Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy davlatlar elchilarining ishonch yorliqlarini qabul qildi

15:37 06 Sentyabr 2018 Siyosat
413 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 sentyabr kuni Belarus Respublikasi, Malayziya hamda Turkmanistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Leonid Marinich, Xendi Assan va Yazgul Mammedovdan ishonch yorliqlarini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari elchilarni mamlakatimizda faoliyat boshlagani bilan samimiy tabriklab, ularga oʻz zimmasidagi sharafli va masʼuliyatli vazifani bajarishda ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunday tarixiy oʻzgarishlarning muhim natijalari barcha sohalar qatori tashqi siyosat sohasida ham yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Oʻzbekistonning ochiq va rivojlanayotgan davlat hamda ishonchli hamkor sifatidagi oʻrni va nufuzi tobora ortib, xalqaro maydonda uning yangi, demokratik qiyofasi namoyon boʻlmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash va strategik hamkorlikni yoʻlga qoʻyish natijasida mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllandi, oʻzaro ishonch kuchaydi. Davlatlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport, energetika, madaniyat va boshqa sohalarda aloqalar faollashdi. Bularning barchasi xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga, mintaqani izchil rivojlantirish, uning investitsion jozibadorligini oshirish, jahon iqtisodiiyotiga keng integratsiya qilishga xizmat qilmoqda. 

Oʻzbekistonning jahondagi koʻplab mamlakatlar, jumladan, yetakchi davlatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliyaviy-iqtisodiy tuzilmalar bilan aloqalari yangi, yuqori darajaga koʻtarilmoqda. Buning tasdigʻini bir yarim yil davomida 30 dan ortiq oliy darajadagi tashriflar amalga oshirilganida koʻrish mumkin.

Prezidentimiz oʻz nutqida yangi elchilar vakili boʻlgan davlatlar Oʻzbekistonning muhim hamkorlari hisoblanishini taʼkidlab, ular bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollariga toʻxtalib oʻtdi.

Oʻzbekiston va Belarus Respublikasini oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan anʼanaviy doʻstlik rishtalari bogʻlab keladi. Biz Belarus bilan har tomonlama va oʻzaro manfaatli amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga muhim ahamiyat qaratmoqdamiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona aloqalar yuksak darajaga koʻtarilmoqda. Bu tomonlarning samarali hamkorlik borasidagi qatʼiy intilishini, mintaqaviy va xalqaro siyosatga doir turli masalalar boʻyicha qarash va yondashuvlari oʻxshash yoki yaqin ekanini koʻrsatadi.

Joriy yilda tovar ayirboshlash hajmi salkam 4 barobar oshdi! Bunday natijalar ilgari hech qachon boʻlmagan, deya taʼkidladi Prezident.

Mashinasozlik, farmatsevtika, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi, turizm va boshqa turli sohalarda istiqbolli qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda, ishbilarmon doiralar va yetakchi korxonalarning biznes aloqalari mustahkamlanmoqda.

Shu yil aprel oyida Toshkentda oʻtkazilgan Belarus madaniyat va kino kunlari madaniy-gumanitar munosabatlarimiz tarixidagi yorqin voqea boʻldi. Avgust oyida esa Toshkent shahrida Belarus xalq shoiri Yakub Kolas xotirasiga haykal oʻrnatilib, markaziy koʻchalardan biriga uning nomi berildi.

Aminmanki, yaqin kunlarda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning Oʻzbekiston Respublikasiga amalga oshiradigan rasmiy tashrifi davlatlararo munosabatlarimiz tarixida yangi sahifa ochadi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mamlakatimizda elchi boʻlib ish boshlayotgan Leonid Marinich katta tajribasi va salohiyati bilan Oʻzbekiston bilan Belarus oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishiga ishonch bildirildi.

Oʻzbekiston Malayziyani Osiyo mintaqasidagi ishonchli va istiqbolli sherigi, deb biladi. Bu davlatning Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasidagi nufuzli oʻrni va rolini yuqori baholaydi.

Umumiy va mushtarak maʼnaviy qadriyatlar bilan bogʻlangan mamlakatlarimiz mintaqaviy va xalqaro siyosatning koʻplab dolzarb masalalari boʻyicha oʻzaro oʻxshash qarash va yondashuvlarga ega ekani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Malayziya bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratmoqda. Savdo, investitsiya, innovatsiya, energetika, transport va logistika, farmatsevtika, tibbiyot sohalarida qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdormiz. Bu borada Oʻzbekiston – Malayziya qoʻshma savdo qoʻmitasi faoliyati alohida ahamiyatga egadir. Hozirgi kunda turizm sohasi, jumladan, ziyorat turizmi boʻyicha hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan istiqbolli yoʻnalishlar ochilmoqda, dedi Prezident.

Oʻzbekistonda faoliyat boshlayotgan Xendi Assan tajribali va obroʻli diplomat sifatida mamlakatlarimiz munosabatlarini yanada rivojlantirishga butun kuch-gʻayrati va salohiyatini safarbar qilishi qayd etildi.

Turkmaniston – Oʻzbekistoning strategik hamkori, bizning eng yaqin va ishonchli qoʻshnimizdir, dedi Prezident. Hozirgi kunda mamlakatlarimiz hamkorligi oʻzaro hurmat va ishonch ruhida jadal rivojlanib bormoqda.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning yaqinda Oʻzbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda ulkan qadam boʻldi. Tashrif yakunlari boʻyicha erishilgan muhim kelishuvlar savdo va investitsiya, turizm, transport va tranzit, energetika sohalarida hamkorlikni kengaytirishga xizmat qildi.

Mamlakatlarimiz hududlari oʻrtasida tobora rivojlanayotgan aloqalarning imkoniyatlaridan keng foydalanish bizning istiqboldagi muhim vazifamizdir.

Turkmanistonning eng tajribali diplomatlaridan biri Yazgul Mammedovning Oʻzbekistondagi faoliyati har tomonlama samarali boʻladi, davlatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi, deb ishonamiz, dedi davlatimiz rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev soʻzining yakunida birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan davlatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi aloqalar yangi pogʻonaga olib chiqilishini, elchilarning diplomatik faoliyati samarali boʻlishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Hukumati va Tashqi ishlar vazirligi har tomonlama yordam koʻrsatishini taʼkidladi.

Oʻz navbatida, yangi tayinlangan elchilar samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga bor bilim va kuch-gʻayratini safarbar qilishini qayd etdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?