Prezident: “Sen noinsof, buzishdan oldin kallang bilan oʻylab koʻrmaysanmi?” Davlat rahbari “snos”lardagi zoʻravonliklar va hokimlar faoliyatini keskin tanqid qildi

09:24 04 Avgust 2019 Siyosat
789 0

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 2-avgust kuni kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan edi. Unda davlat rahbari soʻnggi kunlarda Fargʻona, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida buzish masalalari bilan bogʻliq shov-shuvli voqealarga oʻz munosabatini bildirib oʻtgan:

“Mening siyosatimga eng katta dushmanlik qilganlardan biri — Xorazm viloyati hokimi janob Ermanov. Ermanovga internetdagi izohlardan senga va senga oʻxshagan noinsoflaringga “tabrik” joʻnataman.

Urganch shahar hokimi [Shuhrat Abdullayev]ni jinoiy javobgarlikka tortamiz, desam, advokat boʻlib, bosh vazirimizga iltimos qilding. Mana, sening menga qilgan “doʻstliging”. Sen va mening siyosatim toʻgʻrisidagi bugun chiqqan izohlarni oʻqi.

Sen noinsof menga doʻst boʻlsang, buzish qoʻlingdan kelmas ekan, nima qilasan u yerni buzib? Mana, izohlarni oʻqi. Bosh vazir borganidan soʻng odamlar nima deb yozayapti? Sening surating yoʻq bu yerda. Bosh vazirniki turibdi va Prezidentning siyosatiga laʼnat aytishyapti.

Atrofingda oʻtirgan odamlaring bilan mana menga qilgan dushmanliklaring. Buzishdan oldin kallang bilan oʻylab koʻrmaysanmi, buzgandan foyda bormi yoki yoʻq? U noinsoflarga shuncha pul berdik 30-50 milliardlab, nima qilasan u pulni? Katta xolangning pulimi u moliya vazirligining puli? Yo Oʻzbekistonga oʻtkazib qoʻygan joying bormi?

Birovni ishdan olish, jinoiy javobgarlikka tortish kerak boʻlsa darrov advokatga aylanasizlar.

Bularni oʻqib men qanday kabinetimda tinch oʻtira olaman?”

Prezident Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumanida roʻy bergan noxush hodisa haqida ham toʻxtalib oʻtadi:

“Qashqadaryoning vallomati bor, Roʻziyev degan, 5 yil qishloq xoʻjaligi vaziri boʻlib ishlagan noinsof. DXX rahbari borganidan soʻng chiqqan izohlarni oʻqi. Bitta jinning qarindoshi bilan janjal qilib, mening siyosatimni butun dunyoga sharmanda qildi. Oʻzimni tumanim, u qilaman, bu qilaman, deysan. Bitta tuzukroq kadring yoʻq, yana Dehqonobodga tirmashasan. Mana, sening menga qilgan “doʻstliging”. Oʻzbekistondagi hozirgi oshkoralik, shaffoflikni taʼminlay, deb kechayu-kunduz yuritayotgan siyosatimga atrofingdagilar bilan qilgan “doʻstliging”.

Qoʻlingdan kelmas ekan, nima qilasan bir odamning tuppa-tuzuk turgan uyini buzib? Sen xulosa qil, uyingni birov kelib buzsa [nima qilasan]?

Noinsoflar, men sizlarning qay biringga buzgin, deb topshiriq berdim? Men sizlarga avvalo odamlarni rozi qilib, keyin janob Zokirov degan vazir bilan oʻtirib, loyiha qilib, bosh vazirga hisobot berib, keyin qilinglar, deb topshiriq berganman.

Mana, sening “doʻstliging”, janob Roʻziyev! Oʻzingni oʻsha tumanga hokim qilib yuboraman, aytib qoʻyay!”

Fargʻona viloyati Rishton tumanida amalga oshirilgan “snoslar” jarayonini ham keskin tanqid qildi:

“Mana, internet foydalanuvchilarining Rishton tumanidagi koʻchmas mulk buzilishlariga nisbatan izohlari. Men sizlarga tayyor pul berayapman, pulni “Obod qishloq” qilinglar, deb berayapman. Mana, sening menga “doʻstliging”, Gʻaniyev degan vallomat!

Mana, odamlar izohlarda yigʻlayapti, sening rasming yoʻq, Prezidentning rasmi bor. Sen noinsof borib, Ermanovga oʻxshab ahmoqlarcha “buza, buz” deysan. Buzishdan avval sen oʻz boshingni buz. Men seni shuning uchun tarbiya qilib yuruvdimmi? Qosh qoʻyaman deb koʻz chiqarib, butun Oʻzbekistonni [sharmanda qilayapsizlar].

Bolalar mehnati bor edi, endi u yoʻq boʻldi, endi butun internet Prezident topshiriq bergan, buzish, odamlarni norizo qilish bilan toʻlib toshdi.

Ey noinsof, Rishton boʻyicha ham senga pul berib aytdimki, Rishtonni yangilash kerak, biroq odamlarni rozi qilib qilish kerak, deb. Janob Gʻaniyev, tajribali hokim! Mayli, Ermanov kecha kelgan hokim, Roʻziyev ikkalang xiyonatchisan! Sizlar bilan katta-katta ishlarni amalga oshira olamizmi? Hech qachon oshira olmaymiz! Chunki sizlarga bir topshiriq berishga odam qoʻrqadi! Nega desangiz, saviyang yoʻq, biliming yoʻq, kitob ham oʻqimaysan, Prezidentning qarorini ham”.

... Shularning hammasini inobatga olib, bosh vazir [bu viloyatlarda] toʻrtta sektorning ishini oʻrganib, ularning masʼuliyati va javobgarligi boʻyicha menga qaror taklif qiladi. Toʻrtta sektor ishlamayapti.

Ikkinchidan, masʼuliyat va javobgarlikni his qilish yoʻq.

Uchinchidan, men [Prezidentligimning] birinchi kunidan takrorlab kelmoqdaman: odamlarni bugun rozi qilaylik, deb. Sizlar rozi qilish uyoqda tursin, qilgan ishing odamlarda norozilik uygʻotish boʻlmoqda.

Sizlarga oʻxshagan noinsoflar bilan ishlaganim uchun Oʻzbekistonni butun dunyoga sharmanda qilayapsizlar. Ermanov, Gʻaniyev, Roʻziyev va shunga oʻxshagan odamlar.

Agar miqdorini olsak, ikki yarim yilda tadbirkorlik uchun ajratgan pulimiz 30 yilda berilmagan. Buning natijasi iqtisodiyotda, odamlarning kayfiyatida, yalpi ishlab chiqarishda aks etishi kerak. Ajratgan kreditlarimizning 60 foizi hali iqtisodiyotda oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsata olgani yoʻq, janob [Moliya vaziri — Jamshid] Qoʻchqorov. Bu qip-qizil sening aybing!

Bu masalalar hali tinchigani yoʻq. Shuning uchun Aripov va Nizomiddinovga topshiriq: qaysi viloyat hokimini ishdan olish boʻyicha taklif berasizlar.

Men yana bir marta takrorlayman: bunday zoʻravonlik siyosati bilan biz uzoqqa bora olmaymiz. Agar zoʻravonlik siyosati foydali boʻlganida 30 yilda zoʻr boʻlib ketgan boʻlar edik.

Ermanovning qilgan qiligʻi, Roʻziyevning qilgan xiyonati — bu madaniyatsizlik.

Endi uchovi Internet orqali murojaat qilsin, Abdulla Negmatovich! Roʻziyev ham, Ermanov ham, Gʻaniyev ham — hammasi. Qanday qilib murojaat qilishini siz oʻzingiz ayting.

Butun elga aytsin: Oʻzbekistonni unday deb oʻylamanglar, men ahmoqlik qilganman, men xiyonat qilganman, deb. Millat emas, mamlakat emas, davlat emas, deb. Kerak boʻlsa oʻsha blogerlarni yigʻsin, blogerlarga oʻzlari hisobot berishsin”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?