“Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekiston tashqi siyosatida yuksalish roʻy bermoqda”

11:30 29 Yanvar 2019 Siyosat
1038 0

Iqtisodiyot va moliya boʻyicha nufuzli “El Mundo Financiero.com” (Ispaniya) xalqaro jurnalida shunday sarlavhali maqola eʼlon qilindi. Uning muallifi qirol Xuan Karlos nomidagi universitet professori Karlos Uriartedir. Olimning qayd etishicha, Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik lavozimiga kirishganidan soʻng Oʻzbekistonda mamlakatni faol rivojlantirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, tashqi siyosatda ham tub ijobiy oʻzgarishlar kuzatilyapti. K. Uriartening aytishicha, Oʻzbekiston qoʻshnilar bilan munosabatlarda yangi yoʻnalish tashabbusi bilan chiqdi. Tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik, hamkorlik va mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash uning ­asosini tashkil etadi.

Oʻzbekiston yetakchisining 2018 yilda AQSH va Fransiya hamda boshqa davlatlarga amalga oshirgan tashriflari uning nafaqat yaqin ­xorijdagi, balki gʻarbdagi yirik iqtisodiy ilgʻor mamlakatlar bilan ham ikki ­tomonlama sheriklikni ­kengaytirish istagi borligidan dalolat beradi.

Oʻtgan yil iyun oyida Shavkat Mirziyoyev SHHT sammiti doirasida XXR Raisi Si Szinpin bilan uchrashdi. 2018 yilning 30 sentyabr — 1 oktyabr kunlari Oʻzbekiston Prezidenti ­Hindistonga davlat tashrifi bilan bordi. Oktyabr oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Oʻzbekistonga keldi. Binobarin, ­muallif oʻtgan yillardagi muhim ­voqealarni sanab oʻtadi.

Ekspertning fikricha, Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 9 iyun kuni ­Ostonada boʻlib oʻtgan SHHT sammitidagi ishtiroki ­doirasida Ispaniya Qiroli Filipp VI bilan uchrashuvi ikki tomonlama aloqalar ravnaqiga xizmat qildi.

Oxirgi uch yilda Oʻzbe­kiston xalqaro maydonda alohida eʼtirofga sazovor boʻldi. Karlos Uriarte ­AQSHning Oʻzbekistonni “alohida xavotir uygʻotadigan davlatlar roʻyxati”dan chiqarish toʻgʻrisidagi qarorini muhim muvaffaqiyatlardan biri sifatida eʼtirof etgan. Oʻz navbatida, diniy erkinlik sohasida erishilgan yutuqlar ham taʼkidlab oʻtilgan. “Oʻzbekiston faoliyat koʻrsatish, integratsiya qilish va hamjihatlik borasida namuna boʻladigan koʻp millatli va koʻp konfessiyali respublikadir”, deya urgʻu beradi muallif.

Shavkat Mirziyoyevning yangi siyosati dunyo kun tartibiga ijobiy gʻoyalar olib kirganini taʼkidlaydi ­muallif. Ular muvaffa­qiyatli amalga oshirilyapti.

Jumladan, 2018 yil 27 noyabr kuni BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp sheriklik trast fondi taqdimoti boʻlib oʻtdi. U Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yaratildi.

Orol dengizi dunyoda kattaligi boʻyicha qachonlardir toʻrtinchi oʻrinda turardi. Biroq sobiq ittifoq davrida suv resurslaridan ­nooqilona foydalanish oqibatida suv hajmi 80 foizdan ziyodga kamayib ketdi. Natijada bu mintaqada ekologik halokat va ijtimoiy muammolarga olib keldi.

Oʻzbekiston nafaqat oʻzi oʻrnak boʻlgan va ­tashabbus koʻrsatgan holatda koʻplab moliyaviy resurslarni taqdim etdi, balki BMTga aʼzo boshqa davlatlarni global ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatish yoʻlida birlashish hamda unda ishtirok etishga chaqirdi.

2018 yil 12 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilindi. Bu ham Oʻzbekiston yetakchisi tomonidan ilgari surilgan tashabbusning amaliy natijasidir. ­Ellikdan ziyod davlatlar mazkur rezolyutsiyaning hammuallifi boʻldi. Uni BMTga aʼzo ­barcha mamlakatlar bir ovozdan qoʻllab-quvvatladi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning tinchlik, oʻzaro hurmat, bagʻrikenglik va integratsiyani ilgari surishga qaratilgan tashabbuslarining xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishidir. Binobarin, bundan koʻzlangan maqsad ­diniy erkinlikni taʼminlash, bu ­boradagi huquqlarni himoya qilishdir.

“Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni ­mustahkamlash” rezolyutsiyasining qabul qilinishi Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan Markaziy Osiyodagi ijobiy jarayonlarning ­xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirofiga ­aylandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari boʻlganiga qariyb ikki yildan ortiq vaqt ­oʻtganiga qaramasdan, ham milliy, ham xalqaro munosabatlar sohasida muhim islohotlar roʻyobga chiqarildi, deya toʻxtalib oʻtadi muallif. Professor Karlos Uriarte Ispaniya va Oʻzbekiston hamkorlikni faollashtirishiga umid bildiradi. Bu esa Ispaniyada navqiron, barqaror va toʻliq imkoniyatlarga ega mamlakat elchixonasi ochilishiga xizmat qiladi.

Saidjon MAXSUMOV (“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?