Prezident tabrigi: Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga

14:24 27 Iyun 2019 Jamiyat
582 0

Qadrli doʻstlar! Avvalo sizni kasb bayramlaringiz - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Sizlarga oʻzimning samimiy hurmatim, ezgu tilaklarimni bildirib, mashaqqatli va olijanob faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Barchaga yaxshi maʼlumki, matbuot va ommaviy axborot vositalari ishi hamma tomonlama ham ogʻir va masʼuliyatlidir. Mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtarilayotgan, ochiqlik va oshkoralik, soʻz va fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanib borayotgan hozirgi paytda bu masʼuliyat yanada kuchaymoqda.

Bugungi kunda dunyo shiddat bilan oʻzgarmoqda. Barcha sohalarda axborot olish va uni yetkazish, taʼsirchan jamoatchilik fikrini shakllantirish zaruratga aylangan. Bunday murakkab sharoitda hayot yangidan-yangi talab va vazifalarni oldimizga qoʻymoqda.

Shularning barchasini hisobga olib, mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Keyingi paytlarda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida hayotimizdagi ijobiy oʻzgarishlar tahlili oshib borayotgani alohida eʼtiborlidir. Chunki bunday tendensiya islohotlarimiz samaralarini oshirishga, jamoatchilik nazoratini, fuqarolarimizning ijtimoiy faolligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, barcha darajadagi rahbar mutasaddilar zamon talablari bilan hisoblashgan holda ishlashiga toʻgʻri keladi. Oʻzining bilim va salohiyatiga, ishchanlik fazilatlariga ishongan rahbar, tanqiddan qoʻrqmay, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni xalq bilan muloqotning samarali vositasi deb biladi. Aslida bunday muloqot, taraqqiyotimizni taʼminlaydigan eng asosiy omillardan biridir.

Ayni vaqtda barchamiz bir haqiqatni unutmasligimiz zarur. Axborot maydonidagi turli bahs va tortishuvlar, avvalo haqqoniylik va xolislik tamoyillariga asoslanishi, qonun doirasida boʻlishi, shaxsiy xusumatga, soxta obroʻ orttirish vositasiga aylanib ketmasligi, inson shaxsi va shaʼnini tahqirlashdan yiroq boʻlishi, bunday salbiy holatlarga bizning mediamaydonimizda oʻrin boʻlmasligi kerak.

Hayotimizdagi bugungi ulkan oʻzgarishlar, islohotlarimiz mantigʻi barchadan yangicha ishlashni, yangi gʻoya va tashabbuslar bilan maydonga chiqishni talab etmoqda. Shu maʼnoda, ommaviy axborot vositalarining moddiy-texnik bazasini, kadrlar salohiyatni mustahkamlash, milliy matbuotimiz xalqaro maydonda munosib oʻrin egallashiga erishish, internet jurnalistikasini rivojlantirish, noshirlik ishi, kitob savdosi, obuna masalalarida bozor mexanizmlarini keng joriy etish, ochiqlik va sogʻlom raqobat muhitida ishlashni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻp ishlashimiz kerak.

Oʻz navbatida biz ommaviy axborot vositalarining erkinliklarini mustahkamlash, jurnalistlarning mashaqqatli mehnatini munosib baholash va ragʻbatlantirish borasida olib borayotgan ishlarimizni ham izchil davom ettiramiz.

Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?