Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan jamg'arma bugun 2 yoshda. U qanday natijalarga erishdi?

19:26 27 Iyun 2020 Jamiyat
340 0

Joriy yilning 27-iyun kuni “Yoshlar press klubi”da Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar-kelajagimiz” jamgʻarmasining 2 yillik faoliyatiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.

Unda “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi ijro etuvchi direktori Xayrulla Sattarov, jamgʻarma hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi ijro etuvchi direktori Xayrulla Sattarov yosh tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillariga jamgʻarma tomonidan 2 yil mobaynida amlga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi. Shuningdek jamgʻarma tomonidan keligusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarga ham toʻxtalib oʻtdi.

Anjumanda qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida bugungi kunga qadar yosh tadbirkorlarning 7 690 ta biznes loyihalariga jami 1 trln. 614 mlrd. soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻlari ajratish orqali 39 577 ta yangi ish oʻrni yaratilishiga erishilgan.

Shu bilan birgalikda, Davlat dasturi doirasida yoshlarning umumiy qiymati 30,4 mlrd. soʻmlik loyihalariga Jamgʻarma kafilligi taqdim etilib, ularning tadbirkorlik faoliyatini boshlashlariga koʻmaklashilgan.

Jamgʻarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar tom maʼnoda yoshlar bandligi va tadbirkorligini rivojlantirish uchun turtki boʻla oladi desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Davlat dasturi doirasida kredit olib oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻygan yosh tadbirkorlar tomonidan 1,5 mln. AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlar eksport qilingan.

Oʻtgan davrda, Jamgʻarma tomonidan yoshlarning biznes loyihalarini nafaqat “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi orqali balki, “Har bir oila – tadbirkor”, hunarmadchilikni rivojlantirish, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash kabi boshqa dasturlar orqali ham moliyalashtirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilganligi natijasida 1 134 nafar yoshlarning 54,7 mlrd. soʻmlik loyihalarini moliyalashtirishga koʻmaklashildi.

Shu bilan birgalikda, Respublika miqyosida 25 ta “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi hamda 157 ta “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari qurilib foydalanishga topshirilib, ularda jami 1 787 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishiga erishildi.

Mazkur komplekslarda 70 ta savdo doʻkoni, 65 ta tikuv sexi, 58 ta ayollar va erkaklar saloni, 39 ta avtoservis, 35 ta novvoyxona va qandolat sexi, 22 ta umumiy ovqatlanish shahobchasi, 19 ta hunarmandchilik ustaxonasi, 14 ta oʻquv markazi, 8 tadan “Book cafe”, kitob doʻkoni, telefon tuzatish ustaxonasi, kompyuter xizmati, foto studiya, dorixona va boshqalar tashkil etildi.

Joylarda “Tadbirkorlik sirlari”, “Biznes reja tuzish”, “Tadbirkorlik subyektini davlat roʻyxatidan oʻtkazish”, “Kredit va soliq siyosati” kabi mavzularda 3 894 ta biznes seminarlar tashkil etilib, ular orqali 198 216 nafar yoshlar qamrab olindi.

Eslatib oʻtamiz, jamharma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq tashkil etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?