Prezident Shavkat Mirziyoyev “Vahat al-Karama” yodgorligida boʻldi

14:12 25 Mart 2019 Siyosat
327 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifining asosiy tadbirlari boshlandi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari, taomilga koʻra, dastlab Abu-Dabi shahridagi Shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon maqbarasi hamda masjidini ziyorat qildi.

Shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon Birlashgan Arab Amirliklarining birinchi Prezidenti boʻlgan. U 2004 yili oʻzi qurdirgan mazkur masjid yonida dafn etilgan. Bugungi kunda ushbu masjid va maqbara mamlakat aholisi uchun tabarruk maskanga, xorijiy delegatsiyalar rahbarlari tashrif buyuradigan majmuaga aylangan.

Bu masjid dunyodagi eng katta masjidlardan biri boʻlib, qurilish ishlari 1996 yildan 2007 yilgacha davom etgan. Unda bir vaqtning oʻzida 40 ming kishi namoz oʻqishi mumkin.

 

Majmuaga tashrif asnosida Shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon ruhiga Qurʼon tilovat qilindi.

Prezidentimizga masjidning qurilish tarixi, oʻziga xos xususiyatlari, sayyohlar va ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar haqida soʻzlab berildi.

Shavkat Mirziyoyev maqbaraning Ziyoratchilar kitobida dastxat qoldirdi.

 

Davlatimiz rahbari “Vahat al-Karama” yodgorligiga gulchambar qoʻydi.

“Qadr-qimmat vohasi” maʼnosini anglatuvchi ushbu memorial Birlashgan Arab Amirliklari ozodligi va birdamligi uchun qurbon boʻlganlar sharafiga bunyod etilgan. Yodgorlik bir-biriga tayanib turgan 31 blokdan iborat boʻlib, rahbarlar, harbiylar va fuqarolar oʻrtasidagi oʻzaro hamjihatlik va qoʻllab-quvvatlash ramzi hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari yodgorlikning Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat qoldirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?