Prezident Shavkat Mirziyoyev Navroʻz bayrami tantanalarida ishtirok etdi

15:26 21 Mart 2019 Siyosat
486 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati.

Shu kunlarda mamlakatimizda Navroʻz umumxalq bayrami keng nishonlanmoqda. Toshkent shahridagi tantanali tadbir 21 mart kuni “Humo Arena” majmuasida boʻlib oʻtdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.

Majmua atrofi bayramona bezatilgan. Navroʻzga xos anʼanalarimiz, xalq amaliy sanʼati koʻrgazmasi va dor oʻyinlari tashkil etilgan. Soʻrilardagi dasturxonlarga bahoriy taomlar tortilgan.

Karnay-surnay sadolari yangrab, bayram boshlanayotganidan darak berdi.

Tantana ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qarsaklar bilan kutib oldi.

Davlatimiz rahbari barchani Navroʻz bayrami bilan tabrikladi.

— Mana shunday fayzli, shodiyona ayyomda barcha shahar va tumanlarda, qishloq va ovullarda Navroʻz saylini oʻtkazayotgan barcha-barcha yurtdoshlarimizga yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman. Hayotingiz bahor tongidek tiniq, baxtli va farovon boʻlsin! Sharqona Yangi yilimiz — Navroʻzi olamning qadami qutlugʻ va barakali kelsin, — dedi davlatimiz rahbari.

Bayram shoʻx-shodon qoʻshiqlar, raqslar bilan davom etdi. Sahnada mamlakatimizning har bir hududi anʼanalari, oʻziga xos sanʼati, xalq oʻyinlari ifodalandi. Folklor-etnografik jamoalar dehqonchilikka baraka tilab, Navroʻz, tabiat, mehr-oqibat haqida qoʻshiqlar aytdi. Estrada xonandalarining chiqishlari, bolakaylarning oʻyin-kulgilari barchaga zavq-shavq ulashdi.

Sahna ortidagi yirik monitorlarda yurtimiz tabiati, xalqimizning farovon hayoti, keyingi yillardagi bunyodkorlik ishlari namoyish etildi.

Xalqimiz bu yilgi Navroʻzni ham ulkan yutuqlar bilan kutib oldi. Yuzlab uy-joylar, zamonaviy korxonalar, madaniyat va sport saroylari qurildi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi, transport, turizm va boshqa sohalarda strategik loyihalar amalga oshirildi. Iqtisodiyotni barqaror qilishga qaratilgan saʼy-harakatlar natijasida oʻtgan yili aholining real umumiy daromadlari 2017 yildagiga nisbatan 12 foiz oshdi.

Ochiq va amaliy, faol tashqi siyosat olib borilayotgani tufayli mamlakatimizning xalqaro obroʻsi ortdi. Qariyb yigirmata davlatlararo rasmiy tashriflar amalga oshirilib, juda muhim va istiqbolli kelishuvlarga erishildi. Qoʻshni mamlakatlar bilan oʻzaro ishonch va hamkorlik ruhidagi munosabatlar yanada mustahkamlandi.

Bu kabi oʻzgarishlar natijasini har bir oila, har bir jamoa oʻz hayoti misolida koʻrmoqda, sezmoqda. Bayramlarni shodu xurramlikda, tinchlik-xotirjamlikda kutib olmoqda.

Bayram tadbirida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, parlament va hukumat aʼzolari, turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Navroʻz sayillari Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, tuman, qishloq va ovullarda davom etmoqda.

 

 

 

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?