) Diplomatik servis xizmati negizida Diplomatik korpusga xizmat ko’rsatish byurosi; 

j) “Jahon” axborot agentligi negizida “Dunyo” axborot agentligi va Media-markaz; 

z) Tarjimonlar byurosi; 

i) Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi negizida Tahlil va prognozlashtirish markazi; 

k) Tashqi ishlar vazirligining Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy bo’limlari tashkil etilsin. 

3. Xorijda stipendiantlarning malaka oshirishi, stajirovkasi va o’qishini tashkil etish bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Prezidentining  “Iste’dod” jamg’armasi O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga bo’ysunadigan Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot markazi sifatida qayta tashkil etilsin. 

4. Tashqi ishlar vazirliginingxodimlarini moddiy rag’batlantirish va faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida O’zbekistonning diplomatik va konsullik muassasalarini rivojlantirish Respublika jamg’armasi negizida O’zbekiston Respublikasining diplomatik xizmati organlarini rivojlantirish jamg’armasi tuzilsin. 


5. Belgilab qo’yilsinki, Tashqi ishlar vazirligiyagona tashqi iqtisodiy yo’lni amalga oshirish, mamlakatning tashqi iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish, O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyati ishtirokchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidategishli vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyati muvofiqlashtirilishini 1-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiradi. 


Vazirliklar, davlat qo’mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo’jalik boshqaruvi organlari va boshqa davlat tashkilotlari O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga uning tashqi iqtisodiy sohadagi asosiy vazifalari amalga oshishida amaliy yordam ko’rsatilishini, shu jumladan sifatli ishlangan ma’lumotnomalar, hujjatlar va materiallarni o’z vaqtida taqdim etgan holda ta’minlasin. 

6. Belgilab qo’yilsinki: 

diplomatik vakolatxona rahbari o’zi ishlab turgan davlatda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy yo’lni samarali davom ettirish, mamlakat manfaatlarini, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslarining huquqva qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ilgari surishni ta’minlaydigan O’zbekiston Respublikasining oliy rasmiy vakili hisoblanadi; 

oliy ma’lumotga ega bo’lgan, davlat va chet tillarini yaxshi biladigan, tegishli ishbilarmonlik, ma’naviy va kasbiy fazilatlarga ega bo’lgan, shuningdek, tarix, madaniyat sohalarini, milliy an’analar va urf-odatlarni, O’zbekiston Respublikasidagi sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy o’zgarishlarning mazmun-mohiyatini chuqur biladigan O’zbekiston Respublikasi fuqarosi diplomatik vakolatxona rahbari bo’lishi mumkin; 

o’zlari ishlab turgan mamlakatdagi O’zbekiston Respublikasining diplomatik xodimlar va davlat organlari rasmiy vakillari idoraviy mansubligi va hisobdorligidan qat’i nazardiplomatik vakolatxonaning rahbariga so’zsiz bo’ysunadi va zimmasidagi vazifalarni bajarishda o’z faoliyatini u bilan muvofiqlashtiradi. 

7. O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi amaliyotiga quyidagilar kiritilsin: 

a) respublikani rivojlantirishning strategik yo’nalishlarini hisobga olib, xorijlik sheriklarning savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsiyaviy va ilmiy-texnik imkoniyatlaridan, ular bilan hamkorlik darajasi va ko’lamidan, ularning xalqaro munosabatlar tizimidagi roli va o’rnidan kelib chiqqan holda, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan asosiy xorijiy sheriklar bilan tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlarini doimiy asosda ishlab chiqish. 

Belgilansinki, tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo’nalishlari vazirlik va idoralarning amaliy faoliyatida, shu jumladan, xorijiy sheriklar bilan aloqalarda mezon bo’lib xizmat qiladi; 

b) tashqi iqtisodiy faoliyatga (mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportini rivojlantirish, investitsiyalar va texnologiyalarni jalb qilish, turistlar oqimini kengaytirish) va axborot-tushuntirishishlariga alohida e’tibor qaratgan holda, xorijiy mamlakatlar bilan faol va tizimli ishlash bo’yicha O’zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari yillik “yo’l xaritalari”ni ishlab chiqish va qabul qilish; 

v) O’zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalariga yuboriladigan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo’yicha chora-tadbirlarni nazarda tutgan holda“tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari – Tashqi ishlar vazirligi – xorijdagi muassasa – Tashqi ishlar vazirligi, tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari” printsipi asosida idoralararo kadrlar rotatsiyasi; 

g) erishilgan natijalar va mavjud kamchiliklar to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga ma’lumot berish uchun har oyda tashqi ishlar vaziri tomonidan xorijiy muassasalar rahbarlarining o’zi ishlab turgan davlat va xalqaro tashkilot bilan hamkorlik qilish bo’yicha zimmasidagi vazifalarni va tasdiqlangan “yo’l xaritalari”ni amalga oshirish jarayoni to’g’risidagi shaxsiy hisobotlarini eshitib borish. 

8. Quyidagilar tasdiqlansin: 

O’rta muddatli istiqbolda asosiy xorijiy sheriklar bilan O’zbekiston Respublikasiningtashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlari 2-ilovaga muvofiq; 


O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimi faoliyatini tubdan takomillashtirish bo’yicha kompleks chora-tadbirlar Dasturi 3-ilovaga muvofiq. 


Vazirlik va idoralar rahbarlari Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlarida va Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar va vazifalar o’z vaqtida va samarali amalga oshirilishini ta’minlasin. 

9. Belgilab qo’yilsinki, Tashqi ishlar vazirligining “Dunyo” axborot agentligi va Media-markazi, Tahlil va prognozlashtirish markazi, Tarjimonlar byurosi O’zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag’lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. 

10. O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi: 

a) tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan respublikaning yagona tashqi iqtisodiy siyosatini amalga oshirish holatini muntazam ravishda tahlil qilsin va tahlilnatijalarinihar chorakda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti devonigahamda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin; 

b) Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Diplomatik xizmat to’g’risida”gi, “O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to’g’risida”gi (yangi tahriri), “Konsullik ustavini tasdiqlash to’g’risida”gi (yangi tahriri) qonunlar loyihalarini belgilangan tartibda kiritsin; 

v) Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda: 

ishlab turilgan mamlakatda yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, tovarlar, ishlar (xizmatlar) qiymati indeksatsiyasini, shuningdek, valyuta kursining o’zgaruvchanligini o’rganish asosida O’zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari xodimlarining ish haqlarini oshirish; 

O’zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalariga uzoq muddatli xizmat safariga yuborilgan xodimlarning lavozim maoshlari miqdorlarini besh yilda kamida bir marta qayta ko’rib chiqish amaliyotini joriy qilish bo’yicha takliflar kiritsin; 

g) O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018 yil 1 oktyabrgacha bo’lgan muddatda O’zbekiston Respublikasi va xorijiy sheriklar o’rtasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va boshqa sohalardagi o’rta va uzoq muddatli manfaatlariga asoslangan ikki tomonlama hamda ko’p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlarini nazarda tutuvchi O’zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy kontseptsiyasi (yangi tahriri) loyihasini kiritsin; 

d) O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvargacha bo’lgan muddatda O’zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish bo’yicha takliflarni, shu jumladan, joylarga chiqish orqali ularni tanqidiy o’rganish yakunlari bo’yicha kiritsin; 

e) bir oy muddatda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini quyidagilarni nazarda tutgan holda kiritsin; 

ilg’or xorijiy tajribani hisobga olgan holda ta’lim sifatini oshirish, shuningdek, mamlakatning zamonaviy tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy ustuvor yo’nalishlaridan kelib chiqqan holda Universitet faoliyatining dolzarb vazifalari va yo’nalishlarini qayta ko’rib chiqish; 

manfaatdor idoralarning ehtiyojidan kelib chiqqan holda amaliyotda talab qilinadigan mutaxassislarnining aniq maqsadni ko’zlab tayyorlanishini ta’minlash, shuningdek ular orasidan diplomatik kadrlarning istiqbolli zaxirasini shakllantirish maqsadida bakalavriatda o’qish muddatini va bakalavriatga qabul qilish kvotalarini kamaytirish; 

“Xalqaro iqtisodiyot va menejment” hamda “Xalqaro jurnalistika” mutaxassisliklari bo’yicha bakalavrlar tayyorlashning yangi yo’nalishlarini joriy qilish; 

Universitetdaxorijiy mamlakatlar delegatsiyalariga xizmat ko’rsatish va rasmiy tadbirlar o’tkazishni yuqori tashkiliy darajada ta’minlaydigan professional tarjimon va gidlarni tayyorlash bo’yicha o’quv kurslarini tashkil etish; 

xorijiy sheriklar bilan hamkorlik qilish va xalqaro munosabatlarni rivojlantirish istiqbollarini prognoz baholash asosida fundamental ilmiy-amaliy tadqiqotlar o’tkazish orqali O’zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatini tizimli tahlil qilishda Universitetning rolini kuchaytirish. 

11. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi: 

Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishini har chorakda Vazirlikning markaziy apparati va O’zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari rahbarlari va xodimlari, vazirlik va idoralar, soha tashkilotlari, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari ishtirokida videokonferentsaloqa rejimida tanqidiy ko’rib chiqsin; 

poytaxt hududida yer uchastkalari ajratilishini va O’zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi elchilari uchun uy-joylar va Tashqi ishlar vazirligining diplomatik xodimlari uchun to’rtta ko’p kvartirali uy qurilishini hamda ularning 2019 yilning oxiriga qadar foydalanishga topshirilishini ta’minlasin; 

mahalliy davlat hokimiyati organlari va xo’jalik birlashmalari rahbarlari uchun xorijiy sheriklar bilan muzokara jarayonini, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlik taqdimotini tashkil etish masalalari bo’yicha hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning boshqa masalalari bo’yicha, shu jumladan, joylarga borish orqali seminar 
va treninglar o’tkazilishini tashkil qilsin. 

12. “Ipoteka-bank” ATIB, “Asaka-bank” ATB, “O’zsanoatqurilishbank” ATBga O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko’p kvartirali uylarni qurish va rekonstruktsiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 2016 yil 22 noyabrdagi PQ-2660-sonli va “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko’p kvartirali uylarni qurish va rekonstruktsiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi 2017 yil 23 oktyabrdagi PQ-3350-sonli qarorlarida nazarda tutilgan shartlar asosida elchilar va Tashqi ishlar vazirligi diplomatik xodimlari uy-joy hamda ko’p kvartirali uylarda kvartira sotib olishi uchun imtiyozli ipoteka kreditlari ajratish tavsiya etilsin. 

13. Tashqi ishlar vazirligi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda: 

a) bir haftalik muddatda Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlarni, shuningdek, O’zbekiston Respublikasining diplomatik xizmat organlarini rivojlantirish jamg’armasi Nizomini tasdiqlashni nazarda tutadigan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin; 

b) ikki oy muddatda: 

qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin; 

o’zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur Farmonga muvofiqlashtirsin. 

14. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini takomillashtirish to’g’risida”gi 1994 yil 25 fevraldagi PF-769-sonli Farmoni o’z kuchini yo’qotgan deb hisoblansin. 

15. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi kotibi V. V. Maxmudov, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o’rinbosari B. M. Mavlonov va O’zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A. X. Kamilov zimmasiga yuklansin. 

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti                                          SH. MIRZIYOEV 
Toshkent shahri, 2018 yil 5 aprel 

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?