Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratmoqda

11:11 25 Aprel 2018 Siyosat
678 0
Foto: president.uz

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O’zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi va bo’lib o’tgan oliy darajadagi muzokaralar xorijiy ommaviy axborot vositalari tomonidan alohida e’tirof etilmoqda.

Mamlakatlarimiz ulkan tabiiy resurslarga egaligini hisobga olgan holda, Buyuk Britaniyaning nufuzli “Reuters” axborot agentligi o’quvchilari e’tiborini O’zbekistonning Turkmaniston — Afg’oniston — Pokiston — Hindiston gaz quvuri qurilishi loyihasida qatnashish haqidagi qaroriga qaratadi.

“O’zbekistonlik mutaxassislar Turkmanistonga borib, ushbu gaz quvurini qurishda O’zbekistonning ishtiroki masalalarini muhokama qilishlari kutilmoqda”, deyiladi “Reuters” tarqatgan maqolada.

Hindistonning markaziy gazetasi “The Hindustan Times” o’z materialida gaz quvurini qurish bo’yicha loyiha qiymati 8 — 10 milliard dollarga baholanayotganini bildirdi. Mazkur koridor bo’yicha yiliga 33 milliard kubometrgacha “zangori olov” Turkmanistondan Afg’oniston va Pokiston orqali Hindistonga eksport qilinishi mumkin.

Hozirgi vaqtda O’zbekiston turli mamlakatlarga tabiiy gaz eksport qilayotgani hamda gaz quvurlarini qurish va ulardan foydalanish bo’yicha katta tajribaga egaligi ham ta’kidlandi.

AQShning “Diplomat” jurnali Prezident Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatida yaxshi qo’shnichilik aloqalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotganini e’tirof etdi. O’zbek diplomatiyasi tomonidan amalga oshirilgan faol chora-tadbirlar natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratilib, davlatlar o’rtasidagi o’zaro do’stlik hamda ishonch rishtalari mustahkamlanayotganligiga ahamiyat qaratildi.

“So’nggi yillarda O’zbekiston — Turkmaniston aloqalari rivojiga salmoqli turtki berildi. 2017 yilning birinchi choragida mamlakatlar o’rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 55 foiz o’sdi. Tomonlar erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmasdan, savdo-iqtisodiy aloqalarni jadallashtirish va o’zaro sarmoyalar hajmini oshirish yo’llarini muhokama qilmoqdalar”, deya yoziladi nashrda.

“Prezidentlar strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, turli jabhalardagi aloqalarni rivojlantirish masalalarini ko’rib chiqdilar. Mintaqaviy hamda xalqaro muammolar bo’yicha ham fikr almashildi”, deyiladi Rossiyaning “Mir 24” telekanali orqali ko’rsatilgan maxsus reportajda. O’z navbatida, “Eurasia Daily” tahliliy portali ekspertlarining fikricha, Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedovning uchrashuvi butun dunyoga o’zbek — turkman hamjihatligi hamda do’stligini namoyish qilish uchun qulay imkoniyat yaratdi.

Xitoyning “Sinxua” yangiliklar agentligi Toshkentda “Ashxobod sayilgohi” ochilishi to’g’risida reportaj tarqatdi. “Uning ochilish marosimida ikki davlat rahbarlari qatnashdilar. Prezidentlar bog’da yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar va yaxshi qo’shnichilik aloqalarining ramzi sifatida ko’chat o’tqazdilar”, deb xabar beradi xitoylik jurnalistlar.

Ozarbayjonning “Trend” axborot agentligi muzokaralar yakuni bo’yicha tomonlar 17 ta hujjat imzolaganini ma’lum qildi. Shuningdek, ikki davlat tashqi ishlar mahkamalari 2019 yilga mo’ljallangan hamkorlik dasturi imzolaganini ham qayd etdi.

Anvar MIRZAYEV
(«Xalq so’zi») tayyorladi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?