Prezident Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo viloyatiga tashrifi (Fotoreportaj)

16:27 13 Aprel 2018 Siyosat
1712 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 aprel kuni Sirdaryo viloyatiga keldi

Davlatimiz rahbari Mirzaobod tumanidagi “Bek klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxona tomonidan tashkil etilgan zamonaviy issiqxona bilan tanishdi. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligida klaster usuli keng joriy etilmoqda. “Bek klaster” korxonasi shu yo‘nalishdagi yirik sub’ektlardan bo‘lib, unga Sirdaryo viloyatidan 18 ming gektar yer ajratilgan.

Mazkur ko‘p tarmoqli klaster tomonidan Mirzaobod tumanida 100 gektar maydonda issiqxona tashkil etilgan. Bu yerda yiliga 25 million dollarlik mahsulot yetishtirish, ularni 100 foiz eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan. 

 Prezident qishloq xo‘jaligi texnikalarini ham ko‘zdan kechirdi.

Mirzaobod tumanida Sirdaryo viloyati iqtisodiyotini rivojlantirishga doir loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev “Social web solution” dasturiga alohida e’tibor qaratdi. Bu dastur elektron savdoni kengaytirish, internet orqali ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish borasida aholiga ko‘plab qulayliklar yaratadi. 
 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Guliston shahrining Toshkent ko‘chasida amalga oshirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.

Ushbu ko‘cha zamonaviy talablar asosida qayta qurilib, qatnovlar o‘rtasida xavfsizlik to‘siqlari, energiyatejamkor yoritgichlar o‘rnatilgan. Ikki yonda yashil hudud barpo etilib, gullar va manzarali daraxtlar ekilgan. Piyodalar va velosipedlar uchun yo‘laklar tashkil qilingan. 
Prezident qurilish sifati va transportlar harakatiga qulayliklarni oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi. “Yo‘l qurilishiga shuncha pul ajratayapmiz. Lekin yo‘llarimizning sifati yo‘q, desak adolatdan bo‘ladi. Bu sohada qurilish hajmi, yo‘l uzunligi ortidan quvmay, avvalo sifatga e’tibor berish kerak. Bir kilometr bo‘lsayam, sifatli quringlar. O‘nlab yillar xalqimizga xizmat qilsin, odamlar rozi bo‘lsin” dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev Guliston shahridagi suv sportiga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar maktabida qurilgan yopiq suzish havzasini borib ko‘rdi. Bu maskan suzish va suvga sakrash mashqlari uchun mo‘ljallangan. Havzada tashkil etilgan 15 o‘quv mashg‘ulot guruhiga 170 dan ortiq o‘g‘il-qiz jalb qilingan.

Prezident sport majmualari bolalar uchun qulay va xavfsiz bo‘lishi zarurligini ta’kidladi. Shu jihatdan majmuadagi shart-sharoitlarni yaxshilash, ventilyatsiya, suv tozalash va isitish tizimlarini qayta ko‘rib chiqish, bunday loyihalarni jahon tajribasi asosida takomillashtirish bo‘yicha tavsilar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Guliston shahrining Alisher Navoiy nomidagi Bilimdonlar markazida bir guruh ijodkorlar bilan muloqot qildi.
Barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan imkoniyatlar, odamlar turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar mohiyati haqida so‘z bordi.

Ijodkorlar Prezidentimizning “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ularga katta mamnuniyat, ishonch va ruh bag‘ishlaganini ta’kidlashdi.

Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo viloyatiga tashrifi davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?