Prezident Shavkat Mirziyoyev: “Klaster elga manfaat keltiradi, odamlarni ish bilan, daromad bilan taʼminlaydi. Eng katta maqsadimiz mana shu”

20:30 29 Mart 2019 Siyosat
464 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati.

Davlatimiz rahbari Romitan tumanidagi “BCT Cluster” xorijiy korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.

Qishloq xoʻjaligida klaster tizimini rivojlantirish borasidagi ishlar doirasida mazkur korxona uchun 8 ming gektar yer ajratilgan edi. 3 mingdan ziyod kishi ish bilan taʼminlanib, paxta yetishtirish va uni qayta ishlash yoʻlga qoʻyildi. Birgina 2018 yilda 20 ming tonnadan ziyod xom ashyo yetishtirilib, uni qayta ishlash natijasida 61,5 million dollarlik daromad olindi.

Eʼtiborlisi, korxonaga dastlab qariyb 75 million dollar investitsiya yoʻnaltirilgan edi. Yaʼni sarflangan mablagʻ bir yildayoq oʻzini salkam oqladi.

Yana bir jihati: shuncha paxta tola sifatida sotilganda 11,5 million dollar boʻlardi. Qayta ishlab, tayyor mahsulot sifatida sotilganda 50 million yoki qariyb 5 barobar koʻp qoʻshimcha qiymat yaratilgan.

— Mana, klasterlar qanday boʻlishi kerak. Tadbirkorda manfaatdorlik hissi, yangicha dunyoqarash boʻlsa, albatta natija qiladi. Iqtisodiyot ishlasa, ijtimoiy sohalarni ham “tortadi”. Klaster elga manfaat keltiradi, odamlarni ish bilan, daromad bilan taʼminlaydi. Eng katta maqsadimiz mana shu, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Umuman, klaster paxta xom ashyosi yetishtirish, uni qayta ishlab, tayyor mahsulotlargacha boʻlgan 8 ta loyihani oʻz ichiga oladi. Kalava ip va mato ishlab chiqarish, ularni boʻyash, tayyor kiyim tikish fabrikalari qurilishi davom etmoqda.

Shuningdek, yogʻ-moy zavodi, chorvachilik kompleksi va ozuqa ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish rejalashtirilgan.

 

 

 

 

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?